2025 yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 13 mlrd dollarga yoki 21,8 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 30,9 mlrd dollar (+26,2 foiz), import hajmi esa 41,8 mlrd dollar (+18,7 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa qariyb 11 mlrd dollar.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (20,1 foiz), Rossiya (16,2) Qozog‘iston (6 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 11 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan faqatgina Janubiy Koreya (-13,5 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Qolgan 19 ta davlat bilan umumiy savdo hajmi sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, Shveytsariya (+101 foiz), BAA (+90,8 foiz), Afg‘oniston (+46,7 foiz), Niderlandiya (+45,2 foiz) va Hindiston (+35,4 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasida katta o‘sish qayd etilgan.
Eksport
Hisobot davrida 9,9 mlrd dollarlik (+49,4 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 32 foizini tashkil etadi. Oxirgi 2 oyda qimmatbaho metall eksporti amalga oshirilmagan.
Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,3 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,7 foiz), kimyoviy vositalar (6 foiz), turli xil tayyor buyumlar (5 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,5 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Eksport tovarlari tarkibiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yanvar-noyabr oylarida sabzavotlar va mevalar (+39,1 foiz), donli ekinlar (+41,8 foiz), sut mahsulotlari va qush tuxumlari (+47,5 foiz) sotuvida keskin o‘sish qayd etilgan. Go‘sht va go‘sht mahsulotlari (-77,9 foiz) eksportida pasayish kuzatilgan.


















