O‘zbekiston | 22:00 / 07.11.2019
18556
8 daqiqa o‘qiladi

«Non ishlab chiqaruvchilar hali to‘la quvvat bilan ishlamayapti». Mutaxassislar narx bilan bog‘liq vaziyatga izoh berishdi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan eng katta mavzulardan biri bu «buxanka» non narxi oshishi bo‘ldi. Dastlab, bug‘doy, un va non mahsulotlari narxi bozor tamoyillariga asosan erkin qo‘yib yuborilishi e'lon qilinganda hisobga-kitoblarga ko‘ra non narxi 1500 so‘m atrofida bo‘lishi bildirilgandi. Ammo taxminlar o‘zini oqlamadi va «buxanka» bahosi yana ko‘tarila boshladi. Bu holatning sabablarini o‘rganish, ko‘zda tutilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishish maqsadida tahririyatimizga soha ekspertlarini taklif qildik.

Suhbatdoshlarimiz Moliya vazirligi agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof-muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Mirzayev va Davlat statistika qo‘mitasi narxlar statitistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov bo‘lishdi.

– Buxanka non narxining bu qadar keskin oshishiga nima sabab bo‘ldi? Axir reja bo‘yicha narx 1450-1500 so‘m atrofida to‘xtashi kerak ediku?

To‘lqin Mirzayev, Moliya vazirligi agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof-muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i

To‘lqin Mirzayev: – Non narxi oshgani rost, ammo 2000-2500 so‘mga chiqib ketdi, degan gaplarga qo‘shilmayman. Narxning o‘rtacha diapazoni 1600-1700 so‘m atrofida turibdi. Bu ham baribir prognozlarga nisbatan baland narx. Bunday vaziyat yuzaga kelishiga bir necha omillar sabab bo‘ldi:

1. Eng asosiysi, hali non ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida haqiqiy raqobat muhiti shakllanib ulgurmadi, ishlab chiqaruvchilarning norasmiy tarzda hududiy bo‘linishi (bir ishlab chiqaruvchi cheklangan joyga mahsulot berishi) davom etyapti;

2. Non ishlab chiqaruvchilar o‘z quvvatining 50 foizidan ortiqrog‘idan foydalanishyapti, bu jihatdan eskicha tartibda ishlashyapti, sababi, ularga oldin un cheklangan miqdorda berilgan, istasalar ham to‘la quvvat bilan ishlay olishmagan. Ularning erkin tamoyillarga o‘tishi, mahsulot hajmini oshirishi va yangi bozorlar izlashi uchun vaqt kerak. Hozir shu o‘tish davri narxga ta'sir qildi;

3. Mavsumiy omil: agar non narxi erkinlashtirilishi bug‘doy o‘rimi mavsumiga to‘g‘ri kelganida, balki biz narx oshishini sezmasdik ham. Ammo bilamizki, kuz-qish mavsumida non iste'moli oshadi, talab ko‘payadi. Bundan tashqari, narx liberallashtiriluvi paxta terimi davriga to‘g‘ri kelib qoldi. Bu mavsumda esa aynan buxanka nonga talab keskin oshadi;

4. Un mahsulotlari bahosi erkinlashtirilishi arafasidagi ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar xavotirlar bilan unni zaxira qilib olishgandi. Ya'ni, imtiyozli narxda ko‘p miqdorda xarid qilib qo‘yishgandi. Ular ma'lum muddat o‘sha zaxiralarini ishlatishdi, non narxi barqaror turdi. Imtiyoz bilan olingan unni tugatishdi va real narxlarda xarid boshlashdi. O‘shanda yangi narxlarga duch kelib, o‘zlari ham non bahosini zaxirasi bilan oshirib yuborishdi.

Mana shu asosiy va boshqa kichik omillar non narxi mo‘ljalga nisbatan ko‘proq oshishiga sabab bo‘ldi. Holbuki nonning asosiy xomashyosi bo‘lgan un bo‘yicha zaxiralarimiz yetarli, hatto 2-3 oylik ortig‘i bilan bor. Ya'ni kelgusi yil o‘rim mavsumidan keyingi ikki oyga yetadigan zaxiramiz g‘amlangan. O‘tish davridagi narx o‘ynashidan xavotirlanishga o‘rin yo‘q, hammasi iziga tushib ketadi.

Muxtor Umarov, Davlat statistika qo‘mitasi narxlar statitistikasi boshqarmasi boshlig‘i

Muxtor Umarov: – To‘lqin akaning fikrlariga qo‘shilaman. O‘zbekistonning butun hududlaridagi narxlar muntazam monitoring qilib borilyapti. Birlamchi zarur oziq-ovqat mahsulotlari ichida eng katta tezlikda oshayotgani non narxi ekanligi aniq. Lekin bu yerda bir jihatni unutmaslik lozim – non narxi juda uzoq vaqt sun'iy tarzda pasaytirib kelingan. Hatto 2-3 yil davomida 650 so‘m darjasida saqlangan, bu payt oralig‘ida maoshlar, daromadlar va boshqa mahsulotlar narxlari ancha oshgan.

Endi eng muhim jihati, non narxi hozirgi kunda ham aksariyat joylarda 1500-1700 so‘m oralig‘ida turibdi. Bir-ikki lokal holatlar, ya'ni ma'lum vaqt oralig‘ida kichik do‘konlarda sotilgan narxlar nonning umumiy bahosini belgilay olmaydi. Respublikamiz hududidagi 200dan ortiq hududlarda – tuman va shaharlarning markaziy bozorlari, supermarketlaridagi narxlar barqaror. Ammo kichik do‘konlar ba'zan ikkinchi qo‘l bo‘ladi, ya'ni bevosita ishlab chiqaruvchidan olmaydi, keyin oz miqdorda sotadi, noni kamayayotgan paytda narxni oshiradi. Mana shunday paytda qisqa muddatli, keskin oshish holatlari kuzatilishi mumkin. Biroq bu holatlar umumiy mahsulot hajmining juda oz qismigina yuqori narxda taklif qilinganini anglatadi, xolos.

Yana bir jihatni unutmasligimiz shart – gap davlat standarti asosida, birinchi nav undan ishlab chiqarilgan qolipli buxanka narx to‘g‘risida ketmoqda. Ko‘p hollarda iste'molchilar bu nonni oliy nav undan ishlangan oq non bilan adashtirishadi. Aslida nisbatan qimmat buxanka nonlar oldin ham bo‘lgan, hozir ham bor.

To‘lqin Mirzayev: – Bir qo‘shimcha qilsam – Surxondaryo viloyatidan xabar kelgandi, unda non juda baland narxda sotilayotgani aytildi. Biz bevosita borib o‘rgandik. Ma'lum bo‘lishicha, ishlab chiqaruvchi tadbirkor buxanka non vaznini 1 kg qilib ishlab chiqarayotgan ekan. Ya'ni oddiy nonga nisbatan deyarli ikki barobar og‘ir. Tadbirkor aksincha iste'molchilarga arzon narx taklif qilayotgani ayon bo‘ldi. Muxtorjonning fikriga qo‘shilgan holda buxanka nonning ham turlari ko‘pligini eslatib qo‘ymoqchiman.

Qiziqarli ma'lumot: «O‘zstandart» agentligi tomonidan «buxanka» ishlab chiqarish istagidagi tadbirkorga bir qancha talablar qo‘yiladi. Ishlab chiqarish uchun maxsus sex tashkil etish, bug‘doy uni, tuz, xamirturush, o‘simlik moyini saqlash, xamir qorish, ishlab chiqarish — bijg‘ish yoki xamirni yetiltirish jarayoni, uni bo‘lish, pishirish uchun alohida va maxsus xonalar, tayyor mahsulotni saqlash uchun omborxona bo‘lishi lozim. Davlat standarti asosida ishlab chiqariluvchi «buxanka» non birinchi nav undan bo‘lishi va vazni 600 grammni tashkil qilishi kerak. Vazndagi o‘zgarishlar 3 foizgacha bo‘lishi mumkin, ya'ni saqlanish muddatiga ko‘ra 582-618 grammgacha bo‘lgan «buxanka» standart talablariga javob beradi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid