Jahon | 10:13 / 08.08.2025
10229
10 daqiqa o‘qiladi

Muddat tugayapti. Putinni qo‘rqita oladigan eng yomon ssenariy nima?

Putin faqat kuchi bilan tan oladigan lider sifatida tanilgan. Shu bois G‘arbning Rossiyaga ta’siri endi diplomatiya emas, balki real siyosatning so‘nggi chegaralari orqali namoyon bo‘lmoqda. Zamonaviy realizm qoidalari kuchga kuch bilan javob berishni talab qiladi. Xo‘sh, Tramp maxsus vakilining Putin bilan uchrashuvidan so‘ng vaziyat qanday o‘zgaradi? “Geosiyosat”da Progressiv islohotlar markazi ekspertlari Alouddin Komilov va Umrbek Yusupov mavzu xususida so‘z yuritadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Umrbek Yusupov: Uitkoffning shaxsiga e’tibor berilishi zarur. Kim u? Nima uchun aynan u? Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil, Ukraina–Rossiya masalasida ham maxsus vakil. Umuman olganda, arab davlatlari bilan muzokaralarda ham maxsus vakil sifatida ishtirok etadi. Riyodda ham aynan u faol, Uitkoff eski avlod vakillaridan hisoblanadi. Asli nyu yorklik, yahudiy oilasida tug‘ilgan deb e’tirof etiladi. Ularning do‘stligiga 40 yildan ortiq vaqt bo‘lgan. Tramp kabi Uitkoffda ham Rossiyaga iliq munosabat bor. Masalan, uning jyestidan (harakatidan) ham ko‘rish mumkin. Putin Uitkoffni juda yaxshi kutib oldi. Bu haqda Ushakov ham aytdi, juda ijobiy va konstruktiv uchrashuv bo‘ldi. Kirill Dmitriyev, maxsus vakil ham shunga o‘xshash fikrlarni bildirdi. Haqiqatan ham protokol bo‘yicha ham qo‘l siqishlar juda iliq bo‘ldi, sovuqqonlik yo‘q edi. Putin yoqtirmasa, odatda masofa saqlaydi, hech kimga yaqinlashmaydi, stolga o‘tirib, qo‘lini burchakka qo‘yadi yoki qo‘l berib salomlashmaydi.

Hozirgi kunda asosiy natija nimada? Mana, “Fogel va Vinnik operatsiyasi”, bu Uitkoffning oldingi tashrifidan keyin yuzaga kelgan operatsiya (fevral oyida Rossiya va AQSh o‘rtasida amalga oshirilgan mahbus almashinuvi doirasida Rossiya fuqarosi Aleksandr Vinnik AQShdan ozod qilinib, Rossiyaga qaytarildi. Buning evaziga Rossiyada noqonuniy ravishda saqlanayotgan amerikalik o‘qituvchi Mark Fogel AQShga olib kelindi).

Aleksandr Vinnik IT sohasidagi xodim, ya’ni kriptovalutalar sohasida firibgarlikda ayblangan rossiyalik tadbirkor evaziga o‘qituvchini ozod qilish bilan bog‘liq. Har bir tashrifdan nimadir chiqadi degan tendensiya shakllangan va albatta, natija bor. Eng qizig‘i, uch soatlik suhbat tugagach, men noodatiy narsalarga e’tibor berdim. Masalan, tarjimon bu safar ruslarning emas, Amerika tomonidan berilgan ayol tarjimon ishtirok etdi. Bu ham o‘ziga xos ko‘rsatkich. Bundan tashqari, tashrif ham darhol e’lon qilinmadi, ya’ni uchrashuv ehtimoli bor edi, lekin aniq ma’lumotlar berilmagandi. Trampning Putin bilan uchrashishi haqidagi ma’lumot ham ancha keyin chiqdi. Tramp dastlab Zelenskiy, Mark Rutte, Keir Starmer, Fridrix Mers kabi Yevropa liderlari bilan gaplashib oldi va ular katta natijaga erishilganini aytishdi.

Asosiy natijalarga e’tibor qarataylik. Birinchidan, buni hech kim inkor eta olmaydi, muloqot bor. Muloqot buzilmadi. Dialog ikki tomonlama shaklda anchadan beri davom etmoqda.

Uchrashuv natijasiz yakunlandi deyish Moskva yoki Vashington manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi. Hozir “ichimdagini top” qabilida, ya’ni zo‘r natijalarga erishdik, tez orada bilib olasizlar, hatto uchrashuvga ham kelishib oldik deyishmoqda. Lekin Amerika Qo‘shma Shtatlari administratsiyasi protokol xizmatiga ko‘ra bu tashrifni qisqa vaqt ichida tashkil qilish juda qiyin. Sababi, odatda bunday uchrashuv kamida olti oy oldin rejalashtiriladi, ba’zan esa bir yil oldin. Favqulodda uchrashuvlar formati ham bor, ammo hatto unga ham ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. BMT Xavfsizlik Kengashida favqulodda uchrashuvlar asosan vakillar orqali bo‘lib o‘tadi. Favqulodda holatda vakilning o‘zi yetarli hisoblanadi. Menimcha, katta natijalar bo‘lmaydi, Putin aniq argumentlar va kuchni tan oladigan odam.

Alouddin Komilov: Umuman olganda, bu uchrashuvni o‘ziga xos diplomatik harakat sifatida baholash mumkin, ayniqsa bu AQSh prezidenti Donald Tramp uslubiga mos keladi. Ma’lumki, Stiv Uitkoff Donald Trampning yaqin do‘stlaridan biri sanaladi. Ular bir necha yillar davomida birga faoliyat yuritib, hamkorlik qilgan.

Shu bois men bu uchrashuvga ortiqcha ahamiyat bermagan bo‘lardim. Nega deganda, bu uchrashuv orqali asosan AQSh tomonidan ma’lum bir xabarlar yetkazilgan deb hisoblayman. Shu bilan birga Moskvaning kayfiyati va Rossiyaning “qizil chiziqlari”ni o‘rganishga doir fikr almashilgan bo‘lishi mumkin degan taxmin bor.

Uchrashuv uch soatdan ortiq davom etgani aytilmoqda, biroq uning tafsilotlari hanuz rasman oshkor qilinmagan. Bu ham diplomatiyaning o‘ziga xos shakllaridan biri desak bo‘ladi. Ayniqsa, kuchli avtoritar tendensiyalarga ega davlatlar, xususan, Vladimir Putin rahbarligidagi Rossiya ko‘pincha maxfiylikni afzal ko‘radi. Shu bois bu uchrashuvning batafsil tafsilotlari yaqin orada ommaga ma’lum qilinmasligi mumkin. Xulosa qilib aytganda, bu uchrashuv Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelgusi uchrashuv uchun muayyan tayyorgarlik bosqichi sifatida ham qaralishi mumkin.

Putinni qo‘rqita oladigan eng yomon ssenariy nima?

Umrbek Yusupov: Gap shundaki, Putin kuchni tan oladigan lider sifatida tanilgan. Masalan, zamonaviy realizm maktabining asoschilaridan biri bo‘lgan Hans Morgentauning mashhur fikrida aytiladi: “Power can be limited by adequate power, but nothing else”, ya’ni kuch faqat unga teng yoki undan katta kuch bilan jilovlanadi, boshqa vosita bilan emas. Bu yondashuv bugungi vaziyatga to‘g‘ri keladi: Rossiyani jilovlash yoki uni biror narsaga ko‘ndirish uchun chuqur va jiddiy o‘zgarishlar, hatto tektonik siljishlar talab etiladi. Bunday omillarni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin: ichki va tashqi.

1. Ichki omillar

Ichki beqarorlik Rossiya uchun eng xavfli omillardan biri. Masalan, Kavkazdagi noroziliklar, kutilmaganda paydo bo‘ladigan qurolli qarshiliklar (Prigojin misolida ko‘ringanidek), frontdagi kutilmagan mag‘lubiyatlar yoki ichki siyosiy muxolifatning jonlanishi, bularning barchasi Putinni xavotirga soluvchi omillardir. Navalniyga o‘xshagan kuchlar, xalq orasida charchoq va norozilik kayfiyatining ortishi, G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlovchi tashqi demokratik institutlarning ta’siri ham muhim rol o‘ynaydi. Hatto ommaviy norozilik namoyishlari, migrantlar kayfiyatidagi o‘zgarishlar ham kuch bilan bostirilayotgani bu hukumatning ichki tahdidlardan cho‘chiyotganidan dalolat. Bu bevosita tan olinmasa ham, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ushbu tahlikani inkor etmaydi. Bugungi kunda G‘arb ilgari bo‘lgani kabi “yumshoq kuch” orqali Rossiyaga bevosita ta’sir qila olmaydi, biroq baribir qaysidir shaklda bosim o‘tkazish imkoniyati mavjud. Bu imkoniyatning o‘zi ham Moskva elitasini sergaklantiradi.

2. Tashqi omillar

Tashqi tahdidlar ham jiddiy omillardandir. Xususan: Ukrainaga harbiy va iqtisodiy yordamning oshirilishi, strategik qurollarning yetkazib berilishi, G‘arb mamlakatlarining mudofaa xarajatlarini keskin oshirishi – yalpi ichki mahsulotdan NATOni moliyalashtirishning 3 foizdan 5 foizgacha ko‘tarilishi, NATO kuchlarining Rossiya chegaralariga yaqin hududlarda joylashuvi. Bu harakatlar Rossiya uchun aniq signal hisoblanadi. Ayniqsa, Ukrainani NATOga qabul qilish haqidagi ochiq bayonotlar bo‘lmasa-da, shunga yaqin pozitsiyalarning kuchayishi Putinni xavotirga soladi.

Iqtisodiy choralar

Ko‘pchilik sanksiyalar ta’sirini endi jiddiy deb hisoblamayapti, chunki Rossiya sanksiyalar sharoitiga moslashgan, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, Xitoy va Hindiston bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirgan. Ammo bu yuzaki qarash bo‘lishi mumkin. Aslida sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga misli ko‘rilmagan talafot yetkazdi va buni ular o‘zlari ham tan olmoqda. Ular buni “bizni o‘ldirmagan narsa kuchaytiradi” degan prinsip asosida ijobiy talqin etishga harakat qilishmoqda. Lekin sanksiyalarning davom etishi va yangilarining qabul qilinishi ehtimoli ulkan xavotir uyg‘otadi. Ayniqsa bu choralar Tramp administratsiyasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqidagi ehtimollar Rossiyada favqulodda yig‘ilishlar, strategik qarorlar muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Ya’ni tashqi tazyiq, xususan, moliyaviy va iqtisodiy bosim Rossiyaga bevosita ta’sir qiladi. Va bu Putinni o‘ylantiradi, xavotirga soladi. Bu haqiqatni inkor qilish mantiqdan yiroq bo‘ladi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platormasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid