Jahon | 17:56 / 27.07.2025
24269
14 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada siyosiy inqiroz. Nega bunday bo‘ldi va buyog‘iga nima bo‘ladi?

Kiyevdagi uch suhbatdosh – Zelenskiy ofisiga yaqin manba, sotsiolog hamda mustaqil jurnalistning izohlari.

Arsen Dzodzaiev / Global Images Ukraine / Getty Images

Ukrainada siyosiy inqiroz yuzaga keldi. 22 iyul kuni Volodimir Zelenskiy Milliy aksilkorrupsiya byurosi (NABU) hamda Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturani (SAP) mustaqillikdan mahrum etdi. Endi ular Ukraina prezidenti tayinlaydigan bosh prokurorga bo‘ysunishi kerak. Zelenskiyning qarori mamlakatda 2022 yil fevralidan beri birinchi ommaviy noroziliklarga – G‘arbda esa juda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Oradan ikki kun o‘tib, Zelenskiy ortga chekindi va korrupsiyaga qarshi kurash idoralariga mustaqillikni qaytarishga va’da berdi. Meduza Ukraina prezidenti ofisidagilar sodir bo‘layotgan voqealarga qanday munosabatda ekani, shuningdek, sotsiolog Vladimir Paniotto va ismini oshkor qilishni istamagan ukrainalik jurnalist inqiroz sabablari va uni hal qilish variantlari haqida nimalarni o‘ylayotganini keltiradi.

«Agar ular qonunni qaytarib olmasa, prezident bu avlodni boy beradi»

Ko‘p yillardan beri mamlakat ichki siyosatini yoritib kelayotgan va norozilik namoyishlarida qatnashgan ukrainalik jurnalist

Bu Volodimir Zelenskiy kadensiyasi (boshqaruv davri) boshlanganidan beri eng ommaviy norozilik namoyishlaridir. Men bunaqasini eslolmayman. Aksiyalar Ukrainaning barcha yirik shaharlarida: Kiyev, Chernihiv, Xarkiv, Dnipro, Lviv, Ujgorodda bo‘lib o‘tdi... Chorshanba kuni har bir oblast markazida miting uyushtirildi. Aynan NABU va SAP turtki bo‘lgani mutlaqo tabiiy. Ba’zi so‘rovlar Ukrainadagi korrupsiyani urushdan ham kattaroq muammo deb hisoblashlarini ko‘rsatmoqda. O‘ylaymanki, hokimiyat bu [korrupsiya] masala qanchalik dolzarb ekanini yetarlicha baholamagan.

Shu bilan birga, so‘rovlar boshqa barcha huquqni muhofaza qilish organlariga bo‘lgani kabi NABU va SAPga ham ishonchsizlikni ko‘rsatmoqda. Ukrainaliklarning 62 foizi NABUga ishonmaydi. Zelenskiyning idorasidagilar korrupsiyaga qarshi organlarni nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilar ekan, [ularga] bunday ishonchsizlik holatida, ular uchun hech kim [ko‘chaga chiqmaydi] deb o‘ylagan bo‘lishi ham mumkin.

Umuman olganda, hozir hokimiyat vakillari va qonun uchun ovoz bergan deputatlar aynan shu dalildan foydalanmoqda. Aytishlaricha, ular NABU yaxshiroq bo‘lishi uchun hamma narsani qilishgan, chunki hozirgi holatida unga fuqarolar ishonishmaydi. Ammo ukrainaliklar korrupsiya muammosi hal etilmayotganini juda yaxshi his qilishmoqda – va bu qonunning qabul qilinishi namoyishlarga turtki bo‘ldi.

Volodimir Zelenskiy qonunni qabul qilish zarurligini tushuntirarkan, korrupsiyaga qarshi tuzilmalarda Rossiya ta’siri mavjudligiga ishora qildi. Sog‘lom fikrlaydigan odamlarning hech biri har qanday tuzilmada rus agentlari bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi – va NABU ham avliyo emas. Ammo nima uchun prezident o‘z atrofidagilardan yoki hech bo‘lmaganda OPZJ («Muxolifat platformasi – Hayot uchun» partiyasi)ning hozir ham Rossiyaga qatnab turadigan qoldiqlari ishlayotgan Oliy Radadan boshlamasligi kerak? Balki xoinlarni avval o‘sha yerdan, keyin NABUdan qidirish kerakdir?

Ular NABUda ham bo‘lishi mumkin, lekin har safar qayerdadir rus agentlarini qidirganingizda, butun boshli idorani yo‘q qilmaysiz-ku.

Bu holatda ofis shunchaki keraksiz tashkilotlarga hujum qilayotgani yo‘q. Ushbu organlar tashkil etilishi Ukraina yevrointegratsiyasining sharti edi. Umuman olganda, bu Maydon voqealari ortida turgan qadriyatlarning yo‘q qilinishi sifatida qabul qilinadi – korrupsiyaga qarshi kurash namoyishchilarning talablari qatorida bo‘lgan va keyinchalik bu talabga javoban korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar tashkil etilgan.

Ha, ular muammoli, xohlaganingizdek tez ishlamaydi, lekin bu Ukraina huquq-tartibot tizimida so‘nggi o‘n yil ichida yaratilgan eng yaxshisi. Shuning uchun ham bu (gap qabul qilingan qonun haqida) shunday qabul qilindiki, hokimiyat muqaddas narsaga qo‘l ko‘tardi.

Qolaversa, taqqoslaydigan jihatlarimiz ham bor. Agar Zelenskiyning kadensiyasini oladigan bo‘lsak, masalan, Davlat tergov byurosi qanday isloh qilingani haqida katta savollar tug‘iladi. Ukrainada hech kimga sir emaski, DTB hozir prezident nazorati ostidagi organga aylangan.

Bunday misollar shuni ko‘rsatadiki, prezident Zelenskiy va uning hukumati mustaqil hokimiyat institutlarini yaratish uchun siyosiy iroda ko‘rsatmayapti.

Qonun qabul qilinishining sabablari haqidagi eng ishonchli versiyalardan biri shundaki, NABU prezident odamlariga yaqinlashdi. Yangi misollar – bosh vazir o‘rinbosari va milliy birlik vaziri Aleksey Chernishovga qarshi korrupsiya ishi.

Kuni kecha NABU va SAP Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi rahbari, prezidentga yaqin shaxs, Zelenskiy davrida katta karera qilgan prokuror Pavel Kirilenkoga nisbatan tergovni yakunladi. U Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari bo‘lgan, keyin Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari sifatida ishlagan, mana endi sudlanuvchilar kursisida o‘tiribdi. Bundan tashqari, Ukraina ommaviy axborot vositalari prezidentning biznes sherigi va «95 kvartal» studiyasining hammuassisi Timur Mindichga nisbatan ish ochishga tayyorlanayotgani haqida yozgan.

NABUning o‘ziga ham savollar ko‘p, albatta. Ularni shundoq ham bir necha bor prezident idorasidan to‘liq mustaqil emaslikda, shuningdek, korrupsiya ishlari juda sekin ketayotganida ayblashgan. Bunga NABUdagilar: «Yigitlar, hukmlar bizga emas, korrupsiyaga qarshi sudga taalluqli», deyishdi. Ammo so‘nggi voqealar shuni ko‘rsatdiki, NABU prezidentning odamlariga yaqinlashishdan qo‘rqmaydi va bu, albatta, ularning foydasiga katta dalil.

Natijada ko‘plab yoshlar ko‘chaga chiqdi. Asosan 25 yoshgacha bo‘lganlar. Biz (joyning o‘zida ishlagan jurnalistlar) qarindoshlari urushda bo‘lgan 15, 17, 20 yoshli odamlar bilan muloqot qildik. «Otam, akam, erim buning uchun frontda emas», deb yozilgan plakatlar juda ko‘p edi.

Namoyishchilarning ikkinchi toifasi – faxriylar bo‘lib, ular o‘z navbatida: «Men buning uchun jang qilmaganman», deyishadi. Oyoqsiz, qo‘lsiz, ko‘zsiz ko‘plab faxriylar bor edi. Harbiylarning ko‘pchiligi, albatta, frontda, lekin hozirda Kiyevda xizmat safarida bo‘lgan va namoyishga fuqaro kiyimida kelganlar ham uchraydi.

Yosh yigitlar esa hatto Maydon voqealarini eslay olmasliklarini tan olishdi. Bu odamlarning yangi avlodi. Shu bilan birga, ularning aksariyati 18 yoshda, shuning uchun bu potensial elektoratdir. Agar ular [prezident idorasi] qabul qilingan qonunni bekor qilmasa, prezident [ukrainaliklarning] bu [yosh] avlodini abadiy boy beradi, deyish mumkin. Menimcha, u allaqachon avlodni yo‘qotgan, lekin hozir, ehtimol, bu vaziyatdan chiqish uchun qandaydir imkoniyati bordir – bilmayman, kechirim so‘rash, jin chalg‘itdi, kechiring, deyish».

«Deputatlar o‘zini aldangan his qilmoqda. Tongda bir narsa uchun, bir kun o‘tib boshqa narsa uchun ovoz berishni so‘rashgan»

Ukraina prezidenti ofisiga yaqin suhbatdosh

Shunday qonun qabul qilishga qaror qilishdi, chunki [idora] bu organlar normal ishlashini xohladi – ular esa hech qachon normal ishlamagan. Bundan tashqari, NABU so‘rovnomalar bo‘yicha yomon baholangandi. Bu, darvoqe, agar ularga hujum qilinsa, hech kim ularning yonini olib chiqmaydi, degan qarorga kelishning sabablaridan biri bo‘lgandi.

Ular ko‘plab mayda masalalar bilan shug‘ullanishadi, masalan, Rada deputati davlat hisobidan kvartira ijaraga olgan, lekin bunga haqqi yo‘q edi, chunki u shundoq ham Kiyevda yashaydi. U yerda savolning narxi oyiga 500 dollar.

Balki ofis bu organda o‘z obro‘siga qandaydir tahdid ko‘rgandir, lekin Chernishovning ishiga prezidentning aloqasi yo‘q-ku. Hatto Mindich ishida ham prezidentning aloqasi yo‘q.

Albatta, ofisdagilar bunday reaksiyani kutmagandi. Agar shunday bo‘lishi mumkinligini bilishganida, uch marta o‘ylab ko‘rilgan bo‘lardi. [Qonun loyihasini yoqlab ovoz bergan] deputatlar orasida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri bunday qarshi harakatlar bo‘lishini kutganlar kam edi.

Bu biz hokimiyatimiz davridagi eng katta norozilik namoyishlari. Aslida, shuning uchun ham oxir-oqibat [qonunni] bekor qilishga qaror qilishdi. [Namoyishchilar bilan ishlash] tajribasi yo‘q. U [Volodimir Zelenskiy] har doim xalqqa e’tibor qaratadi, o‘zi ijtimoiy tarmoqlarni, mintaqaviy nashrlarni o‘qiydi.

Shu payt u derazadan 10 ming kishini ko‘rdi (23 iyul kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishi haqida – «Meduza» izohi). Chorshanba kuni ertalab [qonunni] bekor qilish vaqti kelgani ma’lum bo‘ldi.

Gap shundaki, Kiyevning Yevrokomissiya va aksariyat yirik donor mamlakatlar – Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlar bilan yashirin shartnomasi bor. Odatda, mamlakat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilganda, a’zolik jarayonida rivojlanish uchun katta miqdorda mablag‘ oladi. Ukrainaga [g‘arblik hamkorlar] mamlakatni tiklash uchun milliardlab yevro yordam ajratmoqda. Ammo Kiyevga ular xuddi biz ularni Yevropa Ittifoqiga qo‘shilganimiz uchun olayotgandek ajratiladi.

Ukraina, o‘z navbatida, islohotlarni, jumladan, korrupsiyaga qarshi islohotlarni davom ettirish majburiyatini oladi. Bu yerda esa biz o‘z tomonimizdan shartnomani buzayotgan bo‘lib chiqyapmiz. SAP va NABU mustaqilligi 2022 yilda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga nomzodlik maqomining sharti edi. Va hozir ular [Yevropa Ittifoqi] rasman, korrupsiyaga qarshi organlarning mustaqilligi yo‘qolganiga ishora qilib, Ukrainaning nomzodlik maqomi «barcha oqibatlari bilan» bekor qilinishini aytishlari mumkin.

Hozir yangi qonun kiritildi – o‘ylaymanki, Rada 31 iyul kuni navbatdan tashqari yig‘ilib, unga ovoz beradi. [Qonunni qabul qilish uchun ovoz bergan] ko‘plab deputatlar o‘zlarini aldangandek his qilishmoqda. Ertalab bir narsani yoqlab ovoz berishni so‘rashgandi, keyingi kuni esa boshqasini so‘rashdi. Natijada g‘irt ahmoq bo‘lib ko‘rinasan.

Bundan tashqari, odamlarning yana bir qismi – ushbu infratuzilmaning bemorlaridir (ya’ni, NABU tekshiruvlari figuranti). Ular «nihoyat adolat qaror topgani»dan baxtiyor edi.

«Ko‘pchilik bu qonunni Ukrainaning Yevropadagi kelajagiga tahdid sifatida ko‘rishdi»

Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti prezidenti Volodimir Paniotto

O‘z-o‘zidan norozilik namoyishlari unchalik katta bo‘lmadi. Masalan, Kiyevda 22 iyul kuni ikki mingga yaqin, 23 iyul kuni esa to‘qqiz mingga yaqin odam ko‘chaga chiqdi. Taqqoslash uchun: Maydon voqealari davrida yuz mingdan milliongacha namoyishchilar to‘plangan. Ammo bugungi kunda bu, ehtimol, urush davridagi eng yirik norozilik namoyishlaridir.

Bungacha ham norozilik uchun sabablar bo‘lgan – masalan, [Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy] Zalujniyning iste’foga chiqishi kabi, ammo odamlar urush paytida bunday harakatlar jamiyat birligiga va dushmanga qarshi turishga zarar yetkazishini tushunishgan. Hozir esa bu masala [jamiyat uchun] ancha prinsipial edi. 22-24 iyul kunlari Kiyev, Lviv, Dniprodagi voqealar faol fuqarolarni, jumladan, faxriylar, talabalar, IT-sektor vakillari, huquq himoyachilarini birlashtirdi.

Urush sharoitida jamiyat cheklovlarga yuqori tolerantlik ko‘rsatadi hamda dushmanga qarshi kurashish va omon qolishga e’tibor qaratadi. Biroq, qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan va G‘arbni qo‘llab-quvvatlashning (shu jumladan, harbiy yordamning) asosiy sharti bo‘lgan korrupsiyaga qarshi organlar ishiga aralashish «qizil chiziq» sifatida qabul qilinadi.

Qonun Yevropagacha bo‘lgan o‘tmishga qaytish mumkinligini anglatadi: u institutsional kafolatlarga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi. Korrupsiyaga qarshi islohot so‘nggi yillardagi kam sonli so‘zsiz yutuqlardan biri sifatida qabul qilinayotganini hisobga olsak, bu ayniqsa og‘riqli. Ko‘pchilik bu qonunni Ukrainaning Yevropa kelajagiga tahdid sifatida qabul qildi. Aslida, 2013 yilgi Maydon voqealari ham ko‘p jihatdan Yevropa kelajagiga tahdid bilan bog‘liq edi.

Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti (KMIS) o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, iyun oyida Zelenskiyga aholining 65 foizi ishonch bildirgan, bu juda yuqori ishonch ko‘rsatkichi (urush boshlanishidan oldin atigi 32 foiz edi). Va u jamoatchilik fikriga ancha sezgir munosabatda bo‘ladi. Aslida, Zelenskiy allaqachon ortga qaytishini e’lon qilgan va Radaga korrupsiyaga qarshi organlarning mustaqilligini kafolatlovchi yangi qonunni kiritgan. Muammo hal bo‘ladi degan umid bor.

Qonunning to‘liq qaytishi jamiyatdagi keskinlikni yumshatadi. Asosiy savol shundaki, bu haqiqatan ham to‘liq orqaga qaytish bo‘ladimi yoki yo‘qmi. Hokimiyatning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari va izlarini qoldirishga urinishlar bo‘lmaydimi? Agar hamma narsa to‘g‘ri bo‘lsa ham, hamma bunga ishonadimi?

Mavzuga oid