Parijda Ukraina uçun xavfsizlik kafolatlari masalasi böyiça “köngillilar koalitsiyasi” uçraşuvi bölib ötganidan bir kun ötib, ayni şu mavzu Fransiya poytaxtidagi “Veymar uçburçagi” muzokaralarining kun tartibiga ham kiritildi. Germaniya taşqi işlar vaziri Yoxann Vadeful 7 yanvar, çorşanba kuni Parijda fransuz va polyak hamkasblari — Jan-Noel Barro va Radoslav Sikorskiy bilan uçraşdi.
Rossiyaning Ukrainaga keng kölamli hujumi boşlanganidan keyin “Veymar uçburçagi” formatida hamkorlikni faollaştirgan uç davlat taşqi işlar vazirlari uruşni öz şartlari asosida yakunlaşni talab qilayotgan Kiyevga keyingi qöllab-quvvatlaş masalalarini muhokama qilmoqda. Bundan taşqari, “Veymar uçburçagi” vakillari Hindiston taşqi işlar vaziri Subramanyam Jayşankar bilan ham muzokara ötkazadi.
Bu orada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa şeriklarining aniq majburiyatlari yöqligidan köngli qolganini bildirdi. “Menga oddiy javob kerak: ha, agar yana bir hujum bölsa, barça şeriklar Rossiyaga kuçli javob beradi”, — dedi Zelenskiy 7 yanvar kuni. Uning aytişiça, hozirgaça u bu savolga “aniq” javob olmagan.
Parijda 6 yanvar kuni bölib ötgan uçraşuvda “köngillilar koalitsiyasi”ga kiruvçi davlatlar Ukraina uçun xavfsizlik kafolatlari haqida deklaratsiyani imzoladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron şunday dedi: “Bugun biz sezilarli ilgarilaşga erişdik, bu Parij deklaratsiyasida aks etgan — u barqaror tinçlik uçun işonçli kafolatlarni taqdim etadi. Uşbu ‘köngillilar koalitsiyasi’ bayonotida ilk bor birlaşmaga kiruvçi 35 davlat, şuningdek Ukraina va AQŞ örtasida tezkor yaqinlaşuv tan olinadi. Biz işonçli xavfsizlik kafolatlari haqida gapiryapmiz”.
U kelişilgan bandlarni alohida-alohida sanab ötdi. Ular orasida — AQŞ rahbarligida öt oçişni töxtatişni monitoring qiliş, Ukrainani mudofaa uçun uzoq muddatli qurol-yaroğ bilan ta’minlaş, şuningdek kelajakda Rossiya tomonidan qayta hujum bölsa, Ukrainani qöllab-quvvatlaş böyiça majburiy kuçga ega kelişuvlarni qabul qiliş ustida işlaş kabi masalalar bor.
Bundan taşqari, Kiyev, Parij va London niyatlar deklaratsiyasini ham imzoladi. Buyuk Britaniya boş vaziri Kir Starmerning sözlariga köra, bu hujjat öt oçiş töxtatilgandan keyin Ukrainada britan, fransuz va boşqa “şerik” qöşinlarni joylaştiriş uçun “huquqiy asos” yaratadi. “Bu Ukrainaga uzoq muddatli istiqbolda kömak beriş böyiça qat’iy majburiyatimizning eng muhim qismi”, — deya Starmer sözlarini keltiradi uning ofisi. Boş vazir, şuningdek, öt oçişni töxtatiş rejimi boşlanişi bilan Buyuk Britaniya va Fransiya butun Ukraina böylab “harbiy markazlar” taşkil etişini hamda “qurol va harbiy texnika saqlaş uçun himoyalangan obektlar quriş”ini aytdi.








