Jahon | 14:28 / 08.01.2026
1872
4 daqiqa o‘qiladi

Berlinda Mersning ukrainalik erkaklar haqidagi so‘zlariga izoh berildi

Yosh ukrainlarni o‘z vataniga qaytarish zarurligi haqida faqat Germaniya emas, boshqa mamlakatlar ham gapiryapti - chunki buning o‘zi Ukraina uchun kerak, deb ta’kidladi GFR hukumati vakili. Bryusselda Berlin pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Foto: TSN

Germaniya Ukrainadan yosh erkaklarning ommaviy ravishda chiqib ketishi sabab xavotir bildirayotgan yagona mamlakat emas, dedi Germaniya federal hukumati rasmiy vakili Shtefan Kornelius DW’ning parlament muxbiri savoliga javob berib. Bu 7 yanvar, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytildi. Savol Korneliusga GFR kansleri Fridrix Mersning ushbu jarayonni to‘xtatish zarurligi haqidagi bayonoti bilan bog‘liq holda berilgan.

“Menimcha, bu hodisa Yevropa bo‘ylab hamma yerda kuzatilyapti. Uning siyosiy o‘lchovi bor, bu esa federal hukumatga o‘z pozitsiyasini bildirish va xavotirini ifoda etish uchun asos beradi”, — deya tushuntirdi Shtefan Kornelius. U qo‘shimcha qilishicha, Ukrainadan yosh erkaklarning ommaviy chiqib ketishi borasida xavotirni ushbu mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bildiryapti. Ukrainaga “davlat boshqaruvi va jamoat tartibini ta’minlash ishlarini qo‘llab-quvvatlay oladigan, rahbarlik qila oladigan yoshlar kerak”, — dedi Berlindagi hukumat vakili. U, shuningdek, Germaniya Ukrainadan yosh avlodning ketib qolishidan manfaatdor bo‘lishi mumkin emasligini ham ta’kidladi.

Shu orada YeIning migratsiya masalalari bo‘yicha komissari Magnus Brunner Germaniya hukumati pozitsiyasiga qo‘shilishini bildirdi. “Biz odamlar Ukrainaga qaytishi va tiklanish ishlarida ishtirok etishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak. Bu muhim, shuning uchun men bu nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlayman”, — dedi Brunner DW’ga intervyuda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi harbiy harakatlar tugagach, ukrainlar o‘z mamlakatiga qaytishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilyapti. Bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bryussel maxsus elchini tayinlagan — Brunnerdan oldin YeIning migratsiya bo‘yicha komissari lavozimida bo‘lgan Ilva Yoxanssonni.

Bundan tashqari, Magnus Brunner ta’kidlashicha, YeI hozirning o‘zidayoq 2027 yilda RFning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan keyin ukrainlarga berilgan vaqtinchalik himoya maqomi amal qilishni to‘xtatishiga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Uning aytishicha, Bryussel bu haqda YeIga a’zo davlatlar hukumatlariga tegishli so‘rov bilan allaqachon murojaat qilgan.

Bundan oldin Mers Parijdagi “ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchrashuvida Ukraina prezidenti yosh ukrain erkaklari Ukraina hududida o‘z mamlakatiga xizmat qilishini kafolatlashi kerakligini aytgan. Shu yo‘l bilan ularning “Germaniyaga, Polshaga yoki Fransiyaga chiqib ketmasligi”ga erishish zarur, deya qo‘shimcha qilgan federal kansler.

O‘z navbatida, Bavariya bosh vaziri, Germaniya hukmron koalitsiyasiga kiruvchi Xristian-sotsial ittifoq (XSI) rahbari Markus Zyoder Ukraina xavfsizligini ta’minlash uchun ustuvor vazifa sifatida ukrain harbiy xizmatchilarini safarbar qilishga e’tibor qaratish kerak, degan fikrni bildirdi. Shuningdek, uning aytishicha, shu maqsadda ukrain qochqinlarini ham o‘z vataniga qaytarish zarur.

“Yosh nemis erkaklar Ukrainaga borishiga to‘g‘ri kelmasidan oldin, Germaniyadan yosh ukrain erkaklar o‘z yurtiga qaytishi kerak. Yosh ukrain erkaklar o‘z mamlakatiga borib, o‘z yurtini himoya qilishi kerak”, — deb hisoblaydi Zyoder.

 

Mavzuga oid