Jahon | 19:07 / 08.01.2026
3565
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya va Fransiya tinchlik shartnomasidan keyin Ukrainaga 15 minggacha askar yuborishni rejalashtirmoqda

Ular xavfsizligi kafolatlarini ta’minlashi lozim.

Foto: AP

Buyuk Britaniya va Fransiya tinchlik kelishuvi tuzilgan taqdirda Ukraina xavfsizligi kafolatlarini ta’minlash uchun har biri 7500 nafar harbiyni yubormoqchi, deb yozdi The Times manbaga tayanib.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya harbiy rahbariyati 10 ming askar yuborishni taklif qilgan, biroq Mudofaa vazirligi Britaniya armiyasining hozirgi sonini hisobga olgan holda (The Times ta’kidlaganidek, 71 mingga yaqin tayyorgarlikdan o‘tgan askarlar) bu rejani «beqaror» deb hisoblagan.

Kontingentning boshqa qismini fransuz harbiylari tashkil etadi. Hozircha tinchlik shartnomasi tuzilganidan keyin Ukrainaga harbiylarni yuborishga faqat ushbu ikki davlat rozi bo‘ldi va kontingentning taxminiy soni «kutilganidan ancha kam», deb ta’kidladi The Times.

Gazetaning bir necha suhbatdoshlariga ko‘ra, hatto 15 ming kishilik kontingent ham «haddan tashqari optimistik ko‘rinadi». Ukrainaning Yevropadagi yana bir yirik ittifoqchisi Germaniya Ukraina yaqinida, ehtimol Polsha yoki Ruminiyada kuchlarni joylashtirishga tayyor, dedi The Times harbiy manbasi.

Shu bilan birga, Ukrainaga yuboriladigan qo‘shinlarning yakuniy soni hali kelishilmagan va ularni joylashtirish ko‘plab omillarga, jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga bog‘liq bo‘ladi, deya ta’kidladi gazeta Britaniya Mudofaa vazirligidagi manbaga tayanib.

6 yanvar kuni Parijda Zelenskiyning Yevropa «ko‘ngillilar koalitsiyasi» a’zolari, shuningdek, Tramp muzokarachilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida urush tugaganidan keyin Ukrainaga qo‘shin yuborish to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. Uni Zelenskiy, shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer imzoladi. Hujjatda xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashi kerak bo‘lgan «ko‘p millatli kuchlar» haqida so‘z borgan, ammo ularning soni aytilmagan.

Mavzuga oid