O‘zbekiston | 19:07 / 18.09.2023
18835
3 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimovaning qaytarilgan boyliklari O‘zbekistonda bolalar o‘limini kamaytirishga yo‘naltiriladi

Karimova Shveytsariyaga noqonuniy olib chiqib ketgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha BMT shafeligida tuzilgan fondning qarori bilan, mablag‘larning 43,5 mln dollarlik qismi O‘zbekistonda chaqaloqlar o‘limini kamaytirishga qaratilgan loyihani moliyalashtirishga sarflanadi.

Foto: Getty Images

“Uzbekistan Vision 2030” ishonch jamg‘armasi BMTning O‘zbekistonda onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlarini kamaytirishga qaratilgan yangi loyihasiga 43,5 mln dollar ajratishini e’lon qildi.

BMTning “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi jinoiy aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish maqsadida 2022 yil yozida tashkil etilgan edi. O‘shanda O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari musodara qilingan 131 mln dollar mablag‘ni qaytarish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgan, restitutsiya bitimida pullar ijtimoiy soha, xususan ta’lim va tibbiyotga yo‘naltirilishi, buni Shveytsariya tomoni va BMT qoshidagi fond nazorat qilishi ko‘zda tutilgan.

“Aktivlarni kelib chiqqan mamlakatlariga qaytarish – BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining asosiy tamoyilidir. O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasidagi restitutsiya to‘g‘risidagi bitim natijasida ochilgan jamg‘arma aktivlarni Barqaror rivojlanish maqsadlarining aniq yutuqlariga aylantirishi bevosita O‘zbekiston fuqarolari hayotini yaxshilashga imkon beradi. BMTning ushbu loyihasi 30 oy ichida mamlakatda 600 ming nafar ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni qamrab oladi”, – dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Konsuyelo Vidal-Bryus.

Qayd etilishicha, loyihaning asosiy maqsadlaridan biri – kam vaznli chaqaloqlarning omon qolish darajasini hozirgi 75 foizdan 90 foizga oshirishdan iborat.

Loyiha BMTning uchta organi – Bolalar jamg‘armasi (YuNICEF), Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi (UNFPA) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan birgalikda amalga oshiriladi. Natijalarga uchta asosiy yo‘nalishlar orqali erishiladi:

  • 227 ta perinatal markazlarni boshqarish mexanizmlari, yondashuvlari, yo‘riqnomalari va klinik protokollarini mustahkamlash;
  • perinatal markazlarning sifatli inklyuziv sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlarini zarur jihozlarni xarid qilish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish orqali takomillashtirish;
  • 10 millionga yaqin O‘zbekiston xalqiga, onalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarga salomatligini muhofaza qilish uchun sifatli va inklyuziv, reproduktiv xizmatlarini talab qilish uchun bilimlar berish.

“O‘zbekiston fuqarolari joylarda zamonaviy jihozlangan va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mavjud perinatal markazlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishining ijobiy ta’sirini bevosita his qilishadi. Bu hamkorlik O‘zbekiston hukumatining sezilarli islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan siyosati davomidir. Biz chaqaloqlar o‘limini ikki baravar kamaytirish bo‘yicha hukumat strategiyasiga erishishga yordam beradigan ushbu transformativ tashabbusda BMT va Shveytsariya hukumati bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz”, – dedi O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.

Mavzuga oid