Jahon | 08:15 / 18.06.2020
56870
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp uyg‘urlarga tazyiq o‘tkazgan xitoylik mansabdorlarga sanksiya qo‘llashni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi

Foto: Manuel Balce Ceneta/AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressning ikkita palatasi ham tasdiqlagan «uyg‘urlar haqidagi» qonunni imzoladi. Bu qonun Vashington tomonidan uyg‘urlarga tazyiq o‘tkazgan deb hisoblangan xitoylik mansabdorlarga sanksiya qo‘llash imkonini beradi. Bu haqda Oq uy bayonotida aytilgan.

Qonun loyihasini may oyida Kongressning har ikkala palatasi tasdiqlagandi. Qonun loyihasining muallifi respublikachi senator sobiq prezidentlikka nomzod Marko Rubio. Qonunga ko‘ra, Vashington tomonidan Xitoyda uyg‘urlarga va boshqa musulmonlarga nisbatan tazyiq o‘tkazgan deb topilgan mansabdor shaxslar AQSh sanksiyalariga tushadi. AQSh bunday odamlarga viza bermasligi va ularning AQShda mavjud boyliklarini muzlatishi mumkin bo‘ladi.

«Prezidentning diplomatik faoliyatiga putur yetkazmasligi kerak»

Oq uy rasmiy saytida Trampning qonunni imzolagani haqida bayonoti e'lon qilingan. Unda prezidentning xususan shunday gaplari keltirilgan: «Mening administratsiyam qonunning cheklovga tushgan odamga nisbatan sanksiyani bekor qilish uchun Kogressni ogoh qilishni nazarda tutuvchi 6(g) bo‘limiga amal qilishga harakat qiladi. Ammo bu jarayon prezidentning diplomatik faoliyat olib borishiga ta'sir o‘tkazmasligi ham inobatga olinadi», deb Trampning gaplari keltirilgan Oq uy saytida.

2018 yilda BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachalet Xitoyning Sinszyan provinsiyasidagi (Urumchi) axloq tuzatish koloniyalarida 1 millionga yaqin uyg‘urlar noqonununiy ushlab turilgani haqida ma'lumot borligini aytgandi. Komissar bu ma'lumotni tekshirish uchun Xitoyga xalqaro ekspertlar guruhini yuborishni taklif qilgan.

Ammo rasmiy Pekin barcha ayblovlarni rad etib, lagerda terrorizm va ekstremistik g‘oyalar ta'siriga tushib qolganlar saqlanishini aytib keladi. Pekin bergan ma'lumotlarga ko‘ra, lagerda ushlab turilgan odamlarga Xitoy tilidan boshlang‘ich ta'lim, kommunikatsion bilimlar va Xitoy qonunchiligi o‘qitiladi. Lagerlarda ushlab turilgan uyg‘urlar va musulmonlar soni aniq aytilmaydi.

Mavzuga oid