Jamiyat | 15:37 / 30.12.2020
19230
14 daqiqa o‘qiladi

«Korrupsiyaga aralashgan olimni olim hisoblamayman» - matematik Abror Xudoyberdiyev bilan suhbat

Fizika-matematika fanlari doktori Abror Xudoyberdiyev 28 dekabr kuni bir guruh yurtdoshlar qatorida Ko‘ksaroyda prezident tomonidan «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.

O‘zMU professori, O‘zFA Matematika instituti yetakchi ilmiy xodimi sifatida ishlab kelayotgan Abror Xudoyberdiyev 34 yoshda. U 2015 yilda fan doktori ilmiy darajasini olgan.

Kun.uz muxbiri Ko‘ksaroydagi marosimdan so‘ng yosh olim bilan suhbat uyushtirdi.

Maktab o‘quvchisi matematika menga nega kerak deb so‘rasa...

— Ba'zi odamlarda matematika qiyin fan degan tasavvur bo‘ladi. Bu to‘g‘rimi?

— To‘g‘ri, kimlardir matematikani qiyin deb o‘ylashadi. Uning qiyin emasligini his qilish uchun unga nisbatan ozgina muhabbat bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Agar insonda fanga muhabbat yoki qiziqish bo‘lmas ekan, unga istalgan usul bilan bo‘lsin o‘rgatib bo‘lmaydi.

Demak, birinchidan, muhabbat kerak. Ikkinchidan, qobiliyat va uchinchidan, mehnatsevarlik. Bu uchalasini matematikning ma'naviy ustuni desa bo‘ladi. Maktab o‘quvchisida dastlabki ikkisi bo‘lsa yetarli, chunki qiziqishi va layoqati bor bolaga matematikani o‘rgatish qiyin bo‘lmaydi.

Mehnatsevarlik nima uchun zarur – agar insonda muhabbat va qobiliyat bo‘lsayu, u o‘z ustida ishlamasa, ko‘zlangan maqsadga erisholmaydi. Ya'ni bu ko‘proq inson oldiga qo‘ygan maqsadlariga bog‘liq bo‘ladi.

— Maktabda o‘quvchi matematika menga nega kerak deb savol bersa, nima deb javob bergan bo‘lardingiz?

— Albatta, savol juda o‘rinli. Kichik sinflarda masalalarni bemalol ishlab, uni hayotga bog‘lab yurgan bola katta sinfga o‘tganda matematik qoidalar, masala-yu formulalar qiyinlasha boshlaydi. Shunda o‘quvchida haqqoniy savol paydo bo‘ladi – nima uchun kerak: shunchaki o‘rganishim kerakmi, universitetga kirishim uchun kerakmi, kabi. Bu joyda o‘qituvchining mahorati kerak bo‘ladi, ya'ni har bir masalaga alohida yondashish zarur.

Agar shunday yo‘l tutilsa, har bir masalani hayotga tatbiqi bor va uni tushuntirib berish mumkin. Bu pedagogning qay darajada mahoratli ekaniga bog‘liq. Shu tomondan ham kamchiliklarimiz bo‘lsa kerak. Aslida esa maktabdagi barcha misol va masalalarni hayotga bog‘lab tushuntirish mumkin.

Matematika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga pedagogik tomondan chuqurroq va bolaga qanday yetkazib berish, tushuntirish masalalariga ko‘proq e'tibor qaratish kerak.

«Zamonaviy olim zamonaviy biznesmendan kam faol emas»

— Matematik dunyoni qanday ko‘radi?

— Unutmaslik kerakki, qaysi sohada bo‘lmasin, olim ham avvalo inson. Shu jumladan, matematik ham. Xalqimiz «Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin», deb bejiz aytmaydi. Shundayki, har bir olim birinchi o‘rinda odam, u ham insonga xos xislatlardan xoli bo‘lmaydi.

Olimlar, ayniqsa matematiklar o‘ziga yarasha xarakteri bo‘ladi. Ko‘pchiligi biror masalani yechayotgan bo‘lsa, uning ich-ichiga kirib ketadi va qayerda bo‘lsa ham shu haqida o‘ylab yuradi, toki buning javobini topmaguncha.

Talabalik paytimizda ustozlarimiz, masalani yechish uchun faqat bo‘sh vaqtda shug‘ullanish kerak emas, har doim shuni o‘ylab yurish kerak degan gapni aytishardi.

Yana shunisi borki, matematik aniqlikni va har bir ishni o‘z vaqtida qilishni yaxshi ko‘radi. Buni hayotda ham juda ko‘p uchratamiz, matematik odam aytilgan joyga, xoh tadbir, xoh dars bo‘lsin, o‘z vaqtida yetib boradi va o‘z vaqtida boshlashga odatlangan. Biror ish boshlasa, unga sidqidildan yondashadi va qo‘l uchida kirishib yoki ishni yarmida qoldirmaydi.

— Ongda qotib qolgan steriotiplar ham bo‘ladi. Ko‘pchilik olim deganda eski bir stol, stul, chang bosgan eski kitoblar javonini tushunadi. Sizningcha, zamonaviy olim qanday belgilarga ega?

— To‘g‘ri, olim deganda avvallari siz aytgan kabi tasavvur bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin hozirgi kunda olim zamonaviy, xalqaro aloqalarga ega bo‘lishi, internet tarmog‘idan samarali foydalana olishi shart. Chunki bugun hamma ishimiz internet bilan bog‘liq.

Tarmoqda har bir ilm sohasi uchun maxsus saytlar, turli xorijiy jurnallar bor, ulardan foydalanish imkoni mavjud. O‘zini zamonaviy olim hisoblagan va hurmat qilgan inson bu ishlarni qiladi. Yanayam tushunarli qilib aytsam, zamonaviy olim hayotning istalgan jabhasida, ijtimoiy tarmoqlar bo‘lsin yoki boshqa – zamonaviy biznesmendan kam faol bo‘lmaydi.

Men o‘zim ham bir necha soatlab internetdan foydalanaman, ilmiy ishlarni olaman, o‘qib tahlil qilaman, hamkorlar bilan aloqalar qilaman, xullas hozirgi zamonda busiz iloji yo‘q. Agar kimdir haliyam olim kutubxonadagina o‘tirib eski kitoblarni o‘qib o‘tiradi desa xato bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir qo‘shimcha qilmoqchiman, hozirgi kunda nafaqat olim, balki talabalar ham zamonaviy ilmdagi yangiliklarni tez olishi kerak, bundan jamoaviy, ommaviy foydalanish uchun esa, universitetlar tomonidan ham xalqaro jurnallarga «dostup» olinishi lozimligi dolzarb muammolardan sanaladi. Bu boradagi ishlar to‘laqonli shakllantirilmagan deb o‘ylayman.

Har bir olim o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda «dostup» olish, foydalanish imkoniyatiga ega, masalan, men o‘zimga kerak bo‘lgan maqolani olib o‘qishim mumkin. Lekin hammada ham bu imkoniyat yo‘q va buni OTMlar ta'minlab berishi zarur. Yevropa bilan taqqoslaganda bu jihatlar bizda ancha orqada.

Dostup olish uchun o‘sha xorijiy firma hisobiga pul o‘tkaziladi. Qaysi hisobdan o‘tkaziladi, qanday o‘tkaziladi? Agar tegishli tashkilotlar shu muammolarni hal qilib bersa, ilm uchun katta xizmat qilingan bo‘lardi.

Matematika ta'limi: OTMlarda nomutaxassis yo‘nalishlarda matematikani o‘qitish kerakmi?

— Bugun matematika oliy ta'limida qanday yo‘nalishlar yoki yondashuvlar joriy etilishi zarur deb hisoblaysiz?

— Matematika yo‘nalishi talabalarida bugun mas'uliyat juda katta, bu yo‘nalish qabul soni ham ko‘paytirildi va endi sifat tushishidan ehtiyot bo‘lishimiz kerak, chunki son ko‘paygan joyda sifat tushishi mumkin.

Har bir talabaga alohida yondashuv lozim, turli yo‘nalishlarga yo‘naltirishimiz kerak. Ma'lum qismini fundamental bo‘yicha, ma'lum qismini amaliyot bilan ishlash yo‘nalishida, qanchadir qismini pedagogika bo‘yicha tarbiyalashimiz kerak. Nazariy matematikaga qiziqqan yoshlarni hozirdan ilmiy ishlarga tayyorlab borishimiz zarur.

— Bir olimdan eshitgandim. «Sen matematikmisan, demak dasturchisan, sen dasturchimisan, matematik bo‘lishing kerak, yo‘qsa nolsan», degandi. Bu fikrni siz qanday izohlaysiz?

— Dasturchilik va matematika bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Haqiqatan ham dasturchi bo‘lish uchun matematikani bilish shart. Birinchi navbatda dastur tuzishdan odin uning algoritmi, matematik modeli tuziladi. Ana shu joyda matematika katta rol o‘ynaydi, mantiqiy bog‘lamlarni to‘g‘ri bog‘lash va eng optimal algoritm tuzish masalasida matematik fikrlash o‘ta muhim.

Ikkinchidan, matematik odam dasturchi bo‘lishi masalasiga to‘xtalsak, nazariya bilan shug‘ullangan olim katta-katta hisoblarni qo‘lda hisoblab o‘tirmaydi, bu imkonsiz; ma'lum kompyuterda uning dasturini yaratib, hisob-kitoblarni shunda hisoblaydi. Bundan tashqari, matematiklar uchun volfram matematika degan matematik til bor, o‘shandan foydalanib hisob-kitoblarni amalga oshiramiz. Busiz zamonaviy matematikani tasavvur qilib bo‘lmaydi.

— Nomutaxassis oliy ta'lim yo‘nalishlarida matematika o‘qitilishi kerakmi va bu qanday bo‘lishi kerak?

— Savolingiz o‘rinli, o‘qitilishi kerakmi degan savolga ha, albatta o‘qitilishi shart, deb javob beraman; lekin ikkinchi tomondan, o‘ylashni talab qiladi: qanday o‘qitilishi kerak? Agar talab darajasida o‘qitilmasa, yana birinchi savolga qaytib qoladi. Nima uchun bu fan qo‘yildi, kerakmidi bizga o‘zi degan. Chunki talabaning umri bekorga sarf bo‘lmasligi lozim.

Aynan shu ikkinchi qism og‘riqli. Qaysi mutaxassisga matematikaning qaysi jihatlari kerakligi, nimalar uning sohasiga mos, fikrlash qobiliyatini o‘stirishga yordam berishi kabi masalalar dolzarb muammolardan hisoblanadi. Shuningdek, o‘rganganlarini kasbiy faoliyatida amalda qo‘llay olishi ham lozim. Bu masalalarga esa hali to‘laqonli javob berilmadi.

Nomutaxassis yo‘nalish talabalariga dars bermasam-da, ularning fan dasturlaridan xabardorman va shuni ayta olamanki, juda ko‘p dasturlar bir-biriga o‘xshash. Shunday bo‘lgandan keyin savol kelib chiqaveradi.

Lekin hali mutaxassislarimiz aniq bir qolipga tushib olgani yo‘q. Aynan qaysi mutaxassislikdagi talabaga qanday matematika kerak ekani haqidagi qoidalar yo‘q. Masalan, injyener yoki arxitektor bo‘ladigan bo‘lsa, shu sohadagi olimlar bilan birgalikda ishlanishi zarur.

«Korrupsiyaga aralashgan olimni olim deb hisoblamayman»

— Olim uchun eng keragi nima?

— Olim uchun eng muhim narsa – ishlash uchun sharoit. Ikkinchidan, oilasi tinch bo‘lsa, o‘z sevgan ishi bilan chalg‘imasdan shug‘ullanishi mumkin. Matematikka maxsus laboratoriyalar talab qilinmaydi, ishlashga vaqt va xotirjamlik bo‘lsa yetarli.

— Olim, byurokratiya va korrupsiya. Bu tushunchalar o‘zaro kesishishi haqida qanday fikrdasiz?

— Olim va byurokratiya deganda ikki xil yondashuv bilan qarash mumkin. Birinchisi, olimlarni ichida o‘zaro qarash mumkin va ikkinchisi, rahbariyat bilan munosabat jihatidan qarash mumkin. Olimlar ichida, ayniqsa, matematiklar orasida o‘zaro byurokratiya yo‘q. Hamma o‘z fikrini aytishi mumkin, ustoz bo‘lib turib shogirdi uning ilmiy muhokamalarda xato-kamchiligini aytsa, hech qachon xafa bo‘lmaydi. Seminarlarimiz ham doim qizg‘in o‘tadi, yoshi kattami, kichkinami, fikrini bemalol bildiradi.

Lekin rahbariyat bilan munosabatlarda esa, bu haqda gapirishga qiynalaman. O‘ziga yarasha nozik jihatlari bor. Rahbarlarda yoshi kichkina bo‘lib turib, keskin munosabat bildirdi degan tushunchalar bo‘lishi mumkin. Menimcha, bu ham sekin-astalik bilan yo‘qolib bormoqda va kelajakda ixtiyoriy fikrni to‘g‘ri qabul qilish paydo bo‘ladi.

Korrupsiyaga kelsak, bu ishga aralashgan olimni olim deb hisoblamayman. Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Ustozlarimiz ham shunga o‘rgatishgan.

Hozirda yurtimizda xorijiy jurnallarda maqola chop ettirish degan narsa ommalashdi. Bunga qaysidir ma'noda ko‘r-ko‘rona talab va harakatlar ham paydo bo‘ldi. Xorijiy jurnallarda maqola chiqarish haqiqatan ham kerak. Har bir davlatning olimi qilgan ishi xalqaro jamiyatda ko‘rinishi uchun xalqaro jurnallarda chop qilinishi lozim. Xalqaro jurnallarning turli bazalari bor: Scopus, Web of Sience – bular mashhurlari. Bizda aynan Scopus bazasiga kiruvchi jurnallarda maqola chop ettirish ommalashdi.

Scopus bazasidagi aksariyat jurnallar obro‘li jurnallar hisoblanadi, lekin so‘nggi yillarda Scopus bazasiga ham har xil soxta jurnallar kirib kelishi ko‘paydi. Bu jurnallar pulini olib maqolani chiqarib berish bilan shug‘ullanadi, hech qanday tahrirsiz, tekshiruvsiz. Pulini talab qiladi, pulini to‘lasa muallifdan boshqa hech narsa so‘ralmaydi. Scopus talab qilgan kriteriyalarni nomiga bajarib bazaga kirib olishgan.

Yaxshi maqola chiqara olmaydigan olimlar aynan shu yo‘l bilan maqola chop ettirishmoqda, unga to‘lanadigan mablag‘ esa o‘z yonidan, universitet yoki qaysidir grant hisobidan to‘lanmoqda. Afsuski, bu narsa avj olmoqda. Bunaqa soxta jurnallarga pul sarflab maqola chiqartirishni yo‘qotish kerak deb hisoblayman. Bu ham qaysidir ma'noda korrupsiya, mening nazdimda.

Balki, Web of Sience bazasi bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish kerakdir. Chunki bu bazada soxta jurnallar yo‘q.

Yana bir narsa, magistrni endi bitirib OTMga ishga kirgan mutaxassisdan birdaniga bunday maqolani talab qilib bo‘lmaydi. Chunki u bunday yuqori darajadagi ilmiy natijalarni olishi uchun ishning ichiga kirib olishi kerak, bunga 1–2 yil vaqt ketadi; shundan keyin ham maqola tayyor bo‘lsa, nufuzli jurnalda chop etish uchun kamida bir yil vaqt ketadi. Demak, yangi ishga kirgan mutaxassis yaxshi maqola chiqarishi uchun 3–4 yil vaqt talab etiladi.

Balki, kampaniyabozlik ortidan quvish oqibatida, soxta jurnallar paydo bo‘lgandir. Shu tomonlarini ham o‘rganib chiqish kerak.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid