Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vazir uy olishdan oldin obektni “Shaffof qurilish”dan tekshirishga chaqirdi. Lekin tizim murakkabligi aytilmoqda
Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov fuqarolarni uy sotib olishdan avval uning seysmik xavfsiz va qonuniy ekanini “Shaffof qurilish” tizimi orqali tekshirib, ishonch hosil qilishga chaqirdi. Lekin portaldagi murakkablik sabab unga kirgan foydalanuvchilarning hammasi ham savoliga javob ololmasligi mumkin.
Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov Qonunchilik palatasining 10 dekabr kungi yig‘ilishida so‘zga chiqib, yangi binolarning seysmik chidamliligi va qurilishdagi nazorat yuzasidan berilgan deputatlar savollariga javob berdi.
Vazirning aytishicha, barcha qurilish loyihalari Qurilishda nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi va “Shaffof qurilish” tizimiga kiritilishi shart. Tizimga vazirlik sayti orqali kirib (open-data.mc.uz), qurilish loyihasining hujjatlari haqida ma’lumot olish mumkin.
“Obektning inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tkazilgani uning ishonchliligini anglatadi. Bu uning davlat baholashidan o‘tganini bildiradi. Ekspertiza seysmik xavfsizlikni nazorat qiladi. So‘ng inspektorlar loyiha doirasidagi qurilish ishlarining to‘g‘ri bajarilishini kuzatadi. Shuning uchun jamoatchilik obekt Qurilish nazorati inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tganini tekshirishi yetarli, bu holatda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi”, – dedi Hidoyatov.
Vazirlikning loyiha faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondagi 112 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarning seysmik chidamliligi o‘rganilgan, shuning 88 foizi seysmik jihatdan barqaror deb topilgan. Qolganida instrumental va texnik o‘rganishlar o‘tkazish belgilangan, ularning natijalariga ko‘ra qo‘shimcha choralar ko‘riladi.
Shuningdek, seysmik chidamlilikni oshirish uchun me’yoriy hujjatlar takomillashtirilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha yangi shaharsozlik standarti – ShNQ 2.01.06−25 “Seysmik hududlarda ko‘p qavatli binolarni loyihalash” ishlab chiqilgan.
“Oddiy fuqaro buni qanday tushunsin?”
Jamoatchilik faoli Shuhrat Qurbonovning yozishicha, “Shaffof qurilish” elektron tizimi odamlarning foydalanishi va tushunishi uchun murakkab. U o‘zi portalga kirib ko‘rgani, lekin hech narsani tushunmaganini aytdi.
“Taklif yaxshi. Men shu saytga kirdim va eng yaqin obektni tanlab, qurilish qonuniymi yoki yo‘q – tushunishga urindim, va… hech narsani tushunmadim.
Saytni o‘zingiz va mutaxassislar uchun yaratish juda yaxshi, albatta. Lekin oddiy odam qurilayotgan uyning (undagi kvartiralar allaqachon sotilmoqda) ro‘yxatdan o‘tgani yoki yo‘qligi, hammasi qonununiy yoki unday emasligini qanday qilib tushunadi? U yerda nega “o‘tmagan” deb yozilgan; 3 ta hujjatdan 1 tasi bor bo‘lsa, bu yaxshi deganimi; yoki 2 tasi bo‘lsa ham yomonmi?” – deydi u.
Qurbonov portalni foydalanuvchilar uchun qulay va sodda shaklga keltirishga chaqirib, oddiy taklifni ilgari surdi: agar qurilishda hammasi joyida bo‘lsa, yashil rangda ko‘rsatish, muammo bo‘lsa, qizilda belgilab, pastida muammoning sababini yozib qo‘yish maqsadga muvofiq.
Mavzuga oid
12:18 / 17.12.2025
Toshkentda yangi “siti”lar qurilishi kutilmoqda
10:15 / 16.12.2025
O‘zbekistonda yirik qurilish ishlari hajmi keskin ko‘tarildi
09:30 / 09.12.2025
Norasmiy qurilish ulushi jami qurilish bozorining 25 foizini tashkil etdi
08:20 / 09.12.2025