Jamiyat | 18:11 / 26.07.2023
19363
10 daqiqa o‘qiladi

PM imtihoni natijalari: smenalar bo‘yicha “g‘alati” farqlanish kuzatilgani aytilmoqda

Prezident maktablariga kirish imtihonining saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, bir smenada qayd etilgan ballar boshqa smenada takrorlanmagan. Bu esa testlarning testologiya qoidalariga mosligi bo‘yicha savollarni yuzaga keltirdi. Mas’ul agentlik rahbari baholash metodikasini Kembrij mutaxassislari ishlab chiqqanini va baholash ham ular tomonidan amalga oshirilganini aytdi.

Foto: Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi

15 iyul kuni butun respublika bo‘ylab prezident maktablariga qabul imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu bosqich matematika bo‘yicha 30 ta test topshirig‘idan iborat bo‘ldi. Imtihonlar 3 smenada tashkil etildi.

Kecha, 25 iyul kuni dastlabki bosqich natijalari e’lon qilindi. Undagi ayrim holatlar jamoatchilik faollari diqqatini tortmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov uchta smenada imtihon topshirgan nomzodlarning ballari bir-biriga aralashib ketmaganiga e’tibor qaratdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahridagi prezident maktabiga o‘qishga kirish uchun 3375 nafar o‘quvchi imtihon topshirgan bo‘lsa, shundan 63 nafari maksimal 100 ballni qo‘lga kiritgan. 63 boladan deyarli barchasi – 57 nafari 1-smenada imtihon topshirgan, qolgan 6 nafari esa – 2-smenada.

64-o‘rindan boshlab, ya’ni 100 balldan kam to‘plagan bolalarning ballari bo‘yicha qiziq holat kuzatilgan: birorta ham holatda bitta smenada qayd etilgan ball boshqa bir smenada takrorlanmagan. Ya’ni 95,8 ball to‘plaganlarning barchasi 2-smenada, 95,3 ball to‘plaganlarning barchasi 1-smenada, 90 ball to‘plaganlarning barchasi 2-smenada imtihon topshirgan va bu “qonuniyat” qabul chizig‘i – 480-o‘ringacha o‘zgarmasdan davom etgan. Shuningdek, bunday tartib ayrim istisnolar bilan eng oxirgi 3375-o‘ringacha saqlanib qolganini ko‘rish mumkin.

“Matematika va ehtimollar nazariyasini biladiganlar tushunadiki, bu mo‘jiza. Sanalgan guruhlar aralashib ketmagan. Bir xil ball to‘plagan 2-smenadagi g‘oliblar orasiga birorta 1-smena vakili qo‘shilib qolmagan. Yoki 1-smenadagi g‘oliblarga 2-smenadagilar aralashtirilmagan. Yana ular o‘rin almashib kelishgan. Xuddiki dengiz va daryo suvidek. Aralashmagan. Mo‘jiza”, – dedi yuqoridagi holatga munosabat bildirgan Otabek Bakirov

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning Kun.uz muxbiriga aytishicha, bu – izohtalab holat.

“Normal taqsimot qonuniyati degan tushuncha bor, bu matematika, sonlar nazariyasi, testologiyada ham amal qiladi. Misol uchun, deylik, istalgan tasodifan to‘plangan odamlar guruhini olsangiz, ular orasida bo‘yi o‘rtachasi ham, uzuni ham, pasti ham chiqadi. Bu qonuniyat hamma joyda amal qiladi.

Endi testologiya nuqtayi nazaridan olsak, har bitta smenada har xil ball olganlar chiqishi kerak. Masalan, 95 ball olganlar faqat bitta smenada uchrab, ikkinchi smenada uchramasligi mumkin emas. Agar shunday holat yuzaga kelsa, demak, bu yerda nimadir xato ketganini anglatadi.

Va yana bir holat, qaysidir smenadagilar A toifadagi testni yaxshiroq yechgan, qaysidirlari B toifadagisini. Bu ham bir tushunarsiz narsa. Shuni testologiya nuqtayi nazaridan asoslab, nima uchun bunday natijalar olinganini, bu testlarning ishonchlilik ko‘rsatkichlari qandayligini agentlik yoki Cambridge tushuntirib beroladimi?

Imtihonda berilgan testlarni testologiya nuqtayi nazaridan tushuntirib berishsin, chunki bu juda ham g‘alati natijalar”, – deydi u.

Yana bir ta’lim bo‘yicha mutaxassis, pedagog Shokir Tursun esa test savollari validligiga shubha bildirdi.

“Validlik testdan chiqariladigan xulosaning yaroqli ekanini anglatadi. Bizning keysimizda bu prezident maktabida kimlar o‘qishini hal qilishdir. Butun dunyoda agar test yuqori ta’sir kuchiga ega bo‘lsa, uning validlik dalillari keltirilishi kerakligi tan olinadi. Ammo bizning test tashkilotlarimiz (hatto bizning xalqaro hamkorlarimiz ham) bu qoidaga amal qilishmaydi. Ana shu validlik dalillaridan biri test spetsifikatsiyasi hisoblanadi.

Kitobi bo‘yicha, PIIMA (Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining avvalgi qisqartma nomi – tahr.) kirish testlari spetsifikatsiyasini oldindan e’lon qilishi kerak edi. Ana shu e’lon qilinmagan spetsifikatsiya oqibatida testga kirayotgan o‘quvchi undan qanday ko‘nikmalar talab qilinishini aniq bila olmayapti. Bu esa repetitorlarga borib yurgan bolaning imkoniyatlarini oshirib yuboradi. Natijada repetitorga borganlar va bormaganlar orasidagi katta jarlik hosil bo‘ladi.

Test spetsifikatsiyasi e’lon qilinmagani sababli hamma o‘zicha tayyorlangan. Repetitorlar ham shunday qilar ekan.

Toshkent shahri, Nurafshon, Andijon, Xiva, Buxoro PMlarining test natijalari ham shuni aytib turibdi nazarimda. Faqat endi repetitorga borganlar ham omadi kelib, repetitor ustozi o‘tib bergan mavzudan test tushsa, yechgan. Yangi mavzuni esa bola topa olmagan. Ana shuning uchun ham bir xil ball to‘plaganlar bir xil smenada turibdi.

Bu holat testlarning umumiy vazni ham bir xil emasligini anglatadi. Chunki natijalar bir xilligi o‘quvchilar aynan bir xil variantlardagi bir xil savolni yecha olmagani hisobiga yiqilganini anglatadi”,– deya yozadi Shokir Tursun.

Agentlik: Baholash metodikasini Kembrij mutaxassislari ishlab chiqqan

Kun.uz muxbiri holat yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbari Alisher Ubbiyev bilan bog‘landi. U testlarni tuzish va natijalarni baholash shartnoma asosida jalb etilgan Kembrij xalqaro ta’lim tashkiloti zimmasida ekanini aytdi.

“Cambridge'ning xalqaro baholash tartibi bor, bu "Rush Analysis" deb ataladi. Ko‘plab testologlar buni juda ham yaxshi tushunadi. Cambridge imtihonda qatnashgan bolalarni o‘zlarining baholash tizimi orqali baholamoqda. Bu baholash metodikasi biz tomonimizdan ishlab chiqilmagan, shunga biz bu tomondan aniq, lo‘nda tushuntirish berishimiz murakkab.

Bundan tashqari, [nomzodlar] bir xil murakkablik darajasida yechgan, shunga qarab ularning ballari bir-biriga o‘xshash bo‘lishi tabiiy. Bu bo‘yicha o‘tgan yilgi natijalarni ham tashlab berishimiz mumkin, kerak bo‘lsa. Har doim xuddi shunday bo‘lgan.

Lekin bolalarning qaysi smenada qaysi variantni yechganini ochib ko‘rishsa, bir bolaning qayd etgan javobi boshqa bolada takrorlanmagan. Hozir ball nuqtayi nazaridan bir smenada bir xillik yuzaga kelyapti”, – deya javob berdi u.

Ubbiyev test topshiriqlarining spetsifikatsiyasi nima sabab e’lon qilinmayotgani haqidagi savolga ham javob berdi.

“Biz namuna savollarini berganmiz. Hech qayerda savollarning spetsifikatsiyasi e’lon qilinishi kerak bo‘lgan bir qonun-qoida yoki Vazirlar Mahkamasi, prezident qarorlari bilan tasdiqlangan me’yor yo‘q. Kimdir, qaysidir mustaqil bloger, boshqalar bu narsa berilishi kerak-ku desa, shunday bo‘lib qolmaydi.

Biz har yili savollar namunasini Cambridge Assessment tashkilotidan tasdiqlatib olib qo‘yamiz, birga bir [savollarni] qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Tashkilot bunga intellektual mulki sifatida qattiq qaraydi. Shu sababli faqatgina namunasini qo‘yib boramiz”, – dedi u.

Agentlik direktori baholash tizimi bo‘yicha Cambridge Assessment International Education tashkilotidan tushuntirish berishni so‘rashini ham aytdi.

“Bu baholash tizimi bilan bog‘liq”

Kun.uz suhbatlashgan ta’lim tizimiga yaqin manba holat yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

“Bu imtihonda bitta savolga necha ball berilishi oldindan aniq bo‘lmaydi. Misol uchun, A toifadagi savollar bo‘yicha 1-smenadagi bir qancha bolalar 81,4 ball, 2-smenadagilar esa 81,5 ball to‘plagan. Lekin ular katta ehtimol bilan bir xil – yo bitta, yo ikkita savolda xato qilishgan. Bu baholash tizimi bilan bog‘liq: savolning qiyinlik darajasi unga berilgan to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblar shkalasidan kelib chiqib belgilanadi.

Misol uchun, 1-smenadagi 1-savolga mingta boladan 900 tasi to‘g‘ri javob bergan bo‘lsa, demak bu savolning qiyinlik darajasi 0,9 bo‘ladi. 2-smenadagi 2-savolga 850 ta bola to‘g‘ri javob bergan bo‘lsa, demak bu savolning qiyinlik darajasi 0,85 chiqadi. Shuning uchun 1-smena bilan 2-smena bir-birini bir xil ball bilan takrorlash ehtimoli deyarli yo‘q. Ya’ni aksincha, agar takrorlasa, shubhali bo‘lib qoladi”, – deya tushuntirdi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq PMga kirish imtihonlarining 1-smenasida tushgan savollar keyingi smenalarda ham takrorlangani haqida xabarlar tarqalgan, agentlik buni rad etgan edi.

19 iyul kuni agentlikda OAV vakillari bilan muloqot tashkil etildi. Unda imtihonlar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan bir nechta savollarga javob berildi.

  • Mazkur materialga ochiq kirish imkoniyati texnik sabablarga ko‘ra muayyan muddatga cheklangan edi. Tahririyat buni boshqacha talqin qilmaslikni so‘raydi.

Mavzuga oid