15 iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab prezident maktablariga qabul imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu bosqich matematika bo‘yicha 30 ta test topshirig‘idan iborat.

Imtihonlar kun davomida uchta smenada – 08:00, 12:00 va 17:00 da tashkil etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda, 1-smenada foydalanilgan test topshiriqlari 2-smenada ham aynan takrorlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Ta’lim eksperti Komil Jalilovning yozishicha, testlarning takrorlangani natijasida o‘quvchilarni prezident maktablariga tayyorlash bilan shug‘ullanadigan markazlar 1-smenadan chiqqan o‘quvchilardan testlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ib olib, 2-smenada kiradigan o‘quvchilariga yodlatgani iddao qilinmoqda.

15 iyul kuni tush vaqtidan boshlab ayrim Telegram-kanallarda shu kungi 1-smena imtihonida tushgani aytilgan testlar tarqaldi. Komil Jalilov rasmiylardan bu iddaolarga aniqlik kiritishni so‘radi.

“Prezident maktabi tayyorlov” kanaliga 15 iyul kuni joylangan, shu kungi imtihonning 1-smenasida tushgani da’vo qilinayotgan savollar
“Prezident maktabi tayyorlov” kanaliga 15 iyul kuni soat 12:52 da joylangan surat

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi internetdagi bu gap-so‘zlarni rad etdi.

“Turli ijtimoiy tarmoqlarning “1-smena savollari 2- va 3-smenada ham takrorlangan” deya xavotir bilan bildirayotgan fikr-mulohazalari asossiz.

Hurmatli ota-onalar, shuni ma’lum qilamizki, barcha imtihon savollari har yilgidek Cambridge Assesment International Education xalqaro tashkiloti tomonidan O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida qo‘llanadigan o‘quv dasturlari asosida tayyorlandi.

Talabgorlar sonidan kelib chiqib mazkur birinchi bosqich imtihonlari 3 smenada 3 xil variantda tashkil qilingan. Cambridge Assesment International Education xalqaro tashkiloti har yili imtihon savollarini zaxirasi bilan taqdim etadi.