O‘zbekiston | 17:21 / 02.02.2018
9216
3 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy sud moddada nazarda tutilmagan jazo chorasini qo‘llashga haqli 

Foto: Fotolia

29.01.2018 yildagi O‘RQ–463-son Qonun bilan ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo choralarini yengillashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.
 
Chunonchi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (bundan keyin – MJTK) 33-moddasiga qo‘shimcha kiritildi. Unda belgilanishicha, ma'muriy sud MJTKning Maxsus qismidagi moddada nazarda tutilmagan boshqa yanada yengil jazo tayinlashga haqli. Bu holda u MJTKning 23-moddasida sanab o‘tilgan ma'muriy jazo turlari orasidan tanlanadi, deb yozmoqda Norma.uz.   
 
Masalan, transport vositasini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta'siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarish transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi (MJTKning 131-moddasi). 
 
Javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlardan (MJTKning 31-moddasi) biri mavjud bo‘lsa, shuningdek huquqbuzarning moddiy ahvolini hisobga olgan holda «huquqdan mahrum etish» o‘rniga jarima tayinlanishi mumkin. Agar haydovchi kimnidir shifoxonaga olib borishni ko‘zlab mast holda mashinani boshqargan bo‘lsa, bunday qilish o‘rinli. Ilgari sud shaxsning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik muddatini kamaytirish huquqigagina ega edi. Biroq ushbu jazo chorasini jarimaga almashtirishga ruxsat berilmas edi. 
 
Ma'lumot uchun. Yuridik amaliyotda qabul qilinganidek, MJTKning 23-moddasidagi ma'muriy jazo turlari yengilrog‘idan boshlanib, tobora qat'iyroq tus oladi: jarima; ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish; ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish; muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish; ma'muriy qamoqqa olish; chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish.
  
Hujjat 1.04.2018 yildan kuchga kiradi. 

Mavzuga oid