Ukrainada asir tushgan o‘zbeklar: biri migrant, ikkinchisi talaba
Ukrainaning qarshi hujumi davomida ortga chekinayotgan Rossiya qo‘shinlari Balakliya atrofida asir tushayotgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, asirlar orasida Rossiya tarafida turib jang qilgan o‘zbekistonliklar ham bor.
Internetda tarqalgan videoda ukrain harbiylari ikki o‘zbekistonlikni asir olganini ko‘rish mumkin. Rossiya armiyasi safida xizmat qilgan har ikki erkak o‘zlarining samarqandlik ekanini aytishgan.
Ulardan biri videoda Rossiyada besh yildan beri ishlab kelayotgani, noqonuniy ishlab yurgan paytda urushga majburan yuborilganini aytgan bo‘lsa, boshqasi talaba ekani, pul uchun harbiy harakatlarda qatnashishga rozi bo‘lganini ta’kidlaydi.
“Moskvada qurilishda ishlardim. Hujjatlarim yo‘q edi, shu holatda 5 yil ishlab kelayotgandim. Meni bu yerga majburlab yuborishdi. Bu yerga kelishni xohlamagandim. Kelishga majbur bo‘ldim. Kechiringlar meni. Biz kelgan mashinada besh kishi bor edi. Komandirning ismini bilmayman. O‘tgan kecha tunagan joyimni aniq bilmayman”, deydi Samarqand viloyatidan ekanini aytgan, biroq yig‘i aralash ovozidan familiyasini anglab bo‘lmagan erkak.
“Yoshim yigirma ikkida. Hech qayerda xizmat qilmaganman. “Redut” xususiy harbiy kompaniyasiga minomyotchi bo‘lib yollanganman. To‘g‘risi, qayerdan kelayotganimizni ham, qayerga borayotganimizni ham bilmayman. Bizni bu yerga “Kamaz”da olib kelishdi. Yonimda O‘zbekistondan yana bir yigit bor edi. Rossiyada o‘qirdim, pul kerak bo‘lgani uchun xususiy harbiy kompaniyaga yollangandim”, deydi o‘zini Muhriddin Ahmedov deb tanishtirgan yigit.
Hozircha O‘zbekiston tomoni voqeaga hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.
Ammo jamoatchilik faollari Ukraina hududida Rossiya harbiylari kiyimida asirga tushgan vatandoshlar masalasiga befarq qarab turgani yo‘q. Jumladan, taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov Rossiyada vatandoshlarni urushga targ‘ib qilayotgan xoinlar borligi va ular albatta javobgarlikka tortilishi kerakligini aytmoqda.
Hoshimovga ko‘ra, o‘zbek diasporasining rahbarlari deb hisoblanuvchi bu shaxslar o‘z vatandoshlarining qoni va joni hisobiga “yangi vatanlarida” pul va obro‘ orttirishdan hazar qilishmaydi. Ularning aldoviga uchgan ilmsiz, sodda yigitlar joni, qoni va ozodligidan mahrum bo‘lishyapti.
Avvalroq o‘zini Perm o‘lkasi o‘zbeklarining Markaziy Osiyo jamiyati yetakchisi deb hisoblaydigan Jahongir Jalolov o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ishtirokidagi qandaydir yig‘ilishda Amir Temur nomidagi batalon tashkil qilib, Rossiya tarafida turib Ukrainaga qarshi jangga kirishga da’vat qilgandi.
Shuningdek, o‘zini Moskvadagi o‘zbek diasporasi rahbari deb e’lon qilgan Bahrom Ismoilov O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya armiyasiga qo‘shilishga chaqirib, buning evaziga ushbu mamlakat fuqaroligini olish imkoniyati tezlashishini bildirgandi.
O‘shanda O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi vatandoshlarni turli ko‘ngilli batalonlarda ishtirok etmaslikka chaqirib, buning oqibatlaridan ogohlantirgandi.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biror shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi jinoyat hisoblanadi va bunday harakatni sodir etganlar 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024