Ukrainaning qarshi hujumi davomida Xarkiv yo‘nalishida chekinayotgan Rossiya armiyasi askarlari asir tushmoqda. Asirlarning bir qismi - yaqinda muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar. BBC ulardan birining qarindoshlari bilan bog‘landi.
«Siz qaysi mamlakat fuqarolarisiz? Rossiyaliklarmi? Ota-onangiz bormi? Yoshingiz nechada? Urushga ketayotganingizni bilganmidingiz?» - deya savol beradi ukrainalik harbiy xizmatchi asir tushgan rossiyalik yosh askarlarga.
Ular Kaliningrad oblastidan kelishgani, barchasining yoshi yigirma atrofidaligi, uyda ularni ota-onalari kutayotgani, urushga ketayotganidan esa bexabar bo‘lishganini aytishadi.
«Sizga bu urush kerakmi? 10-15 yil oldin Rossiyada ko‘plab do‘stlarim bor edi. Sizni almashtirishadi va siz mamlakatingizdagilarga bizga bu urush kerak emas deb aytasiz. Biz bu yerda do‘stlarimiz, yaqinlarimizni yo‘qotyapmiz. Urush tufayli bir oy oldin otam vafot etdi. Men tinch hayotda yashashni istayman. Maktabda ishlashda davom etishni, bolalarni tarbiyalashni xohlayman. Men xotinim bilan yashashni istayman. [Nega] bu yerga keldingiz? Biz tinch yashayotgandik, bu yerda barcha hayotdan xursand edi. Bu yerda sizning nima keragingiz bor? Ularni to‘plang. Siz Severodonetskni bilasizmi? Biz o‘sha yerdanmiz. Nega siz u yerni vayron qildingiz?» - deya monolog o‘qigan Ukraina qurolli kuchlari jangchilaridan biri asirlar oldida.
7 sentabr kuni ukrainalik harbiylar rossiyalik harbiy asirlarni so‘roq qilish jarayoni aks etgan videoyozuv Xarkiv oblastidagi Balakliya shahridagi vaziyatni yoritayotgan telegram-kanallarda tarqaldi. Unda «DXR» yoki «LXR»da safarbar qilingan aholi vakillari yoki Rosgvardiya jangchilari emas (rossiyaparast manbalar Xarkiv oblastidagi front chizig‘ida shunday bo‘linmalar mudofaalanayotgani haqida aytgandi), balki kaliningradlik motoo‘qchilar aks etgan.

Rossiya armiyasi frontning turli uchastkalarida qanday qismlar jang qilayotgani haqida ma’lumotlarni ochiqlamaydi, ammo frontda bu kabi keskin o‘zgarishlar ro‘y bergan mahalda ochiq manbalar asosida ayrim tafsilotlarni olish mumkin.
Ukrain kanallari yangi asirlar haqidagi xabarlarida, hazil o‘laroq Rossiya tomoni frontga «10 B sinf o‘quvchilari»ni yuborganini yozadi, chunki ko‘plab harbiylar juda yosh: 2000-2002 yillarda tug‘ilgan. Ayrimlari bir necha oylik muddatli harbiy xizmatdan keyin yaqinda shartnoma imzolagan. Bu Rossiyaning Xarkiv yo‘nalishidagi resurslari tugayozganidan darak berishi mumkin, avvalroq Ukraina qurolli kuchlari janubda manyovrlar amalga oshirib, Rossiya armiyasini Xerson mudofaasi uchun yo‘naltirgandi.
















