Jamiyat | 18:35 / 18.08.2021
51455
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyati IIB Elbek Rahimovning o‘ldirilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar berdi

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati sport murabbiyi Elbek Rahimovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq qo‘shimcha ma'lumotlar berdi. Unga ko‘ra, bir guruh shaxslar unga og‘ir tan jarohatlari yetkazib, sportchini Chiroqchi tumaniga tashlab ketishgan.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 17 avgust kuni soat 10-00larda yetti nafar sovuq qurollar bilan qurollangan shaxslar Qarshi shahrida yashovchi Elbek Rahimovning ko‘p qavatli uyidan chiqishini kutib turgan. Sportchi ko‘chaga chiqqanidan keyin bosh, yuz, ko‘krak va tanasining boshqa sohalariga urib unga og‘ir tan jarohati yetkazishgan va «Jyentra» mashinasiga majburan o‘tqazib olib ketishgan. So‘ng jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida uni Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga olib borib tashlab ketishgan.

Oqibatda, Elbek Rahimov ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan shu kuni shifoxonada vafot etgan. Jinoyatni fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor qidiruv surishtiruv tadbirlari natijasida shu kunning o‘zida jinoyatga aloqador Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi fuqarolar Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A. ushlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Qarshi shahar prokurori tomonidan jami yetti nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l», «p» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilindi hamda himoyachi bilan ta'minlanib, Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida qamoqqa olingan. Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan qo‘shimcha ravishda ma'lumot beriladi.

Mavzuga oid