O‘zbekiston | 15:50 / 24.11.2025
4769
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat kompaniyalari prezident ruxsatisiz homiylik bilan shug‘ullanishni to‘xtatadi

Prezident farmoyishi bilan, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori korxonalarga davlat rahbarining qarorlari va topshiriqlaridan tashqari boshqa hollarda homiylik yordamlarini ko‘rsatishni to‘xtatish buyurildi.

Foto: Kun.uz

Davlat korxonalarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha prezident farmoyishi qabul qilindi. Unda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori kompaniyalarga faoliyatiga yangi talablar belgilangan.

“Davlat korxonalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlaridan tashqari boshqa hollarda homiylik yordamlarini ko‘rsatishni to‘xtatsin”, – deyiladi farmoyishning 9-bandida.

Hujjat bilan, “UzAssets” AJ boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalarining 2026 yilgi biznes-rejalari 2 oy muddatda tanqidiy ko‘rib chiqilishi belgilandi.

2026 yil 1 martdan boshlab, “UzAssets” AJ boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalarida:

  • buxgalteriya hisobini yuritish axborot tizimida moliyaviy rejalashtirish, xaridlar, shartnomalar ijrosi, g‘aznachilik to‘lovlari, savdo operatsiyalari va komplayens nazorat qilish imkoniyatini beradigan “Yagona g‘aznachilik” axborot tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali korxona va uning tizimidagi korxonalarning barcha daromad va xarajatlari markazlashgan holda amalga oshiriladi;
  • ishlab chiqarish va moliyaviy oqimlar, tannarx, investitsiya va kreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn tahlil qilish hamda biznes-reja ijrosini nazorat qilish imkonini beruvchi “Moliyaviy model” elektron dasturi ishga tushiriladi;
  • umumiy xizmat ko‘rsatish markazlari (Shared Service Centers) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali yordamchi xizmatlar va funksiyalar (xaridlar, kadrlar, buxgalteriya, axborot texnologiyalari, yuridik xizmatlar) markazlashtiriladi;
  • biznes jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, xarid operatorlari, davlat xaridlari elektron tizimining operatorlari, elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtiruvchi operatorlar, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari va boshqa tashkilotlar axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilishga ruxsat beriladi.

Ma’lumot uchun, UzAssets saytida kompaniya portfeli quyidagicha ekani ko‘rsatilgan: NKMK, OKMK, “Navoiyuran”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekko‘mir”, UzAuto Motors, “O‘zkimyosanoat”, “Navoiyazot”, “O‘zbekgidroenergo”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘ztransgaz”, UzGasTrade, “Hududgazta’minot”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zbekiston pochtasi”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports, “Toshshahartransxizmat”, “O‘zbektelekom” hamda davlat banklari.

Mavzuga oid