O‘zbekistondagi eng yaxshi profilaktika inspektori, tergovchisi, tezkor xodimi hamda hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i aniqlanadi
13–14 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida 42 nafar profilaktika inspektori qatnashadi.
“Jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni, shuningdek, “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga asosan ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatini yanada rag‘batlantirish, xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida har yili ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur tanlov ikki bosqichdan – hududiy saralash va respublika-final bosqichlaridan iborat. Tanlov “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim”, “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i” kabi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi. Ishtirokchilardan sohada kamida bir yil amaliy ish tajribasiga ega bo‘lish talab etiladi.
Ishtirokchilar jismoniy tayyorgarlik, o‘q otish bo‘yicha bahslarda ishtirok etishadi. Shuningdek, tanlovda qatnashayotgan profilaktika inspektorlarining nazariy bilim darajasi, intellektual va individual psixologik darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari hamda og‘zaki suhbat orqali tekshiriladi.
Ichki ishlar vazirligining IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, “Eng yaxshi profilaktika inspektori” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan jami 42 nafar profilaktika inspektori respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. Tanlovning respublika bosqichi ikki kun davomida, ya'ni 13–14 oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
Hukumat qaroriga ko‘ra tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari bir oylik pul ta'minotining 50 foizi miqdorida, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan xodimlar tegishlicha bir oylik pul ta'minotining 20 va 10 foizi miqdorida bir yil davomida moddiy rag‘batlantirilishi belgilangan.
“Eng yaxshi profilaktika inspektori” ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlari 25 oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kunida e'lon qilinadi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi 28 oktabr kuni o‘tkazilishi belgilangan.
Mavzuga oid
14:48 / 22.10.2024
Narkokurerga yordamlashgan profilaktika inspektori uzoq muddatga qamaldi
09:10 / 07.08.2024
Bo‘stonliqda profilaktika inspektori xotini va 7 oylik chaqalog‘ini, so‘ngra o‘zini otib o‘ldirdi
14:07 / 30.11.2022
Profilaktika inspektori qotili qo‘lga olindi
11:33 / 30.11.2022