O‘zbekiston | 00:38 / 12.03.2020
130752
7 daqiqa o‘qiladi

Avtozavod ishlamasa, O‘zbekiston aholisi nima yo‘qotadi? UzAuto Motors vakili javob berdi

11 mart kuni deputat va senatorlar hamda «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors vakillari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Deputat Rasul Kusherbayev avtomobilsozlik sohasi rahbarlariga savollar bilan yuzlandi.

«Balki men noto‘g‘ri o‘ylayotgandirman, sizlar mutaxassissizlar. Tasavvur qilib ko‘raylik, ayni paytda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishlamasa, 34 millionlik O‘zbekiston aholisi nimani yo‘qotadi?» – so‘radi Kusherbayev.

Rasul Kusherbayev

Savolga UzAuto Motors`ning moliyaviy masalalar bo‘yicha boshqaruvi direktori Aleksandr Saxapov javob berdi.

«Kamida 18 mingta ish o‘rnini yo‘qotamiz. Bir nafar ishchi oilasida uch kishi bo‘lsa, bu raqamni uchga ko‘paytirishimiz kerak.

Ikkinchidan, biz QQS bo‘yicha to‘lovlarning o‘zidangina 4 trillion so‘m miqdoridagi budjet tushumlarini yo‘qotamiz», – dedi Aleksandr Saxapov.

Aleksandr Saxapov

Mahalliy bozordagi avtomobillar zavoddan ayrim defektlar bilan chiqishi rad etildi

Rasul Kusherbayevning boshqa bir savoli ortidan muhokama qizg‘in kechdi, bu savol uchun deputat populizmda ayblandi.

«Eksport uchun va mahalliy aholi uchun ishlab chiqilayotgan avtomobillar sifatida farq bor. Eksport namunasi juda yaxshi deyishadi. Men ko‘rmaganman. Afsuski, biz eksport uchun mo‘ljallangan avtomobillarni xarid qilishdan mahrummiz.

O‘zimizning mahalliy aholi uchun ishlab chiqilayotgan avtomobillar esa defektlar bilan chiqarilmoqda. Har bir olingan avtomobilni, Sergeli bozoriga olib borib, 400-500 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha yangi mashinaga qo‘shimcha xarajat qilib, rezinalarini o‘rnatish kerak. Go‘yoki, tasavvur paydo bo‘lyapti, zavod bilan Sergeli bozori ma'muriyati kelishib olgandek. Borishingiz bilan qayerda nima kamchiligi borligini topib berishadi. Yangi mashinada kamchiliklar borligini ko‘rib hayron qolasiz.

Savol: eksport uchun sifatli chiqarilayotgan avtomobillar nega o‘zimizning fuqarolarimiz uchun ham shunaqa sifatli chiqarilmaydi?»

Kusherbayevning savoliga «O‘zavtosanoat» strategik rejalashtirish, tahlil va rivojlantirish boshqarmasi rahbari Rustam Qodirov javob berdi.

Rustam Qodirov

«Sifatlar orasidagi tafovut haqida. Birinchidan, sifat va komplektatsiya (jihozlanish to‘plami) tushunchalarini alohida tasavvur qilishlaringizni xohlar edim. Negaki, eksport bozorlari, jumladan Rossiyada avtomobil komplektatsiyasiga o‘ziga xos talablar borki, u talablar O‘zbekistonda yo‘q. Masalan, u yoqda iqlim sovuqroq bo‘lgani uchun o‘rindiqlar isitiladigan bo‘lishi kerak.

Buni biz ichki bozordagi avtomobillarga ham qo‘yishimiz mumkin, ammo bu narxning ko‘tarilishiga olib keladi. Biz yaqinda 500 ming so‘m evaziga eksport uchun chiqarilayotgan avtomobillardagi mavjud opsiyalarni qo‘yib berish bo‘yicha aksiya e'lon qildik, bu – o‘rindiqlar yoki rulni isitish moslamalari va hokazo.

O‘shanda ham OAVda avtomobil narxi qimmatlashgani haqida yozildi. Ayni opsiyani Sergeli bozoridan xarid qilib o‘rnatsa, 3-4 mln so‘mga aylanadi.

Bizda o‘rindiqni isituvchi moslama kerak emas. Rossiyada, import talabi bo‘yicha o‘rnatishga majburmiz. Kunduzgi yurish chiroqlari masalasida ham shunday edi. O‘tgan yili O‘zbekistonda ham shu talab kiritildi. Biz ham ushbu chiroqlarni o‘rnatib chiqarishni boshladik. Shunday bo‘lsa-da, uning narxi avtomobil qiymatiga qo‘shilmadi. Vaholanki, har bir detal 300 ming atrofida bo‘lganidan keyin, katta summaga aylanadi. Buning barchasini inobatga olishimiz lozim», – dedi Rustam Qodirov.

«O‘zavtosanoat» vakilining aytishicha, sifat nuqtayi nazaridan hech qanday savol bo‘lishi mumkin emas, chunki eksportga va mahalliy bozorga yetkazib berilayotgan avtomobillarning barchasi bir konveyerdan chiqadi hamda bir xil butlovchi qismlar ishlatiladi.

«Sifat masalasini oladigan bo‘lsak, eksportga yuboriladigan, balki mahalliy bozorga ketadigan mashina ham bir konveyerdan chiqadi. «Brak»lar xususida tan olib aytishimiz kerak. Qolaversa, buni dunyoning barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilari ham tan oladi, qandaydir kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi bor. Inson omili bor», – dedi Rustam Qodirov.

Deputat Kusherbayev, o‘z navbatida, nima uchun barcha avtomobillarda bir xil «brak» kuzatiladi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Bu nafaqat «O‘zavtosanoat» vakillari, balki ayrim deputatlar, xususan, ushbu tadbir tashkilotchisi bo‘lgan «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning ham e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

«Rasuljon aka, iltimos qilmoqchi edimki, «barchasi shunday chiqadi» deyishingiz... Siz deputatsiz. Xalq bizdan ko‘ra, sizga ko‘proq ishonadi.

Hammasi defekt bilan chiqadi, degan gapingiz, menimcha, ozgina populistik gap bo‘lib qoladi», – dedi Rustam Qodirov.

«Rasuljon, biz milliy ishlab chiqaruvchimizni bunaqa tahqirlamasligimiz kerak. Hammasi shunaqa chiqadi, degan gapga men qo‘shilmayman», – dedi Alisher Qodirov.

Shundan so‘ng, deputat Kusherbayev boshqacharoq yondashuv bilan, UzAuto Motors avtomobillarining 10 foizi nuqson bilan zavoddan chiqadi, degan fikrni ilgari surdi.

«10 foiz deyishingiz ham noto‘g‘ri. Raqamlar bo‘lsa, keltiring», – deya javob qildi Rustam Qodirov.

«O‘zavtosanoat» AJ raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Yusupov tortishuvga yechim variantini ilgari surdi: u masalaga ishonch hosil qilish uchun deputatlarni UzAuto Motors kompaniyasining Asakadagi zavodiga taklif qildi.

Rustam Yusupov

UzAuto Motors`ning moliyaviy masalalar bo‘yicha boshqaruvi direktori Aleksandr Saxapov ayni masalaga qo‘shimcha qilar ekan, bitta konveyerdan chiqadigan avtomobillarga turli xil ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar qo‘yishning umuman imkoni yo‘qligini ta'kidladi.

«Bugungi kunda kompaniya GM kompaniyasining BIQ-3 sifat sertifikatiga ega, bu degani «brak» avtomobil ishlab chiqarish uchastkasidan chiqmaydi. Bunday zavodlar dunyoda kam. Koreyadagi zavod ham BIQ-4 sertifikatiga ega.

Eksport qilinadigan va mahalliy bozor uchun chiqariladigan avtomobillarga bir xil butlovchi qismlar qo‘yiladi. Kengroq tushunish uchun, har 3 daqiqada 1ta avtomobil konveyerdan chiqadi. Eksport va mahalliy avtomobillar uchun boshqa-boshqa jihozlardan foydalanish imkonsiz», – dedi Saxapov.

Mavzuga oid