Jahon | 15:07 / 28.03.2024
16684
7 daqiqa o‘qiladi

«Savol o‘rinli, ammo biz tan olmaymiz» - UXX rahbari rossiyalik propagandachilarga suiqasdlar haqida

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari katta intervyu berdi. U Qrimdagi va Rossiya hududlaridagi portlashlar, Vladlen Tatarskiy o‘ldirilishi hamda Zaxar Prilepinga suiqasd uyushtirilishi haqidagi savollarga javob qaytargan.

Foto: Kursk oblasti ma’muriyati

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari (SBU) Vasiliy Malyuk «Fakti ICTV» kanali uchun intervyu berib, ukrain maxsus xizmatlari Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar orqali zarbalar berganini tasdiqladi. U shuningdek Zaxar Prilepinga uyushtirilgan suiqasd hamda «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiy va Oliy radaning sobiq deputati Ilya Kivaning o‘ldirilishiga izoh bergan. Quyida ushbu intervyuning asosiy joylari keltiriladi.

«Biz nima qilishimiz kerak? Putinni kisloroddan uzishimiz»

Vasiliy Malyuk Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga uchuvchisiz uchar qurilmalar orqali hujumlar uyushtirayotganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hujumlar davom ettiriladi. U «Rossiya o‘z budjetini aynan neft mahsulotlari eksporti hisobiga to‘ldirishi»ni ta’kidlagan. 

«Bu amalda uning budjetining uchdan bir qismi, harbiy budjetning esa asosiy ulushidir. Biz nima qilishimiz kerak? Albatta, bunday tushumlarni maksimal darajada minimallashtirish va avtomatik ravishda [Vladimir] Putinni kisloroddan uzishimiz. Shuning uchun uzoq masofali dronlar orqali qator muvaffaqiyatli amaliyotlar o‘tkazildi», — degan u. 

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari tasdiqlashicha, Ukraina neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar evaziga «allaqachon Rossiya neftini qazib olish va qayta ishlash hajmini 12 foizga qisqartirgan». U Ukraina xavfsizlik xizmati bu ishlarni Ukraina mudofaa vazirligining Maxsus amaliyotlar kuchlari (SSO) va Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) hamkorligida amalga oshirayotganini qo‘shimcha qilgan. 

«Qrim ko‘prigini yo‘q qilish uchun salohiyatimiz yetarli»

Malyukning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining ikki hujumidan keyin Rossiya endilikda Qrim ko‘prigidan qurollarni tashishda foydalanmayapti — bu hujumlar 2022 yil oktyabrida va 2023 yil iyulida amalga oshirilgandi. U Moskva ko‘prikni to‘liq tiklash ustida ish olib borayotganini qayd etgan. 

«Ular tayanch ustunlarni tiklaganida, yana qurol-aslahalarni tashiy boshlashi mumkin. O‘shanda, tabiiyki, biz yana bir bor ularga „salom“ yo‘llaymiz. Barcha narsaning o‘z vaqti bor, keling, voqealar rivojidan oldinga o‘tib ketmaylik. Albatta, bizda uni to‘liq yakson etish uchun salohiyat bor», — degan UXX rahbari.

U shuningdek Qrim ko‘prigiga 2022 yil oktyabrida amalga oshirilgan ilk hujumga tayyorgarlik tafsilotlariga to‘xtalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «operativ reja»ni ishlab chiqish 2022 yil martida boshlangandi. Ko‘prikda «plyonka rulonlari ostiga yashirilgan» qo‘lbola portlovchi qurilmalar portlatilgandi.

«Biz geksogen aralashmasidan foydalandik, uning umumiy vazni qariyb 14 tonnani tashkil etardi, trotil ekvivalentda — bu 21 tonna degani. O‘ta murakkab uch martalik o‘zaro bog‘langan detonatsiya tizimi qo‘llangan. Darvoqe, uchinchisi ishladi, chunki oldingi ikkitasi radioelektron kurash vositalari tomonidan to‘silgandi», — degan Malyuk.

«Savol manziliga to‘g‘ri yo‘llangan, ammo biz buni tan olmaymiz»

«Fakti ICTV» jurnalisti Yelena Frolyak Malyukdan Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlarining ukrainalik sobiq deputat Ilya Kiva, «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiy, shuningdek Donbassdagi ayirmachilarning sobiq yetakchilaridan biri Oleg Tsarev hamda yozuvchi Zaxar Prilepinga suiqasdlarga nechog‘lik aloqadorligi to‘g‘risida so‘ragan.

«Siz savolni o‘rinli beryapsiz, ammo biz buni hech qanaqasiga tan olmaymiz», — deya javob qaytargan Malyuk. Shu bilan birga, u intervyuda suiqasdlarning tafsilotlarini aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prilepin suiqasd natijasida go‘yoki «jinsiy a’zosidan ayrilgan».

Haqiqiy harbiy jinoyatchi. O‘z hovlisiga ketayotganida yo‘lda tegishli tank minasi ishlab ketadi. O‘sha kuni rulda uning haydovchisi bo‘lgan, u ham vatandoshlarimizni o‘ldirgan harbiy jinoyatchi. Haydovchi voqea joyida halok bo‘lgan, Prilepin esa jiddiy jarohatlangan, tos suyagi, oyog‘i jarohatlangan va kechirasiz, u jinsiy a’zosisiz qolgan. Mayli, shunday yashashda davom etsin va hayotdan bahra olsin.

Vladlen Tatarskiyning o‘ldirilishini izohlarkan, Malyuk «harbiy muxbir»ga topshirilgan haykalchada «400 gramm termobarik moddalar bo‘lgani, ular [Tatarskiyga] „britva kabi“ ishlagani» haqida aytgan.

Malyuk shuningdek Ilya Kiva qisqa stvolli qurol orqali o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Sobiq deputatning dastlab ko‘krak sohasiga otilgan, keyin esa boshiga «ishni tugatib qo‘yish» uchun boshiga o‘q uzilgan.

Rossiya qanday javob qildi?

Vasiliy Malyukning intervyusi 25 mart kuni e’lon qilindi. Keyingi kuni Moskva shahar Basmanniy rayon sudi uni Qrimda 2022 yil kuzida ro‘y bergan portlash bo‘yicha tergov ishi doirasida sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Tergov qo‘mitasi versiyasiga ko‘ra, Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari terrorchilar guruhi tashkilotchisi bo‘lgan. Uni teraktda (RF 205-moddasi, 3-qismi, «b» bandi) ayblashgan.

Sudda shuningdek Malyuk allaqachon qidiruvga berilgani e’lon qilingan. U qachondan ushbu ish doirasida figurant bo‘lgani va uni qamoqqa olish to‘g‘risidagi qaror intervyu bilan qanchalik bog‘liqligi noma’lum.

Mavzuga oid