Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy UXX rahbarini iste’foga chiqardi
Vasiliy Malyuk rahbarligi davrida Ukraina xavfsizlik xizmati ko‘plab shov-shuvli amaliyotlarni o‘tkazgandi, Qrim ko‘prigidagi portlashlar va «Pautina» operatsiyasi shular jumlasidan. Ukrainalik nufuzli harbiylar bu iste’foga qarshi bo‘lishgandi. Malyukning jamoasidagilar esa bu iste’foni prezident ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakning qasosi deb hisoblashmoqda – UXX rahbari korrupsiya mojarosi vaqtida uni qo‘llamagan.
Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk iste’foga chiqdi. Prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin u o‘z lavozimini tark etayotgani, ammo «UXX tizimida qolishi va kelgusida ham dushmanga maksimal zarar yetkazadigan jahon miqyosidagi nosimmetrik maxsus operatsiyalarni amalga oshirishda davom etishi»ni ma’lum qilgan. U aynan qanday lavozimni egallashi hozircha ma’lum emas.
Zelenskiy general-mayor Yevgeniy Xmara nomzodini UXXning yangi rahbari lavozimi uchun ilgari surgan. Xmara – Ukraina xavfsizlik xizmatining tajribali xodimlaridan bo‘lib, 2023 yildan Terrorizmga qarshi maxsus operatsiyalar markaziga rahbarlik qilgan, 2025 yil avgustida «Alfa» maxsus operatsiyalar markazi rahbari etib tayinlangandi. Endi Oliy rada Xmarani UXX rahbari lavozimiga tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Malyuk UXXga 2022 yil iyulidan boshlab rahbarlik qilgan (2023 yil yozigacha – vazifa bajaruvchi maqomida). Maxsus xizmatlar uning rahbarligi davrida Rossiya hududida qator shov-shuvli amaliyotlar o‘tkazdi, «O‘rgimchak to‘ri» («Pautina») operatsiyasi va Qrim ko‘prigidagi portlashlar, shuningdek, Rossiyaning ichkari hududlaridagi neftni qayta ishlash zavodlariga uzluksiz hujumlar shular jumlasidan.
Ukrainadagilar Malyukning xavfsizlik xizmatidagi faoliyatini o‘ta muvaffaqiyatli deb baholashadi. «RBK-Ukraina» urushga qadar bo‘lgan davrda UXXning funksiyalari faqat ichki xavfsizlik masalalari bilan cheklangan bo‘lgani, Malyuk xizmatga rahbar etib tayinlangach, Kirill Budanov rahbarligidagi Bosh razvedka boshqarmasi kabi UXX ham «amalda urushning to‘laqonli ishtirokchilari va jahon brendlariga aylangani»ni ta’kidlaydi.
«Aynan u UXXni noyob maxsus operatsiyalar o‘tkazadigan va muzokaralar stolida Ukraina uchun kuchli kartalar beradigan samarali maxsus xizmatga aylantirdi», - degandi 3 yanvar kuni Politico nashriga shaxsi oshkor etilmagan ukrainalik mulozim. Uning so‘zlariga ko‘ra, Malyukning UXXdan ketishi maxsus xizmatni jiddiy zaiflashtiradi: «Agar Malyuk o‘z lavozimini tark etsa, Kremldagilar shampan vinosini ochadi».
Malyuk iste’foga chiqarilishi mumkinligi haqidagi xabarlar yanvarning ilk kunlarida paydo bo‘lgandi. Bu xabarlar fonida 3 yanvar kuni ukrainalik taniqli harbiy komandirlar va tahlilchilar ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida bir vaqtning o‘zida Malyukni qo‘llab-quvvatlab postlar yozishdi va u bilan hamkorlikdagi muvaffaqiyatlarni e’tirof etishdi.
Xususan, Ukraina qurolli kuchlari birlashgan kuchlari qo‘mondoni general-mayor Mixail Drapatiy UXX rahbari qarorlarining samaradorligi operatsiyalarning oshkoraligi bilan emas, balki ichki xavfsizlik darajasi va dushmanning jangovar qobiliyatiga ta’siri bilan belgilanishini aytdi. «Bu ishlarning natijalari jang maydonida ham, front ortida ham seziladi... Urush tezda hamma narsani joy-joyiga qo‘yadi. Shu ma’noda Vasiliy Malyuk – aynan kerakli joyda», – degandi u.
Xuddi shunday pozitsiya Ukraina milliy gvardiyasining «Azov» 1-korpusi qo‘mondoni Denis Prokopenko va 3-armiya korpusi qo‘mondoni Andrey Biletskiy ham bildirdi. «Vasiliy Malyukning almashtirilishi – Ukraina harbiy mashinasining eng samarali elementlaridan birini to‘g‘ridan to‘g‘ri zaiflashtirishdir. Bu bosqichda har qanday kadrlar almashinuvi – front va davlatning mudofaa qobiliyati uchun xavfdir», – dedi Biletskiy.
Zelenskiy BBC Ukraina so‘roviga javoban, harbiylarning chiqishlariga munosabat bildirib, shunday degan: «Barchani hurmat qilaman, ammo men amalga oshirish rejalashtirilgan rotatsiyalarni amalga oshiraman».
Keyinroq «Ukrainskaya pravda» o‘z manbalariga tayanib, shanba kuni Malyuk Zelenskiy bilan uchrashuv vaqtida iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozishdan bosh tortib, hozirda UXXda «O‘rgimchak to‘ri» miqyosidagi bir nechta operatsiyalar yakuniy bosqichda ekani va ularni tashlab ketish «jinoyat» bo‘lishini aytgani haqida yozdi. UXX rahbari Zelenskiyga uni ishdan bo‘shatish masalasini Oliy Radaga topshirishni taklif qilgan. Prezident esa uning rad javobidan «g‘azablangan».
Yakshanba kuniga kelib Malyuk bosim ostida baribir rozi bo‘lgan, u prezident bilan munosabatlarni keskinlashtirishga borish – davlatga zarar yetkazish degan qarorga kelgan.
«Ukrainskaya pravda» ma’lumotlariga ko‘ra, Malyukning jamoasidagilar uning iste’fosini hali ham norasmiy ta’sirini saqlab kelayotgan prezident ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakning qasosi deb hisoblamoqda. UXX rahbari korrupsiya mojarosi paytida Yermakni himoya qilib chiqmagani va hatto uning ishdan bo‘shatilishi tarafdori bo‘lgani aytiladi. Yakunda bu mojaro shu paytgacha mamlakatdagi ikkinchi nufuzli shaxs bo‘lib kelgan Yermakning o‘ziga ham qimmatga tushgandi.
Zelenskiy yanvar oyi boshidan beri hukumat va kuchishlatar tuzilmalarda qator keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirishga kirishdi. 2 yanvar kuni u Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasini boshqargan Kirill Budanovni o‘z ofisi rahbari etib tayinladi. Uning o‘rniga Tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivashenko Bosh razvedka boshqarmasining yangi rahbariga aylandi.
Zelenskiy mudofaa vaziri Denis Shmigalni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va energetika vaziri lavozimiga o‘tkazdi. Raqamli axborot vaziri Mixail Fedorov esa yangi mudofaa vaziri bo‘lishi kutilmoqda, u bungacha bosh vazir o‘rinbosari sifatida pilotsiz tizimlarni rivojlantirishga mas’ul edi.
Mavzuga oid
21:34 / 07.01.2026
Zelenskiy xuddi Maduro kabi Ramzon Qodirovni ham qo‘lga olishni taklif qildi
15:14 / 07.01.2026
Zelenskiy o‘z ofisi rahbari Budanovni Milliy xavfsizlik kengashi tarkibiga kiritdi
14:14 / 07.01.2026
Deklaratsiya loyihasi: AQSh Ukraina xavfsizligini kafolatlaydi
12:53 / 07.01.2026