Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Nazariyada 25, nizomda 35, amalda esa 45». Sinflarda o‘quvchilar taqsimotiga nega rioya qilinmayapti?
«Maktablarda ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillar qaysi?» savoli bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘zini pedagog sifatida tanishtirgan respondentlarning biri «53 foiz sinflarda o‘quvchilar sonining haddan tashqari ko‘p»ligini sabab qilib ko‘rsatdi.
Umumta'lim maktablarida har bir sinfda 30-35 nafardan o‘quvchi tahsil olayotganini kuzatish mumkin, markaziy tuman va shaharlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 45-50 nafar o‘quvchiga yetib boradi.
Me'yor qancha bo‘lishi kerak?
Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan ortmasligi belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, namunaviy loyiha bo‘yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda hamda o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan, olis tog‘li hududlarda joylashgan, ta'lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan maktablarda o‘quvchilar soni sinflardagi mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib belgilanadi.
O‘quvchilarning o‘zlashtirishi birmuncha qiyin bo‘lgan fanlar ─ chet tili, informatika, qiz bolalar va o‘g‘il bolalar uchun o‘quv dasturlari ikki xil bo‘lganligi uchun mehnat, jismoniy tarbiya fanlari 2 guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Malakali o‘qituvchilar yetarli bo‘lganda o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining I-XI sinflarida «Chet tili» fani,V-XI sinflarda «Informatika» va «Mehnat ta'limi» (Texnologiya) ikki guruhga bo‘lib o‘qitish belgilangan.
45 daqiqada 45 nafar o‘quvchini qamrab olish mumkinmi?
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 140-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida»gi nizom hamda belgilangan sanitar me'yorlari va qoidalariga muvofiq dars mashg‘ulotining davomiyligi 45 daqiqa etib belgilangan.
Soha mutaxassislari tomonidan dars mashg‘uloti uchun ajratilgan 45 daqiqa vaqt quyidagicha taqsimlanishi tavsiya etilgan:
1. Tashkiliy qism (3 minut)
2. O‘tilgan mavzuni takrorlash (7 minut)
3. Yangi mavzuni tushuntirish (15 minut)
4. Yangi mavzuni mustahkamlash (10 minut)
5. O‘quvchilarni baholash (7 minut)
6. Uyga vazifa berish (3 minut)
Pedagog Lobar To‘xliyevaning aytishicha, amalda har bir sinfda 35-40 nafardan o‘quvchi o‘tirgan holda, 1 akademik soat (45 daqiqa) ichida hamma o‘quvchilarni mashg‘ulotlarga qamrab olish —qiyin masala.
«O‘z tajribamdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, sinfxonada 20-25 nafar bola bo‘lganda dars ancha samarali kechadi.
Har bir o‘quvchi bilan individual shug‘ullanishingiz, mavzuni batafsil tushuntirib, uni mustahkamlashga vaqt ajratishingiz mumkin. To‘g‘ri, ko‘p narsa pedagogning salohiyati, malakasiga bog‘liq.
Lekin o‘quvchi ko‘p bo‘lsa, vaqt chegaralangan bo‘lsa, pedagogga bog‘liq bo‘lmagan holda darsning sifati pasayadi. Ayniqsa, hali yetarlicha tajribaga ega bo‘lmagan yosh o‘qituvchilar bu borada qiynaladi. Bolalarni tinchlantirib, diqqatini darsga qaratish oson ish emas», — deydi Buxoro shahridagi 17-maktab o‘qituvchisi Lobar To‘xliyeva.
«O‘tilgan mavzuni so‘rashga 7 daqiqa, yangi mavzu bayoniga 10 daqiqa, mustahkamlashga 10 daqiqa ajratilgan. Sinfda 35 nafar o‘quvchi bo‘lsa, har biridan bir og‘izdan gap so‘rab, 1 daqiqadan vaqt ajratganda ham 35 daqiqa tugadi, deyavering. O‘quvchilar sonini me'yorlashtirish kerak. Hech bo‘lmaganda matematika, ona tili va adabiyot, kimyo, fizika fanlarida ham ikkiga bo‘lib dars o‘tilsa, natija ancha yuqori bo‘lardi», —deydi Zarafshon shahridagi 2-maktab o‘qituvchisi Mehriniso Bobomurodova.
Psixologiya fanlari nomzodi Mahmud Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, odam bir vaqtning o‘zida 7tagacha obektni to‘la qamrab olishi mumkin.
«Lekin bizda sinflardagi holat pedagogga har bir o‘quvchi bilan individual yondashuv asosida ishlashga imkon bermaydi. Vaholanki, shu fanga iqtidori bo‘lgan bolalarga ko‘proq yuklama berish, o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchilarga yordam berish kerak. 40 nafar bola o‘tirgan sinfda vunderkindning yetishib chiqish ehtimoli pasayadi. O‘quvchi soni 25 nafardan oshmasligi kerakligini ruhshunoslar bir ovozdan ma'qullaydi. Maorif tizimida maktablar sonini ikki hissaga oshirish chorasini ko‘rish lozim. Nega hashamatli turar-joylarni qatorlatib quryapmiz, lekin katta qamrovli maktablarni bunyod etish haqida o‘ylamaymiz?», —deydi u.
Skandinaviya tajribasi
Ta'lim sifati reytingida yetakchilik qiladigan Skandinaviya mamlakatlarida bitta sinfda 19-20 nafardan o‘quvchi jamlanadi. O‘quvchilarni to‘laqonli qamrab olish maqsadida bitta sinfga asosiy fan o‘qituvchisidan tashqari yordamchi pedagog ham kiradi.
Maktablarda o‘rta hisobda 400 nafar o‘quvchi ta'lim oladi, 40-45 nafar pedagog kadr mavjud. Demak, har bir o‘qituvchiga 10 nafardan bola to‘g‘ri keladi.
Nega nizomda me'yor belgilangan bo‘lsa ham amalda o‘quvchilar soni bunchalik ko‘p?
Nizomda belgilangan ko‘rsatkich amaldagi holat bilan muvofiq kelmayotganligi yuzasida Xalq ta'limi vazirligiga murojaat qilinganda, sinflarda o‘quvchi taqsimoti (komplektovaniye) viloyat moliya boshqarmalari tomonidan tasdiqlanishini ma'lum qilishdi.
Mas'ullarning qayd etishicha, ba'zi maktablarda o‘quvchilar sonining me'yoridan ortib ketishiga malakali kadrlarning markaziy hududlarda ekanligi, ota-onalarning farzandini ko‘proq ta'lim rus tilida olib boriladigan ta'lim muassasalariga berishga intilishi sabab bo‘lmoqda.
Xorazm viloyati Xalq ta'limi bo‘lim boshlig‘i Hamro Bektemirov:
─ Urganch shahri va ba'zi tumanlardagi nufuzli maktablarda, ta'lim rus tilida olib boriladigan maktablarda o‘quvchilar ko‘pligini ko‘rish mumkin. Bunga bir necha sabablar bor.
Birinchidan, muammo ota-onalarning tanlovidan kelib chiqyapti, farzandi ma'lum bir maktabda o‘qishini yoki aynan bir o‘qituvchi qo‘lida o‘qishini istayapti. Ana shunday rad qilib bo‘lmaydigan holatlar kelib chiqadi. Buni iloji yo‘q, sinfdagi o‘quvchi soni oshib ketyapti, desak ham foydasi yo‘q.
Ikkinchidan, umumiy ta'lim 11 yillik bo‘lishi munosabati bilan shunday muammo kelib chiqqan maktablar bor. Ya'ni sinf xonalarining yetishmasligi natijasida ham shunday holatlar bor. Buning yechimini qo‘shimcha bino qurish orqali hal qilish rejalashtirilmoqda. Aholi eng ko‘p yashaydigan 9ta hududda 2020 ─ 2022 yillarda maktab qurish bo‘yicha taklif berildi.
Xorazm viloyat Moliya boshqarmasi ta'lim muassasalarini moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Mamajonov:
─ Tuman va shaharlardagi umumta'lim maktablarida bitta sinfda 40 nafardan ziyod o‘quvchi o‘qiyotgan sinflar bo‘lishi mumkin.
Bu holatga izohimiz quyidagicha: aynan 2017 yilgacha sinflardagi o‘quvchilar soni qamrovi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 352-qaroriga asosan ish olib borilgan. Shuning uchun viloyatdagi ta'lim muassasalarining 3,4,5,6-sinflarida o‘quvchi soni 35 nafardan ko‘plari ham mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida»gi nizomda bitta sinfda o‘quvchi soni 35tadan oshmasligi kerakligi belgilangach, 2017 yilgi o‘quv yilidan boshlab, birinchi sinflarni shakllantirishda qat'iy ravishda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshirilmagan. Hozir viloyatdagi maktablarning 1-,2-sinflarida o‘quvchilar soni 35 nafardan ko‘p emas.
Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Furqatbek Buzrukov:
─ Viloyatda 741ta umumta'lim muassasasi faoliyat yuritadi. Ulardagi jami 15,496 sinfda 531,167 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda.
Andijon xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan olib borilgan tahlillar natijasida,o‘quvchilar soni ko‘payishi hisobga olinib, 2022 yilgacha viloyatda 21ta yangi maktab qurilishi bo‘yicha takliflar berilgan (2020 yili 10ta, 2021 yili 7ta, 2022 yili 4ta).
Jizzax viloyatidagi ba'zi maktablarda (xususan, Jizzax shahridagi 1- va 19-maktabda) esa bitta sinfda 40-48 nafar o‘quvchi (ayrim sinflarda bitta partaga 3 nafar bola ham o‘tiradi) borligini, darslar uch smenada olib borilganligi bois, dars soati 35 daqiqa etib belgilanganligini kuzatish mumkin.
Mazkur holatga viloyat Moliya boshqarmasi rahbari Bahodir O‘rolov aynan shu maktablarda ta'lim sifatining yaxshiligi, malakali o‘qituvchilarning ko‘pligi bois ularga talabning yuqori ekanligini sabab qilib ko‘rsatgan.
Xalq ta'limi vazirligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, maktablarning qamrov quvvatini oshirish bo‘yicha yaqin yillarda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
─ nisbatan kam o‘quvchi ta'lim olayotgan maktablarda o‘quvchilar qamrovini oshirish va ularda ta'lim olishda uning jozibadorligini oshirish maqsadida yuqori koeffitsiyentda faoliyat yuritayotgan namunali, ta'lim sifati yuqori bo‘lgan maktablarga tarmoq maktabi sifatida biriktirish;
─ umumta'lim muassasalarining foydalanilmayotgan binolardan samarali foydalanish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta'lim muassasalari tashkil etish;
─ o‘quvchilar soni nisbatan kam bo‘lgan maktablarda kadrlar sifat tarkibini yaxshilash, pedagoglarning mahoratini oshirish, maktablarga tajribali o‘qituvchilarni jalb qilish orqali ta'lim sifatini oshirish;
─ ota-onalar o‘rtasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish orqali mikrohududdagi maktab yoshidagi bolalarni maktabga to‘liq qamrab olinadi.
11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta'lim tizimiga o‘tilishi munosabati bilan joriy o‘quv yilida respublika bo‘yicha 9691ta (2016 yilga nisbatan 34taga ortgan) umumiy o‘rta ta'lim muassasalaridagi 5,821,861 nafar (2016 yilga nisbatan1 013 803 nafarga ko‘p) o‘quvchiga 442,881 nafar pedagog ta'lim-tarbiya bermoqda. Ayni holatda har o‘qituvchiga o‘rtacha 13 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi.
Demak, holatni tahlil qilib ko‘rganda quyidagicha manzara hosil bo‘ladi:
─ ota-onalar farzandini faqatgina sanoqli maktablarda o‘qitishni istaydi, demak, o‘z-o‘zidan ma'lum bo‘ladiki, boshqa maktablarda ta'lim sifati talab darajasida emas;
─ markazdagi maktablarda o‘quvchi soni me'yoridan ko‘p, chekka hududlarda esa belgilangan qamrov hajmi yoki to‘ladi, yoki yo‘q. Demak, chekka hududlarda infratuzilma yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, hamma markazga intiladi;
─ ota-onalar bolasini aynan «falonchi o‘qituvchi» o‘qitishini istaydi. Ma'lum bo‘ladiki, talabga javob bermaydigan pedagoglar ham talaygina, ularning xizmatidan iste'molchining, ya'ni ota-ona va o‘quvchining ko‘ngli to‘lmayapti. Malakali kadrlar yetarlicha emas;
─ ta'limda 11 yillik o‘qitish tizimiga o‘tildi, lekin mavjud infratuzilma hali bunga tayyor emas. Kerakli barcha sharoit hali noma'lum muddatlarda hosil qilingunga qadar o‘quvchilar sifatsiz ta'lim olishga majbur bo‘ladi.
To‘g‘ri, hamma narsaga bosqichma-bosqich erishiladi, har qanday ijobiy o‘zgarish uchun vaqt kerak. Lekin ta'lim tizimi uchun yo‘qotilgan har qanday vaqt katta zarar bo‘lishi mumkin. Axir maktablar mamlakat uchun kerakli kadrlarning generatori hisoblanadi.
Saodat Abdurahmonova
Mavzuga oid
09:37 / 08.12.2025
Nigeriya: jangari guruh qo‘lidan 100 nafar maktab o‘quvchisi qutqarildi
12:00 / 26.11.2025
Yakka tartibda o‘qitiladigan o‘quvchilarga dars berganlik uchun yo‘l kompensatsiyasi to‘lanadi
09:54 / 15.10.2025
Toshkentda 9-sinf o‘quvchisi bilan janjaldan keyin 3-sinf o‘quvchisi kasalxonaga yotqizildi
10:30 / 01.10.2025