Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turizm qishlog‘idagi portlash - Oqbo‘yrada osmondan tosh yog‘ildi
Samarqand tumanidagi Oqbo‘yra turizm qishlog‘ida 15 aprel kuni sodir bo‘lgan portlashdan keyin aholi o‘zini uylarida emas, go‘yo front chizig‘ida yashayotgandek his qilmoqda. Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, portlash oqibatida uy tomlariga toshlar kelib tushgan, devorlarda yoriqlar paydo bo‘lgan. Ayrimlar bolalari qo‘rqib ketganini aytsa, yana bir fuqaro kattagina tosh tunuka tomni yorib kirganini ma’lum qildi.
Turizm qishlog‘i maqomi berilgan hududda yuz bergan bu holat xavfsizlik, ekologiya va nazorat masalalari bo‘yicha qator savollarni kun tartibiga olib chiqmoqda.
Kun.uz Samarqand tumanida bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.


Parviz Sa’dullayev portlash oldidan tashkilot vakillari oldiga borib, izoh so‘raganini aytmoqda. Mas’ullar aholiga katta portlash bo‘lmaydi, sizlarga hech qanday zarar yetmaydi, degan fikrni bildirgan.


Ammo portlashdan keyin, ko‘plab hovli devorilarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Eshik-derazalar, oynalar zararlangan.
Davron Qo‘ysinovning aytishicha, portlash vaqtida katta tosh parchasi uyining tunuka tomini yorib kirgan. Hozir tunuka almashtirilgan. Ammo tosh ham, zarar izlari ham hanuz saqlanib turibdi.


Uy egasi agar o‘sha vaqtda xonadonda odam bo‘lganida, vaziyat ayanchli yakun topishi mumkinligini bildirdi.
Portlash joyidan ikki ko‘cha narida yashovchi Saodat Elmurodova ham o‘sha kungi vaziyatni haligacha qo‘rquv bilan eslaydi.

Uning aytishicha, qattiq zarba ovozidan keyin nogiron turmush o‘rtog‘i sarosimaga tushib qolgan. Ayol esa farzandlarining ahvolidan xavotir olib, portlash hududiga yaqinroqda yashaydigan o‘g‘lining uyiga yugurgan. U yetib borganida kelini qattiq shok holatiga tushib qolgani, hovli esa quyuq chang bilan qoplanganiga guvoh bo‘lgan. Kelini beshikdagi bolasini olishga ham ulgurmagan.
Kuzatuv kameralarida bog‘da ishlab turgan otaxon va uning nabirasi ham aks etgan. Portlashdan keyin qizaloqning sarosimaga tushib qolganini ko‘rish mumkin.


Komiljon Farmonov nabirasi bir necha kun qattiq qo‘rquv ta’siridan chiqolmaganini ma’lum qildi.
Oqbo‘yraliklarning aytishicha, ayrim odamlar portlash haqida oldindan ogohlantirilgan. Ammo aksariyat aholi hech qanday rasmiy ogohlantirish bo‘lmaganini aytmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi. Aholi yashaydigan hududga yaqin joyda amalga oshiriladigan bunday portlatishlarda xavfsizlik qanday ta’minlanadi?
Hudud aholisiga ko‘ra, bu yerda tosh qazib olish ishlari avval ham muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ular 1980-90 yillarda ham tog‘dan tosh olishga urinishlar bo‘lganini eslashdi.
Ularning aytishicha, o‘sha yillarda hududga kelgan chet ellik mutaxassislar tog‘da radiatsiya bo‘lishi mumkinligini aytgan va bu harakat amalga oshmay qolgan.
Bu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.



Hududda qazish ishlarini olib borayotgan va ushbu portlashga buyurtma bergani aytilayotgan “AGRO TECHNOLOGY GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati holatga izoh bermadi. Aksincha, ushbu tashkilot Kun.uz’ga intervyu berganlarning shaxsini aniqlash bilan ovora bo‘lmoqda.
Bu voqeada eng katta ziddiyatlardan biri - hududning maqomi. Samarqand tumanidagi Oqbo‘yra va Ohalik mahallalariga “turizm qishlog‘i” maqomi berilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi 433-son qaroriga ko‘ra, bunday maqom turistik jozibador, ekologik barqaror va mehmon qabul qilish salohiyatiga ega hududlarga beriladi.
Biroq Samarqandda bu tushuncha butunlay boshqa ma’noni anglatmoqda.
Kun.uz mazkur holat yuzasidan Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, ekologiya boshqarmasi, Samarqand tumani hokimligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi viloyat boshqarmasi hamda hududda portlash amaliyotini amalga oshirgani aytilayotgan “AGRO TECHNOLOGY GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga rasmiy so‘rovlar yubordi.
Savollar esa tobora ko‘paymoqda. Aholi yashaydigan hududga bunchalik yaqin joyda tog‘ portlatish qay tartibda amalga oshiriladi? Kim bunday ishlarga ruxsat beradi? Hudud qanday o‘rab olinishi kerak? Aholi qanday ogohlantirilishi lozim? Konchilik litsenziyasi portlatish ishlarini amalga oshirish uchun yetarli asos hisoblanadimi?
Va eng muhimi - aholi hovlisigacha uchib borgan tosh parchalari insonlar hayotiga xavf solmaydimi?
Darvoqe, ushbu material tayyorlanayotgan vaqtda oqbo‘yraliklar tahririyat bilan yana bog‘lanib, turizm mahallasiga yaqin hududda boshqa bir konchi guruh navbatdagi portlatish ishlariga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning dekabr oyida Qashqadaryo viloyati Kitob tumanining Makrid mahallasiga yaqin hududda ham tog‘ portlatilgani ortidan aholi o‘z noroziligini bildirgandi.
Kun.uz mazkur holat yuzasidan mas’ul tashkilotlardan rasmiy munosabat va izoh kutadi.
Mavzuga oid
15:23
Oqbo‘yra qishlog‘idagi portlash ta’siri me’yordan ortiq hududlarga yetib borgan - vazirlik izohi
09:17 / 05.05.2026
Xitoyda feyyerverk zavodida yuz bergan portlashda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi
23:09 / 28.04.2026
London markazida dunyodagi eng katta kapsulali arzon mehmonxona ochildi
18:34 / 26.04.2026