Turizm | 23:09 / 28.04.2026
568
2 daqiqa o‘qiladi

London markazida dunyodagi eng katta kapsulali arzon mehmonxona ochildi

Tarixiy London Pavilion binosida 1000 ga yaqin individual kapsuladan iborat mehmonxona ochildi. Har bir kapsula taxminan 1×1×2 metr o‘lchamdagi ixcham joy.

Foto: Sawdah Bhaimiya

Buyuk Britaniya poytaxtining qoq markazida, Piccadilly Circus metro bekati tepasida, dunyodagi eng katta kapsula mehmonxonasi nomini da’vo qilayotgan Zedwell Capsule Hotel Piccadilly Circus o‘z faoliyatini boshladi.

Tarixiy London Pavilion binosida besh qavatga taqsimlangan 1000 ga yaqin individual kapsulalar joylashgan. Har bir kapsula taxminan 1×1×2 metr o‘lchamdagi ixcham joy bo‘lib, matras, choyshab, havo filtriga ega ventilyatsiya, yoritish, rozetkalar va ichkaridan to‘liq yopish imkoniyati bilan jihozlangan.

Narx – asosiy ustunlik. Mehmonxonalarning o‘rtacha narxi 250 funt sterlingdan yuqori bo‘lgan London markazida tunash atigi 30-40 funt sterling (≈650 ming so‘m) turadi. Bu sayohatchilar, ofis xodimlari va dam olish kunlari Londonga borganlar uchun haqiqiy yutuq.

Kapsula ichidagi to‘liq sukunat va qorong‘ulik uyqu uchun ayni muddao. Bepul Wi-Fi bor, deraza yo‘q. Yuk uchun joy kam, qo‘shimcha joy 15 funt sterling turadi.

CNN o‘z jurnalistini kapsuladan biriga tunash uchun yubordi. Xulosa: kimdir uchun bu qulay, klaustrofoblar uchun esa haqiqiy sinov. Ko‘plab mehmonlar tinch muhitda tezda uxlab qolganini ta’kidlaydi.

Zedwell London markazidagi «o‘lik» makonlarni qayta tiklash tendensiyasining bir qismidir. Kompaniya allaqachon faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid