Sport | 18:17 / 05.08.2017
120361
5 daqiqa o‘qiladi

Xayrulla Hamidov televideniyega qaytishi mumkin

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha kun avval, bilib-bilmasdan diniy-ekstremistik oqimlarga kirib qolganlarni maxsus ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha o‘z tavsiyasini berdi. Shundan boshlab «cheklov nazorati ro‘yxatida turganlarni oqlash» bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh O‘zbekistonning turli joylarida shu borada katta ko‘lamli ish olib bormoqda.

Bugun Toshkent shahri Chilonzor hokimiyatida ushbu tumanda yashovchi 56 nafar fuqaroni «maxsus ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha» tadbir bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda shahar va tuman hokimiyatidan vakillar, mahalla raislari, uchastka nozirlari, imom-domlalar hamda boshqa mas'ul shaxslar qatnashishdi. Chilonzor tumanida sal avval bu tadbirlarning birinchi bosqichi o‘tkazilgan, unda yuzdan ziyod yurtdoshimiz «cheklov nazorati ro‘yxati»dan o‘chirilgan edi.

Bugungi tadbirda taniqli jurnalist, ma'lum sabablarga ko‘ra ushbu ro‘yxatga tushib qolgan Xayrulla Hamidov ham qatnashgan va ijtimoiy tarmoqda tarqatgan xabariga ko‘ra maxsus ro‘yxatdan olib tashlangan.  Guvohlarning ta'kidlashicha, bu majlis ancha samimiy o‘tgan, qatnashchilar o‘z hayajonlarini yashirishmagan va dilga tugilib qolgan so‘zlarini minbarda baralla ayta olishgan. Ehtiroslar jo‘sh urgan on har holda. Ishchi guruh tomonidan bildirilgan tilaklar esa, quyidagicha bo‘lgan:

— Prezidentimiz sizlarga yana imkoniyat bermoqdalar. Bugundan boshlab hayotingizning yangi sahifasi ochiladi. Oppoq qog‘ozdagi hayotni yashab boshlaysizlar. Sizlarga yangi hayotingizda zafarlar yor bo‘lishiga tilakdoshmiz. Bilamiz, ba'zilaringiz bilib-bilmasdan kirib qolgansiz bu yo‘lga, ba'zilar esa, kimningdir turtkisi sabab jinoiy javobgarlikka tortilgan. Nazorat cheklovida ro‘yxatda turganingiz oilangizga salbiy ta'sir qilganini ham bilamiz, kimlardir sizlarni hatto to‘ylarga chaqirmaganini ham bilamiz. Bugundan boshlab sizlar bu ro‘yxatdan o‘chirilasiz va har oy tuman ichki ishlar bo‘limiga qatnamaysizlar. Mahalla noziri sizni bezovta qilmaydi. Siz endi oppoq odamsiz. Faqat mana shu o‘rinda Prezidentimizning iltifotlaridan to‘g‘ri foydalanishingiz lozimligini eslatib o‘tsak. Endi Vatan ravnaqi yo‘lida mahallaga, jamoaga, hamma-hammaga qo‘shilib xizmat qilasiz, degan umidimiz bor. Yangi hayotingiz bilan tabriklaymiz.

Kun.uz muxbiri ushbu tadbirda qatnashgan Xayrulla Hamidov bilan qisqacha suhbat uyushtirdi.

— Xayrulla aka, avvalambor tabriklaymiz. Yaxshi kunlaringiz bardavom bo‘lsin. Maxsus ro‘yxatdan o‘chirishganida ichingizdan qanday hislar o‘tdi?

— Rahmat, ko‘zimdan yosh chiqdi. Bu paytdagi his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash biroz mushkul. Lekin oddiy ta'bir bilan aytganda, ikki yildan beri bo‘ynimda turgan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Prezidentimizning so‘zlari, ishonchlari va kelajakka bo‘lgan da'vatlari yig‘ilganlar uchun yangi hayot maktabi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Hatto bu yig‘ilishda o‘zimdan ko‘ra, yillar davomida «oylik ro‘yxatdan o‘tish uchun» qatnagan ayollarning ko‘zlaridagi yoshni ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketdim. Ular uchun ko‘proq xursand bo‘ldim.

— Bu «ro‘yxat»dan chiqish sizga qanday imkoniyatlar beradi, deb o‘ylaysiz?

— Cheklov nazoratiga ko‘ra, har oy tuman ichki ishlar bo‘limiga qatnardim, shahardan chiqishim ham organ xodimlarining ruxsati bilan amalga oshardi. Chet elga qatnash masalasi ham shu jumladan. Har kuni 22:00dan 06:00gacha uyda bo‘lishim shart edi. Mana shu cheklovlar olib tashlandi. Shuningdek, ko‘pchilikning «ro‘yxatdagi odam» degan xavotirlari ham yo‘qoladi nasib qilsa.

s

— Shu masalada savol bermoqchi edik. Sizni ikki yildan beri futbol ishqibozlari TVga qaytib qoladi, deb kutishardi. Qaytmayotganingiz, aniqrog‘i, qayta olmayotganingizning sababi shu ro‘yxatmidi?

— Aynan shu ro‘yxat, deya olmayman. Chunki «Oriat dono» radiosida haftada ikkita dasturda qatnashyapman. Maqolalarim gazeta va saytlarda chiqib turibdi. Lekin baribir ishga olmoqchi bo‘lgan rahbarlar maxsus ro‘yxatda turgan odam bilan faoliyat olib borishdan cho‘chishadi. Bu bor gap. Endi o‘ylaymanki, TV rahbariyati qo‘rqmasdan meni ishga chaqirishlari mumkin. Sharhni sog‘inganman.

— Ishlaringizga omad. Biz ham sizning ovozingizni terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlarda, katta futbol bahslarida eshitishni istaymiz!

Sh.Shokirjonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid