Efirdagi har bir jumlasi, tanlagan so‘zlari, holatlarni baholash uslubi va o‘ziga xos ovozi bilan o‘zbek tomoshabinlariga futbol zavqini ulashib kelgan Mirzahakim To‘xtamirzayevning sharhlovchilik faoliyatiga 33 yil to‘ldi. Mazkur vaqt davomida u 2500 dan ortiq futbol o‘yinlarini sharhladi. 200 ga yaqin ilmiy maqolalar yozdi, pedagogika fanlari nomzodi bo‘ldi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda etalon sharhlovchilar, “samoga uchgan yulduzlar”, mediadan yashirilgan sportchilar haqida gapirib berdi.

Haqoratlamasligim uchun sharhlovchilikka chaqirilganman

Yoshligimizda futbol ikki tilda sharhlanardi: o‘zbekchada – Axbor Imomxo‘jayev, rus tilida – Roman Turpishev. Ikkalalari deyarli bir xil gapni aytardi, yani dastlabki sharh ikkinchi tilga tarjima qilinardi. Tinglovchi agar o‘zbekchani ham, ruschani ham bilsa, unga takroriy izohni qayta eshitish erish tuyulardi.

O‘sha paytlarda biri ikkinchisini takrorlamay, boshqacharoq ma’lumot bersa bo‘lardi-ku, deb xayolimdan o‘tkazganman, lekin sharhlovchi bo‘laman-u shu narsani o‘zim o‘zgartirman, degan intilish yo‘q edi. Bolaligimdan futbolga qiziqardim, sportga doir barcha reportajlarni qoldirmasdan ko‘rardim.

Respublika Rus tili va adabiyoti pedagogika institutini tamomlagandan so‘ng “Til va adabiyot ta’limi”, “Prepodavaniye yazyka i literatury” ilmiy-metodik jurnallari va milliy teleradiokompaniyada ish boshladim. Tahririyatda faoliyat olib borgan davrimda “Turkiston” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Ahror Ahmedov bilan futbol haqida suhbatlashib turardik. Ular bir kuni mendan O‘zbekiston chempionati va unga munosabat sifatida gazetaga maqola yozib berishimni so‘radi. Kechasi bilan qog‘oz qoralab, ertasiga 17 betli sharhni olib bordim. Muharrir maqolani o‘qib chiqib, “hammasi yangi faktlar-ku, buni qachon yozishga ulgurdingiz?” deya hayron qolgan va shu tariqa ularda Mirzahakim futbolga kuchli qiziqarkan degan tushuncha uyg‘ongan.

Ahror Ahmedov ertalab efirga uzatiladigan “Gazetalar sharhi” ko‘rsatuvida, men esa “O‘zbek tilini o‘rganamiz” turkum dasturlarida chiqardim. Televideniyeda futbol uchrashuvlaridan reportajlar ko‘paytirilayotgan vaqtda Ahror akani futbol sharhlovchiligiga taklif qilishgan. Ammo Ahror Ahmedov “men to‘g‘ri kelmayman, biznikilar ikki-uch metrdan darvozaga gol ura olmasa, o‘zimni tutib tura olmasdan, so‘kinib yuboraman