Rossiya qo‘shini Kursk oblastida yangi yirik hujum boshladi
Sudjadan shimoli-g‘arbdagi ukrain bo‘linmalari qurshovga tushib qolishi mumkin.
Rossiya qo‘shini Kursk oblastidagi bir necha uchastkada yangi hujum boshladi. Xususan, Zeleniy Shlyax xutori (Sudja rayoni), shuningdek, Olgovkadan (Korenevo rayoni) to‘rt kilometr janubda qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tayotgani aks etgan videolar paydo bo‘lgan. Bu shuni anglatadiki, Rossiya qo‘shini ukrainlar mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgan va besh kilometrga yaqin masofada ilgarilagan.
RF qurolli kuchlari «Sever» guruhining norasmiy telegram-kanalida yozilishicha, Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, «beshta aholi yashash manzilini egallab, dushmanning kamida ikkita batalyonini qurshovga olib, ta’minot va evakuatsiya uchun muhim bo‘lgan ikkita yo‘lni kesib qo‘ygan».
RF mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan «Rybar» telegram-kanali 10 oktyabr kuni kechqurun Rossiya qo‘shini Korenevo va Sudja rayonlarining bir qancha hududlarida hujumga o‘tgani haqida xabar berdi. «Rossiya qo‘shinining ilg‘or guruhlari kun oxiriga kelib Zeleniy Shlyaxa [xutori]ga yetib borishdi, bu Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi kamida qisman yorib o‘tilganini tasdiqlashga imkon beradi», — deyiladi postda.
Shuningdek, «Rybar» Rossiya qo‘shini Korenevo rayonida Olgovka tomondan Zeleniy Shlyaxa yo‘nalishida qarshi hujum uyushtirib, «okkupatsiya qilingan hududlarning kattagina qismini ozod etgani» haqida yozan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Novaya Sorochina ustidan nazorat o‘rnatib, Malaya Loknya tomon «ilgarilamoqda». Bloger Boris Rojin Olgovka ham nazoratga olinganini yozgan.
Ukraina mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Deep State OSINT-loyihasi ham qarshi hujum haqidagi xabarlarni tasdiqlagan. Uning yozishicha, raqib Ukraina qurolli kuchlari Kursk guruhining «chap qanotini bostirgan» va Rossiya telegram-kanallari xabar berganidan ko‘ra uzoqroqqa — Novoivanovkaga (Sudja rayoni) yetib borgan, bu yerda hujumni qaytarish uchun ukrainlarning nafaqat oldingi bo‘linmalari, balki odatda front chizig‘i ortida joylashadigan artilleriyachilar va dronlar operatorlari ham jangga kirishishiga to‘g‘ri kelgan.
DeepState o‘z xaritasida Ukraina qurolli kuchlari ushbu hududda birdaniga 38 kilometr kvadrat maydonni boy berganini ko‘rsatgan, bu hududlar endi «kulrang zona» bo‘lib qolgan. «Agenstvo»ning tasdiqlashicha, bu Ukraina qo‘shini 14 sentabrdan buyon Kursk oblasti hududida bergan eng katta kunlik yo‘qotishidir. «Sever» guruhining norasmiy telegram-kanali esa Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastida «ilgarilagan jami masofa» 10 kilometrni tashkil etganini yozgan.
DeepState ukrain qo‘shinining bir qismi qurshovga tushib qolishi mumkinligiga e’tibor qaratib, «xatoni takrorlamaslik» haqida ogohlantirgan. DeepState aynan qayerdagi ukrain qo‘shini qurshov xavfi ostida ekaniga aniqlik kiritmagan, ammo, janglar xaritasiga ko‘ra, gap katta ehtimol bilan Olgovka haqida bormoqda.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Rossiya qo‘shinlarining Kursk oblastidagi qarshi hujumi yuzasidan hozircha izoh bermadi, ammo 10 oktyabr kuni kechqurun telemarafon doirasida namoyish etilgan hujjatli filmda Rossiya Kursk yo‘nalishiga Zaporijjya, Xerson va Kramatorsk yo‘nalishlaridan olib kelingan 50 mingga yaqin harbiyni o‘tkazganini aytgan. «Bu bizning mudofaa amaliyotlari o‘tkazish sharoitimizni yaxshilaydi», — deya Ukraina QK bosh qo‘mondoni so‘zlarini keltirgan «RBK-Ukraina».
Mavzuga oid
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
15:13 / 21.12.2024