Jahon | 21:21
3307
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Zaporojiye shahrini egallash uchun hujumni davom ettirishni buyurdi

Rossiya qo‘shinlari Zaporojiye shahridan taxminan 15 km uzoqlikda joylashgani ta’kidlanmoqda. Urushdan oldin bu shaharda 700 ming aholi istiqomat qilgan.

Foto: kremlin.ru

Vladimir Putin harbiylar bilan uchrashuvda Zaporojiye shahrini egallash uchun hujumni davom ettirish, shuningdek, Sumi va Xarkov viloyatlarida «xavfsizlik zonasi» yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Albatta, yaqin kelajakda Zaporojiyeni ozod qilish bo‘yicha «Vostok» guruhi bilan birgalikda hujumni davom ettirish kerak», dedi Putin «Dnepr» guruhi qo‘mondoni Mixail Teplinskiyning hisobotidan so‘ng. Bundan tashqari, u 2026 yilda Ukraina bilan chegarada Sumi va Xarkov viloyatlarida «bufer zona» yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni topshirdi. Avvalroq Putin noyabr va may oylarida ham harbiylarga xuddi shunday topshiriq bergan edi.

28 dekabr kuni Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida nutq so‘zlab, uning fikricha, Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatmoqchi ekanini aytdi.

«U juda ishonchli gapirdi, men unga ishonaman», deb ta’kidladi Amerika prezidenti. Tramp, shuningdek, Rossiya Ukrainani tiklashda yordam berishini va arzon elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini aytdi. Shu bilan birga, u kelajakda jangovar harakatlar qayta boshlanishidan qo‘rqib, vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishni istamayotgan Putinning pozitsiyasini «tushunishini» ta’kidladi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Putin Zaporojiye viloyatining butun hududini egallash kampaniyasini davom ettirishni talab qilgan va Rossiya qo‘shinlari Zaporojiye shahridan taxminan 15 km uzoqlikda joylashgani ta’kidlanmoqda. Urushdan oldin bu shaharda 700 ming aholi istiqomat qilgan.

Moskva 2022 yilda Zaporojiye viloyatini Rossiyaning bir qismi deb e’lon qilgan, ammo bu Ukraina va dunyoning aksariyat davlatlari tomonidan tan olinmagan.

Mavzuga oid