Jahon | 17:18 / 11.10.2024
16152
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari pora olgani uchun o‘limga hukm qilindi

Hukm ijrosi ikki yildan keyinga tayinlandi. Sobiq amaldor o‘z aybini tan olib, qilmishidan chuqur pushaymonligini bildirdi.

Foto: Huanggang Intermediate People's Court

Xitoyning markaziy Hubey viloyatidagi Huangan shahri sudi Xitoy Xalq banki (Markaziy bank) sobiq rais o‘rinbosari Fan Ifeyni 386 million yuan (qariyb 55 million dollar) miqdorida pora olgani uchun ikki yil kechiktirish bilan o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ayblanuvchi barcha siyosiy huquqlaridan umrbod mahrum qilinadi. 60 yoshli Fan Ifeyning butun shaxsiy mol-mulki musodara etiladi. Agar ikki yildan so‘ng o‘lim hukmi umrbod qamoq jazosiga almashtirilsa, uning ishi bo‘yicha, keyinchalik jazoni yengillashtirish yoki muddatidan oldin ozod qilish imkoniyati bo‘lmaydi.

Sud Fan Ifeyni “o‘ta og‘ir vaziyatlar bilan bog‘liq va jiddiy ijtimoiy oqibatlarga olib kelgan jinoyat sodir etgan” deb tan oldi. Xususan, Markaziy bank raisining sobiq o‘rinbosari “xalq manfaatlariga katta zarar yetkazgan”. OAV xabar berishicha, ayblanuvchi o‘z aybini tan olib, qilmishidan chuqur pushaymon bo‘lgan, shuningdek, “o‘zlashtirilgan mablag‘larni faol qaytarishga harakat qilgan”.

Fan 2022 yil oxirida Xitoy hukumati tomonidan tergovga tortilgandi, 2023 yilda esa Kommunistik partiyadan chiqarildi.

So‘nggi oylarda Xitoyning korrupsiyaga qarshi nazorat idorasi moliya sektoriga nisbatan keng ko‘lamli qattiq choralar ko‘ra boshladi. Bu mamlakatning eng nufuzli shaxslarini, jumladan, davlat mulkidagi Xitoy bankining sobiq raisi Lyu Lyanj va Xitoy hayot sug‘urtasi kompaniyasi sobiq boshqaruvchisi Van Binni ham o‘z domiga tortdi.

2023 yil mart oyida lavozimidan ketgan Lyu 121 million yuandan ortiq pora olganlikda aybdor deb topildi.

China Everbright Group sobiq raisi Tang Shuangning ham poraxo‘rlik va korrupsiyada ayblandi.

Mavzuga oid