Jahon | 19:43 / 15.10.2025
12437
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Moskvada Suriyaning muvaqqat prezidenti bilan uchrashdi

Rossiya prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashuvda Moskva doimo Suriya xalqi manfaatlariga asoslanganini aytdi.

Foto: AP

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a birinchi marta Moskvaga bordi, Kremlda uni Vladimir Putin kutib oldi, deb xabar berdi TASS.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p yillar davomida alohida munosabatlar shakllangan», dedi Putin va Moskva Damashq bilan munosabatlarda doimo Suriya xalqi manfaatlariga asoslanganini aytdi.

Kreml rahbarining ta’kidlashicha, Suriya xalqi bilan Rossiyaning haqiqatan ham chuqur aloqalari bor, «yuzlab, balki minglab odamlar o‘zaro nikoh, do‘stlik rishtalari bilan bog‘langanini aytishning o‘zi kifoya».

Suriya murakkab davrni boshdan kechirmoqda, ammo bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari barcha siyosiy kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlaydi: «Suriya hozir murakkab davrni boshdan kechirayotgan bo‘lsa-da, bu [o‘tkazilgan parlament saylovlari] Suriyaning barcha siyosiy kuchlari o‘rtasidagi aloqalar va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlaydi».

Prezidentparast kuchlarning saylovdagi g‘alabasi katta muvaffaqiyat va jamiyatni jipslashtirish yo‘lidagi qadamdir: «Menimcha, bu sizning katta muvaffaqiyatingiz, chunki bu jamiyatni jipslashtirishga olib keladi», dedi Putin.

Ahmad ash-Shar’a bunga javoban Rossiya «yangi Suriyani rivojlantirishda jiddiy rol o‘ynashini» aytdi.

Reuters manbalari avvalroq Suriya prezidenti uchrashuvda Moskvada yashirinib yurgan sobiq prezident Bashar Asadni ekstraditsiya etishni talab qilmoqchi ekani haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, Ahmad ash-Shar’a Tartusdagi Rossiya harbiy-dengiz bazasi va Xmeymimdagi aviabazani saqlab qolish bo‘yicha muzokaralar olib borishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Suriyadagi rasmiy manba. Shuningdek, u Rossiya ittifoqchisi Asadni suriyaliklarga qarshi jinoyatlar bo‘yicha sud qilish uchun rasman topshirishni so‘raydi, deb qo‘shimcha qildi manba.

Rossiya va Suriya yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar yopiq tarzda o‘tkazildi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Moskva va Damashq, jumladan, Rossiyaning Suriyadagi «harbiy ishtiroki masalasini», jumladan, «Rossiya harbiy obektlari funksionalini ehtimoliy qayta formatlash kontekstida» muhokama qilmoqda.

Uzoq yillar Suriya prezidenti bo‘lgan Asad rejimi 2024 yil 8 dekabr kuni Damashqqa qurollangan muxolifat guruhlari kirib kelishi bilan quladi. Asad Rossiyaga qochib, oilasi bilan Moskvada yashirindi. Shundan so‘ng, Rossiya unga «insonparvarlik» nuqtai nazaridan boshpana berganini e’lon qildi.

Mavzuga oid