O‘zbekiston | 12:32 / 12.05.2022
14690
2 daqiqa o‘qiladi

O‘z fanidan xalqaro yoki milliy sertifikati bor o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama to‘lanadi

O‘zi dars o‘tayotgan fan bo‘yicha xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 50 foiz, milliy sertifikatga ega o‘qituvchiga esa 20 foiz miqdorda ustama to‘lanadi.

Foto: KUN.UZ

“2022–2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida” prezident farmoni imzolandi, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi.

Unga ko‘ra, umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga quyidagi tartibda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi:

  • xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga –ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
  • xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida.

Milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Davlat test markazining milliy test tizimida olingan sertifikatiga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Farmonda belgilanishicha, 2025 yil 1 yanvarga qadar chet tili fanidan kamida S1 darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 foiz miqdorida to‘lanadi.

Pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama – umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi.

Umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq foiz ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.

Xalq ta’limi vazirligi saytida ustama olish uchun asos bo‘luvchi xalqaro tan olingan sertifikatlar, to‘planishi kerak bo‘lgan ballar haqida ma’lumotlar mavjud.

Mavzuga oid