Jahon | 14:58 / 17.12.2025
5440
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an tadbirda Cho‘lponning «Go‘zal Turkiston» she’ridan parcha o‘qib berdi

U o‘z nutqida so‘nggi ikki asr nafaqat turk millati, balki butun turkiy dunyo uchun qiyinchiliklar, azob-uqubatlar bilan o‘tganini ta’kidlab, endi bu davrlar ortda qolgani, Turkiya turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiyani chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qilganini qayd etdi.

Foto: Akparti

BMT 15 dekabrda ilk bor Butunjahon turkiy tillar kunini nishonladi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mazkur kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda turk dunyosining va yer yuzining turli burchaklarida bir xil tilda gaplashadigan, bir xil orzu qiladigan, qalblari birga urib turgan insonlarni ushbu sana bilan qutlagan va o‘zbek shoiri Abdulhamid Cho‘lponning «Go‘zal Turkiston» she’rini o‘qib bergan.

«1930-yillarda, istilo va zulm chidab bo‘lmas darajaga yetganida, O‘zbekistonning jasur o‘g‘li Sulaymon Cho‘lpon keyinchalik otib o‘ldirilishidan oldin yozilgan she’rida shunday deb hayqirgan edi», – degan va she’rdan to‘rtlik o‘qib bergan.

Erdo‘g‘an nutqi davomida so‘nggi ikki asr nafaqat turk millati, balki butun turkiy dunyo uchun qiyinchiliklar, azob-uqubatlar bilan o‘tganini ta’kidladi.

«Ha, bizning so‘nggi ikki asrimiz nafaqat millatimiz, balki butun turkiy dunyo uchun qiyinchiliklar, mashaqqatlar, azob-uqubatlar va ishg‘ollarga to‘la bo‘ldi. Madaniy jo‘g‘rofiyamizning ko‘plab mintaqalarida o‘sha yerlarning qadimgi o‘ziga xosliklari, tillari va diniy qadriyatlari taqiqlangan, xalqlar parchalanib ketgan edi. Biz tom ma’noda parchalanish davrini boshdan kechirdik», – deydi Turkiya prezidenti.

U endi bu davrlar ortda qolgani, Turkiya turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiyani chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qilganini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, Cho‘lponning «Go‘zal Turkiston» she’ri 1917 yilda yozilgan. Shoir bu asarida xalqni o‘zligini anglashga chaqirib, mustamlakachilikka nisbatan ichki norozilik va ozodlik istagini bayon qilgan.

She’r 1941-1945 yillarda Turkiston harbiy legionining marshi sifatida ham e’tirof qilingan.

Aytish mumkinki, Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zbek adabiyoti bilan yaxshi tanish. U 2018 yilda O‘zbekistonga tashrifi vaqtida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari bilan uchrashuvni O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «O‘zbegim» qasidasining turkcha tarjimasini o‘qish bilan boshlagan, chiqishini Cho‘lponning «To‘fon» nomli she’ri bilan yakunlagandi.

***

Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?
Sahar vaqtida gullaring so‘ldi.
Chamanlar barbod, qushlar hamfaryod,
Hammasi mahzun. Bo‘lmasmi dil shod?
Bilmam ne uchun qushlar uchmas bog‘chalaringda?

Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i.
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i.
Qo‘zg‘al, xalqim, yetar shuncha jabr-u jafolar!

Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin,
Qullik, asorat – barchasi yonsin.
Qur yangi davlat, yovlar o‘rtansin.
O‘sib Turkiston, qaddin ko‘tarsin,
Yayrab, yashnab o‘z Vataning gul Bog‘laringda!

Mavzuga oid