Jamiyat | 19:14 / 26.02.2026
5268
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi bog‘chada bolani tok urgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona shahridagi 66-son davlat bog‘chasida 6 yoshli tarbiyalanuvchi yuqori kuchlanishli transformator punktiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketdi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Kun.uz

Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi, ya’ni kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik bilan qo‘zg‘atilgan. Bu haqda 26 fevral kuni bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

18 fevral kungi voqea haqida Kun.uz 25 fevral kuni xabar bergan edi. 6 yoshli tarbiyalanuvchi Abuzar Ravshanjonov bog‘cha hududida, yer ostiga o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli tranformator punktiga tushib ketishi oqibatida jiddiy jarohat olib, tana a’zolari kuyib ketgan. U ayni paytda shifoxonada qolmoqda.

Bog‘cha qurib foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lishiga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan yerto‘la atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Yerto‘la eshigi esa oddiy sellofan paket bilan yopib qo‘yilgan.

Bog‘cha hududiga yuqori kuchlanishli transformator punktini qurgan korxona rahbari Kun.uz bilan suhbatda TP atrofini o‘rash loyihaga kiritilmagani, lekin yerto‘lani yopish kerak bo‘lgani, xodimlar esa e’tiborsizlik qilganini aytgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid