Kun.uz Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chasida 6 yashar tarbiyalanuvchi ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator ustiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Bolakayning otasi tahririyatga qayta murojaat yo‘llab, bog‘cha mas’ullari bolaning holidan xabar olmayotganini ma’lum qildi.

Voqea shu yil 18 fevral kuni, yangi qurilgan 66-sonli davlat bog‘chasida ro‘y bergan. Transformator punkti joylashgan yerto‘la usti tayinli yopilmagan, atrofi to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Faqat fojiadan keyingina bu kamchiliklar bartaraf etilgan.

Jabrlanuvchi bolaning otasiga ko‘ra, transformatorni o‘rnatgan xususiy pudratchi-tashkilot o‘tgan vaqt davomida uning tuzalishi jarayoni bilan qiziqib turgan, lekin maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullaridan darak bo‘lmagan.

Bolangizni o‘g‘limning o‘rniga qo‘yib ko‘ring”

Abuzar Ravshanjonovning otasi Abdurahmon Qodirov:

— Avvalo, bunday fojia hech kimning boshiga tushmasin. O‘g‘lim Abuzarni bog‘chaga soppa-sog‘ olib kirganman. Mana, nogiron bo‘lib chiqdi. 10 ming volt tok qo‘lidan kirib, son sohasidan teshib chiqib ketgan.

Men boshida tuzalib oyoqqa turib ketadi, shunchaki kuygan deb o‘ylagan edim. Lekin shifokorlar chap sonidagi terisini shilib, o‘ng tomonga o‘tkazib yamaymiz, deyishganida holat dahshatli ekanini his qildim. Ko‘zingiz yonida farzandingiz terisini shilishsa... buni his qilish dahshatli... Strescli kunlarni boshimdan o‘tkazyapman.
 

Abdurahmon Qodirov

Menga alam qilayotgani – maktabgacha ta’lim boshqarmasi shu paytgacha o‘g‘limning holidan xabar olmadi... Ikki oydan oshibdiki halovatimiz yo‘q, er-xotin uxlamay navbati bilan bolaga qarab chiqamiz. Ikki oydan beri ishga ham bora olganim yo‘q. O‘g‘limning kelajagi haqida o‘ylasam, dahshatga tushaman.

Ayb ishni qilib o‘g‘limning to‘shakka mixlanib qolishiga sababchi bo‘lganlarga aytar so‘zim – ozgina bo‘lsa ham vijdoningiz bo‘lsa, bolangizni o‘g‘limning o‘rniga qo‘yib ko‘ring...