Jamiyat | 19:31 / 24.12.2025
1836
4 daqiqa o‘qiladi

Onkologiya xizmatlari arzonlashadi: yangi respublika markazida press-tur o‘tkazildi

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazining yangi majmuasida ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbirda mutasaddilar onkologiya xizmatlari narxi kelgusi yillardan bosqichma-bosqich pasaytirilishini ma’lum qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

23 dekabr kuni ushbu markazda ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil qilindi. Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, tegishli tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu majmua Respublika onkologiya markazi va uning Toshkent shahar filialini birlashtirgan yagona muassasa hisoblanadi. 650 o‘ringa mo‘ljallangan yangi bino xalqaro standartlar asosida loyihalashtirilgan. Markazda diagnostika, kimyoterapiya, radioterapiya, jarrohlik, palliativ va reabilitatsiya xizmatlari bir joyda ko‘rsatiladi. Yevropa va AQSh standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik bo‘lim, 66 ta reanimatsiya o‘rni, 100 ta kunduzgi kimyoterapiya va 17 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari bor.

Press tur davomida shu kunlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan shahar onkologiya shifoxonasining respublika markaziga qo‘shilishi masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i v. b. Botirbek Isabekov shahar filiali xodimlarining barchasi ish bilan ta’minlanishi va kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilishini aytdi:

“Shahar onkologiya dispanserida ishlagan barcha xodimlarga kompensatsiya va to‘lovlar to‘lab beriladi. Buning hisob-kitobi qilinyapti, o‘ylaymanki yanvar oyining 1-haftasida ularning qo‘liga to‘liq kompensatsiyalar beriladi.

Xodimlarning ishga kelib-ketish masalasiyam inobatga olindi. Toshkent shahar hokimligi va Toshkent transport bosh boshqarmasi bilan bu masalada ishladik. Avtobus bekati tashkil qilinib, 4 ta avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yildi: 28-avtobus (Rohat metrosidan), 138-avtobus (Beruniy metrosidan Bunyodkor mahallasiga), 121-avtobus (Chinni bozor), 34-avtobus (Chilonzor metro)”.

Markaz rahbari Sedat Kayaning ta’kidlashicha, to‘lovli xizmatlar narxi yanada pasayishi kutilmoqda.

“Sog‘liqni saqlash vazirligining pulli xizmatlar bo‘yicha tasdiqlagan normativlari bor. Bemorlar shu kunga qadar qaysi xizmatlar uchun to‘lov qilishgan bo‘lsa, shunday davom etadi.

10 noyabr kuni prezident ishtirokidagi yig‘ilishda mana shu narxlarni tushirish haqida topshiriq berildi. Yangi onkologiya markaziga juda katta investitsiya kiritilgan va bu xarajatlarni hisobga olgan holda Moliya vazirligi bilan kelishuvga erishdik. 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab mavjud belgilangan narxlar yanada pasaytiriladi. Barcha konsultativ yoki boshqa xizmatlar ham xususiy klinikalardagi narxlardan ancha arzon bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha onkologik xizmatlarga ustuvorlik berilgan. Yaqin kunlarda Jizzax, Xorazm, Buxoro va Samarqanddagi filiallarimizga yuqori texnologiyali radioterapiya jihozlarini bosqichma-bosqich yetkazib beramiz. Bu jihozlar hamma mamlakatlarda ham topilmaydi. O‘zbekistonda bunga juda katta mablag‘ ajratilgan”, dedi u.

Markazda elektron tibbiy kartalar tizimi joriy etilgan bo‘lib, bemorlarni ro‘yxatga olish vaqti 2–3 daqiqagacha qisqargan. Mutasaddilar bu davolash jarayonlarining tezlashishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Eslatib o‘tamiz, bugun ruspublikada 100 mingdan ortiq saraton xastalari bor va onkologiya xizmatlariga talab yuqori.

Mavzuga oid