“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
Deputat Qizilgul Qosimova ta’lim va tibbiyotdagi oyliklarning pastligi bu sohalardagi xizmat sifatiga salbiy ta’sir qilishidan xavotir bildirdi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov malakali o‘qituvchilarni saralab, ularga yuqori maosh to‘lash tizimi yaratilgani, shunga o‘xshash tizim tibbiyotda ham joriy etilishi, lekin hukumatda hali aniq yechimlar yo‘qligini aytdi. “Asosiy masala – kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash”, dedi u.
Qonunchilik palatasining 2025 yilgi davlat budjeti loyihasi ko‘rib chiqilgan 26 noyabr kungi majlisida o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining oyliklari masalasi ko‘tarildi.
Deputat Qizilgul Qosimova bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga quyidagicha savol berdi:
“Hozir o‘zingiz aytib o‘tdingiz, ijtimoiy sohaga budjetning 52 foizi yo‘naltiriladi deb. Mana, oktyabr oyida budjet tashkilotlarida ishlaydigan pedagog va tibbiyot xodimlarining oyligi 15 foizga oshdi, bu ham quvonarli hol. Lekin shunga qaramasdan, mana shu sohada ishlaydiganlarning ish haqi nisbatan pastligi, malakali kadrlarning xususiy sektorga o‘tib ketayotganini ko‘rib turibmiz. Agar bu davom etaveradigan bo‘lsa, ertaga davlat ta’lim va tibbiyot tizimining sifatiga salbiy ta’sir qilmaydimi?”
Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, hukumat tibbiyot sohasi bo‘yicha “kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash” masalasida bosh qotirmoqda.
“Qizilgul Ermatovna, judayam to‘g‘ri savolni ko‘tardingiz. Haqiqatan ham tibbiyot xodimlarining ish haqi aholiga [ko‘rsatiladigan] tibbiyot xizmatlarining sifatini tushirmaydimi... To‘g‘ri savol.
Avvalombor, shuni aytishim kerakki, hurmatli prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev xuddi pedagoglarda xalqaro sertifikatlar, boshqalar bo‘ladigan bo‘lsa, ko‘proq ish haqi olganlari kabi sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha ham xuddi shunday topshiriq berganlar. Endi, ish haqining qanchasi ko‘p, qanchasi kam – o‘zingiz yaxshi bilasiz, judayam murakkab savol. Endi, do‘xtirlarimizni ham sertifikatsiyalashmi, ularning malakasini baholash...
Katta rahmat, hozir aytdingiz, mana bu yil 15 foizga oshdi. Undan ham avval, oxirgi 6-7 yilda, xabarlaringiz bor, umuman hamma sohada ham oyliklar jiddiy ko‘paydi. Lekin hurmatli prezidentimiz bu yetarli emas deyapti. Pedagoglar bo‘yicha ham, sog‘liqni saqlash xodimlari bo‘yicha ham. Lekin masalaning eng murakkab tomoni shundaki, hammaga 15 foizga, yo 50 foizga, balki 40 foizga ko‘paytirish biz kutayotgan natijani beradimi-yo‘qmi degan savol bor. Shuning uchun topshiriq shunday bo‘lganki, oldinda yurayotgan, malakasi yuqori bo‘lgan, o‘zining ishini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlarining oyligini ko‘paytirish bo‘yicha, to‘g‘risi, hozir yechimlarimiz yo‘q. Bo‘lganida aytib berardik.
Bu bo‘yicha ishlayapmiz. Men fikrimni aniq tushuntirish uchun yana bir bor takrorlamoqchiman: asosiy masala – kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash. Shu masalaning yechimi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birga ishlayapmiz. Men sizni ishontirib aytaman, hurmatli prezidentimiz bu bo‘yicha topshiriq berganlar. Chunki u kishi tibbiyot sohasidagi muammolarni juda ko‘p o‘ylaydilar. Shuning uchun biz hurmatli prezidentimiz huzurlarida makroprognozlarimiz, kelgusi yil davlat budjeti loyihasini taqdim etganimizda, hurmatli prezidentimiz shu sog‘liqni saqlash sohasiga juda ko‘p to‘xtab o‘tdilar. Shulardan biri – yuqori malakali, o‘zining ishiga vijdonan yondashadigan, odamlarning sog‘lig‘ini qadrlaydigan tibbiyot xodimlarining mehnatiga haq to‘lashni jiddiy yaxshilash masalalariga ham to‘xtab o‘tdilar”, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Majlisda 2025 yilgi davlat budjeti loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Mavzuga oid
16:56
SSV: O‘zbekistonda tibbiyot sohasini transformatsiya qilishda turkiyalik mutaxassislar yaqindan ko‘mak beradi
20:54 / 26.11.2024
Davlat budjetining 9 oylik ijrosi. Defitsit – 36 trln so‘m
17:11 / 26.11.2024
"JST bu – adolatli savdo tizimi" - Jamshid Qo‘chqorov
12:27 / 22.11.2024