Jahon | 20:52 / 21.03.2026
4940
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh admirali: Eronda 8 mingdan ortiq nishonga zarba berdik

Bu zarbalar natijasida, admiral Bred Kuperning so‘zlariga ko‘ra, Tehronning jangovar salohiyati “sezilarli darajada pasaytirilgan”. Masalan, Eron 130 ta kemasidan ayrilgani aytilmoqda.

Foto: USCENTCOM

AQSh armiyasi Erondagi urush boshidan beri 8 mingdan ortiq nishonga zarba berdi. Bu haqda urush to‘rtinchi haftasiga o‘tgan 21 mart kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi admirali Bred Kuper ma’lum qildi.

New York Times'ning yozishicha, garchi minglab nishonlarga zarba berilgan bo‘lsa ham, AQSh bu urushdan nimaga erishmoqchi ekani haligacha noaniq qolmoqda.

Bred Kuper shanba kungi bayonotida Tehronning “jangovar salohiyati sezilarli darajada pasaytirilgani”, Eron shu jumladan 130 ta kemasidan ayrilganini aytdi.

“Ularning floti suzmay qo‘ydi. Taktik qiruvchilari uchmayapti. Raketalar va dronlarni esa nizo boshlangan paytdagichalik tez-tez uchira olishmayapti”, – dedi armiya rasmiysi 4 daqiqalik operativ chiqishida.

Shunga qaramay, NYT'ning qayd etishicha, Eron hamon Isroilga va AQShning mintaqadagi ayrim hamkorlariga raketalar va dronlar bilan hujum qilishda davom etmoqda. Qolaversa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishning ham uddasidan chiqyapti.

Amerika admiralining so‘zlariga ko‘ra, ikki kun oldin AQSh armiyasi yuqori aniqlikdagi raketalar bilan o‘z tarixidagi eng uzoq masofali artilleriya zarbalarini bergan.

“Bu zarba Eron harbiy infratuzilmasini yo‘q qilib, AQSh Qurolli kuchlarining misli ko‘rilmagan uzoq masofali harakati va vayronkor kuchini namoyish etdi”, – dedi Kuper.

Admiral aynan qancha masofani nazarda tutganini va aynan qanaqa nishonga zarba berilganini ochiqlamadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid