O‘zbekiston | 22:27 / 11.07.2020
69800
3 daqiqa o‘qiladi

«Shifokorlar norasmiy daromadga bog‘lanib qolgan» - xalqaro ekspert O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi haqida

Jahon bankining sog‘liqni saqlash bo‘yicha katta eksperti Elvira Anadulu O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida mavjud muammolarni sanab o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: "Taraqqiyot strategiyasi" markazi

Mutaxassisning qayd etishicha, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari oylik maosh hajmining kamligi bois norasmiy daromadlarga bog‘lanib qolgan.

«O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida mavjud normativ-huquqiy platforma samarali tashkil etilmagan.  Tizimda texnik, ma'muriy va moliyaviy masalalar bo‘yicha javobgarlikning fragmentatsiyalangani, deylik, moliyalashtirish masalasida bir necha idoralarning ishtiroki resurslarning samarasiz taqsimlanishiga olib keladi.

Mamlakatda birlamchi tibbiy-sanitar xizmat miqdor jihatdan ko‘p bo‘lsa-da, ular ko‘rsatayotgan xizmat sifat nuqtai nazaridan har doim ham yuqori emas. Shifoxonalar tizimidan ko‘ra, birlamchi tibbiy-sanitar tizimga ko‘proq diqqat qaratish, ularning faoliyatini demografik ko‘rsatkichlar, aholi orasida keng tarqalagan kasalliklar nuqtai nazaridan muvofiqlashtirish lozim», – dedi Elvira Anadulu ijtimoiy sohada davlat dasturi ijrosi muhokamasiga bag‘ishlab «Taraqqiyot strategiyasi» markazida o‘tkazilgan onlayn davra suhbatida.

Xalqaro ekspert O‘zbekistonda tibbiyot tizimini rivojlantirishda e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni sanab o‘tdi.

«Shahar va qishloq hududlarida kadrlar taqsimotidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish uchun tibbiy kadrlar tayyorlashning uzoq muddatli siyosati ishlab chiqilishi kerak. Ixtisoslikka asoslangan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidan oilaviy vrachlar bazasi asosida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimiga o‘tilishi maqsadga muvofiqdir.

Faktga asoslangan ma'muriy ma'lumotlar saqlanishining ishonchli tizimi yaratilishi lozim. Bu kerakli siyosiy qarorlar qabul qilinishi uchun muhimdir», – dedi Anadulu.

Jahon banki vakili koronavirus pandemiyasining tibbiyot tizimiga ko‘rsatadigan salbiy ta'sirlarini prognoz qildi.

«COVID-19 pandemiyasi natijasida kasalliklarni erta bosqichda aniqlash imkoniyatlari qisqarishi, surunkali xastaligi bo‘lgan bemorlarga xizmat ko‘rsatish tizimida kechikishlar kuzatilishi mumkin.

Shuningdek, bolalarni emlash tizimida pauzalar va buzilishlarning bo‘lishi natijasida yangi kasallik to‘lqinlari paydo bo‘lishi ehtimolini keltirib chiqarishi mumkin. Uyda zo‘ravonlik holatlari kuzatilgan holatda ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar avj oladi», dedi Elvira Anadulu.

Mavzuga oid