O‘zbekiston | 15:28 / 04.08.2023
4312
5 daqiqa o‘qiladi

Respublikada har 4 liftning bittasi talabga javob bermasligi ma’lum qilindi

Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Xolmatov Senat yalpi majlisida respublika bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan 8857 ta liftning 2422 tasi talabga javob bermasligini bildirdi. Bu O‘zbekistondagi har to‘rtinchi lift xavfli degani.  

Foto: Kun.uz

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida liftlar bilan bog‘liq holatlar muhokama qilingan.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov masala haqida to‘xtalar ekan, liftlar mutaxassislarning tegishli xulosasi olinmasdan hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan foydalanishga topshirilayotganini ma’lum qilgan.

Qo‘mitamiz tomonidan mamlakatdagi liftlarning holati hamda ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya qilinishi ahvoli o‘rganildi. Natijada bu borada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Birinchidan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga ko‘p kvartirali uylardagi liftlarning texnik holati belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash, ularning davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan holda o‘rnatilishini nazorat qilish, nosoz liftlardan foydalanishni taqiqlash choralarini ko‘rish kabi qator vazifalar yuklatilgan. Biroq, ajablanarli jihat shundaki, bu vazifalarni amalga oshirishi uchun inspeksiya zarur vakolatlarga va yetarli mutaxassislarga ega emas.

Misol uchun, yangi qurilgan ko‘p xonadonli uy-joylarni davlat hay’ati qabul qilish komissiyasi tarkibiga inspeksiya kiritilmagan. Oqibatda lift qurilmalari mutaxassislarning tegishli xulosasisiz, ya’ni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olinmasdan hamda xavfsizlik tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilmagan tarzda foydalanishga topshirilmoqda.

Jumladan, mamlakatimizdagi yangi qurilgan ko‘p xonadonli uylardagi qariyb 400 ga yaqin lift uskunalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasdan foydalanib kelinmoqda”, deya ta’kidlagan Qutbiddin Burhonov.

Qo‘mita raisiga ko‘ra, hozirgi tartibga muvofiq, ko‘p xonadonli uylarda o‘rnatilgan liftlarning texnik holatini nazorat qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liq funksiyalar amalda ikkita davlat organi – Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ammo bu ikki tuzilma ham o‘z vazifalarini to‘laqonli bajara olish imkoniyatiga ega emas.

Mamlakatdagi jami 4 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylarda qariyb 11 mingdan ortiq lift bor. Tegishli me’yoriy texnik hujjatlar talabiga muvofiq ular har oyda texnik ko‘rikdan va 12 oyda bir marta to‘liq texnik sinovdan o‘tkazilishi zarur. Holbuki, har ikkala inspeksiyaning ana shu birgina vazifani amalga oshirish uchun ham moddiy-texnik, tashkiliy va boshqa imkoniyati yo‘q.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 iyundagi qaroriga asosan 2021-2023 yillar oralig‘ida jami 1685 ta lift ta’mirlanishi

va yangisiga almashtirilishi rejalashtirilgan. 2023 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 1222 ta lift ta’mirlangan va yangisiga almashtirilgan. Qolgan 463 ta liftni belgilangan muddatda ta’mirlash yoki almashtirish esa 2020 yildagi va bugungi kundagi narxlar orasidagi farq sababli shubha ostida qolmoqda”, degan Qutbiddin Burhonov.

Muhokamada Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Xolmatov ham so‘z olib, o‘z takliflarini bildirib o‘tgan.

Respublikada qurilayotgan ko‘p qavatli uylar bormi, inshootlar bormi, qabul qilish komissiyasida bizning mutaxassislar ishtirok etayotgani yo‘q. Biz bu masalani bir necha marotaba Adliya vazirligiga ham kiritganmiz. Lekin hali yechimini topmagan.

Respublikada 8857 ta lift bizda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 2422 ta lift talabga javob bermaydi”, deya ma’lum qilgan Baxtiyor Xolmatov. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahrida 32 yoshli Olga Leontevaning jasadi yangi uylardan birining liftida topilgandi. Keyinchalik Bosh prokuratura pochtachi ayolning jasadi topilgan lift nosoz bo‘lganini ma’lum qildi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi esa buni rad etdi

Mavzuga oid