Jahon | 20:09 / 28.01.2026
7707
8 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Xitoy armiyasining eng yuqori martabali generali AQShga yadroviy sirlarni sizdirishda ayblanmoqda

Si Jinpingning eng ishonchli ittifoqchisi hisoblangan general Chjan Yusyaga boshqa ayblovlar ham qo‘yilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, uning olinishi Sining harbiylar ustidan hokimiyatini mustahkamlaydi, ammo Xitoy armiyasining jangovar tayyorgarligiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

General Chjan Yucya / Foto: AP Photo

Xitoyning eng yuqori martabali generali Chjan Yusya mamlakatning yadroviy qurol dasturi haqidagi ma’lumotlarni AQShga sizdirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda yuqori darajadagi yopiq brifing bilan tanish bo‘lgan manbasiga tayanib Wall Street Journal nashri ma’lumot berdi.

Mazkur brifing 24 yanvar kuni ertalab harbiylarning eng yuqori lavozimli amaldorlari ishtirokida o‘tkazilgan. Undan sal oldin Xitoy Mudofaa vazirligi general Chjan Yusya va Bosh shtab rahbari Lyu Chjyenliga nisbatan tergov boshlanganini e’lon qilgan. Rasmiy bayonotda partiya intizomi va davlat qonunlarini jiddiy buzish holatlari tergov qilinayotgani aytilgan, ammo tafsilotlar keltirilmagan.

Brifing tafsilotlaridan xabardor shaxslarning aytishicha, Chjan siyosiy guruhlar tuzish, ya’ni partiya birligini zaiflashtiruvchi ta’sir tarmoqlarini shakllantirishda, Kommunistik partiyaning eng yuqori harbiy qaror qabul qiluvchi organi bo‘lgan Markaziy harbiy kengashdagi vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda.

General Chjan Yusya Bayden davridagi AQShning sobiq Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyek Sallivanni qabul qilmoqda / Foto: New York Times

Rasmiylar, shuningdek, Chjanning harbiy texnika va qurol-yarog‘larni tadqiq etish, ishlab chiqish va xarid qilish uchun mas’ul bo‘lgan qudratli idora ustidan nazoratini ham tekshirmoqda. Brifing bilan tanish manbalarga ko‘ra, Chjan aynan ushbu milliardlab mablag‘lar aylanadigan tizimda lavozim berish evaziga ulkan miqdorda pora olganlikda ayblanmoqda.

Manbalarning aytishicha, yopiq brifingda oshkor qilingan eng shov-shuvli ayblov – Chjan Xitoyning yadroviy qurollariga oid asosiy texnik ma’lumotlarni AQShga uzatgani haqidagi da’vo bo‘lgan.

Chjanga qarshi ayrim dalillar Xitoy Milliy yadroviy korporatsiyasining sobiq bosh direktori Gu Jundan olingan. Bu davlat kompaniyasi Xitoyning fuqarolik va harbiy yadroviy dasturlarining barcha jihatlarini nazorat qiladi. Pekin o‘tgan dushanba kuni Guga nisbatan ham partiya intizomi va davlat qonunlarini jiddiy buzish gumoni bilan tergov boshlanganini e’lon qilgandi.

Shanba kungi brifingda rasmiylar Guga oid tergov Chjanni Xitoy yadroviy sektoridagi xavfsizlik buzilishi bilan bog‘lab qo‘yganini bildirgan. Biroq mazkur buzilish tafsilotlari ochiqlanmagan.

Gu Jun / Foto: ChinaDaily

Brifingda Chjanning qulashiga uning sobiq mudofaa vaziri Li Shanfuni lavozimga ko‘tarishda tutgan roli ham bog‘landi. Manbalarga ko‘ra, Chjan – Li Shanfuning ko‘tarilishiga katta poralar evaziga yordam bergan. Li Shanfuning o‘zi ham 2023 yilda jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan va keyinchalik mudofaa vaziri lavozimidan olingan edi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili Wall Street Journal'ga «Chjanga nisbatan tergov partiya rahbariyatining korrupsiyaga qarshi ‘to‘liq qamrovli va nol toqat’ siyosatini namoyish etishini» aytgan.

Xitoy armiyasidagi keskin “tozalash”

Si Jinpinning qurolli kuchlardagi «korrupsiya va sadoqatsizlikka qarshi navbatdagi zarba»si Mao Szedun davridan beri Xitoy harbiy rahbariyatiga nisbatan eng keskin «tozalash» hisoblanadi.

Si kabi partiya a’zosi bo‘lgan Chjan ham Xitoyda «shahzodalar» deb ataladigan — inqilobiy yetakchilar va yuqori martabali amaldorlar avlodiga mansub. Chjanning otasi Xitoy fuqarolar urushi davrida Si Jinpinning otasi bilan yonma-yon jang qilgan. Keyinchalik ikkalasi ham yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan.

Xitoy rahbari Si Jinping, general Chjan va boshqa rasmiylar 2024 yilda eski inqilobiy bazaga tashrif buyurmoqda. Foto: Xinhua / Getty Images

Manbalarga ko‘ra, rasmiylar tergovga jalb qilgan ikki general bilan birga xizmat pillapoyasidan ko‘tarilgan zobitlarning mobil qurilmalarini allaqachon musodara qilgan. Bu esa ular bilan aloqador minglab zobitlar ham potensial nishonga aylanganini anglatadi.

Xitoy siyosiy tizimining yopiq tabiati Sining uzoq yillik ittifoqchisini armiyadan chetlatishdagi asl motivlarini aniq anglashni qiyinlashtiradi.

Shunga qaramay, Xitoy armiyaning asosiy nashri PLA Daily – Chjanga qarshi ishda siyosiy omillar muhim ekanini yozdi. Gazeta uni Markaziy harbiy kengash raisi hokimiyatining asoslarini «jiddiy ravishda poymol qilish va izdan chiqarishda» aybladi. Bu esa «Chjan – Si Jinpingdan tashqari haddan tashqari katta mustaqil hokimiyatga ega bo‘lganini» anglatadi, deydi ASPI’ning milliy xavfsizlik bo‘yicha katta ilmiy xodimi Lil Morris.

Sabablardan qat’i nazar, Chjanni chetlatish qarori - Sining «harbiylar ustidan hokimiyatini mustahkamlab bo‘lganiga ishonchi baland» ekanini ko‘rsatadi. «Bu zaiflik emas, balki kuch alomati», dedi Morris.

Xitoy armiyasining jangovar salohiyatiga salbiy ta’sir kutilmoqda

Xitoy bilan bog‘liq siyosiy xatarlar bo‘yicha konsalting kompaniyasi rahbari Kristofer Jonsonning nashrga aytishicha, bu qadam «Xitoy harbiylari tarixida misli ko‘rilmagan va oliy qo‘mondonlikning to‘liq yo‘q qilinishini» anglatadi. Jonson – AQSh Markaziy razvedka boshqarmasida yigirma yil ishlagan va Xitoy bo‘yicha yetakchi tahlilchi bo‘lgan.

«Si ilk yillarida faol xizmatdagi yuqori martabali generallar va strategik raketa qo‘shinlari kabi muhim tuzilmalarga tegmaslikka harakat qilgan. Keyinchalik bu imkonsiz ekanini anglab yetdi va hozirgi qadam shu jarayonning yakuniy bosqichidir», deydi Jonson.

Manbalarga ko‘ra, Si bu harakatlari bilan korrupsiya va davlat sirlarining fosh etilishi – uning Tayvan ustidan nazoratni qo‘lga kiritish maqsadiga tahdid ekanini anglatmoqda.

General Chjan oldingi qatorda va Markaziy harbiy Kengashning boshqa a’zolari 2023 yilda Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishida / Foto: NYT

Biroq ayrim tahlilchilar yuqori pog‘onadagi bu bo‘shliqlar jangovar salohiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan. Xususan, 2023 yil yozidan beri partiya Xitoy armiyasi, havo kuchlari, dengiz floti, strategik raketa qo‘shinlari va harbiylashtirilgan politsiya, shuningdek yirik harbiy okruglarda yuqori martabali zobitlarni lavozimidan chetlatib kelmoqda. WSJ ko‘rib chiqqan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 2,5 yil ichida 50 dan ortiq yuqori martabali harbiy va mudofaa sanoati rahbarlari tergovga tortilgan yoki lavozimidan olingan.

Markaziy harbiy kengash 2022 yil hozirgi muddatini boshlaganida olti nafar professional harbiy a’zoga ega edi. Bugun esa faqat bitta faol zobit — general Chjan Shenmin qolgan. U faqat oktabr oyida rais o‘rinbosari etib tayinlangan va jangovar tajribaga ega emas: faoliyatining asosiy qismini siyosiy zobit va intizom nazoratchisi sifatida o‘tkazgan.

Yana bir tahlilchi Taylor Fravel WSJ’ga Xitoy armiyasini boshqarishda yuqori pog‘onadagi bu bo‘shliq «chidab bo‘lmas holatga» kelib qolganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu holat «yaqin va o‘rta muddatda Xitoy Ozodlik Armiyasining yirik va murakkab harbiy amaliyotlarni amalga oshirish tayyorgarligiga, albatta ta’sir ko‘rsatadi».

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid