Jahon | 23:50 / 01.03.2026
11542
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi qator harbiy bazalar Eron hujumiga uchradi

Tasnim agentligi xabariga ko‘ra, BAAda MRBning olti nafar ofitseri Eron raketa zarbasi natijasida halok bo‘lgan.

Eron Abu-Dabidagi harbiy-dengiz bazasiga dronlar bilan zarba berdi, deb ma’lum qildi BAA mudofaa vazirligi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, Abu-Dabida joylashgan “As-Salom” harbiy-dengiz bazasi omboriga ikkita dron kelib urilishi oqibatida ikki konteynerda yong‘in kelib chiqqan.

"BAA bu eskalatsiyaga javob qaytarish va o‘z hududi, aholisini himoya qilish, mamlakat suvereniteti, xavfsizligi va barqarorligini saqlab qolish hamda milliy manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rish huquqini saqlab qoladi", - deyiladi BAA mudofaa vazirligi bayonotida.

Iroqdagi Arbil aeroporti yaqinidagi Amerika harbiy bazasida dronlar hujumi chog‘ida portlashlar sodir bo‘ldi, deb xabar qildi Reuters o‘z manbalariga tayanib. 

O‘z navbatida, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Eron Kuvaytda joylashgan AQSh harbiy bazasiga  zarbalar berganini ma’lum qildi.

"AQShning Kuvaytdagi al-Salim harbiy-dengiz bazasi yaqinda amalga oshirilgan hujumlar natijasida butunlay ishdan chiqdi hamda AQShning Kuvaytdagi harbiy-dengiz infratuzilmasiga qarashli uchta obekt yo‘q qilindi", - deyiladi Eron davlat teleradiosi xabarida.

Tasnim agentligining xabariga ko‘ra esa BAAda MRBning olti nafar ofitseri Eron raketa zarbasi natijasida halok bo‘lgan.

"Kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, BAAdagi MRB ofitserlarining qarorgohiga raketa hujumi natijasida MRBning olti nafar yuqori lavozimli ofitseri yo‘q qilindi, ikki nafari yaralandi", - deyiladi xabarda.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid