O‘zbekiston | 11:17 / 15.03.2019
24954
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya elchixonasi Zeromax qarzlari bilan bog‘liq masala hal etilganini tasdiqladi

Gyunter Overfeld/Foto: un.org

Toshkentdagi «Bunyodkor» stadioni va Forumlar saroyi qurilishida ishtirok etgan nemis kompaniyalari oldidagi qarz masalasi hal qilindi. Bu haqda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Gyunter Overfeld aytib o‘tdi.

Obektlar qurilishi buyurtmachisi Zeromax kompaniyasi bo‘lgan. 2010 yilda u bankrot bo‘lib, o‘zidan keyin katta miqdorda qarzlar qoldirdi. Avvalroq, ommaviy axborot vositalarida bu masala O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil yanvar oyida Germaniyaga tashrifi doirasida ko‘rib chiqilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

«Bu masala barcha manfaatdor tomonlar bilan hal qilindi. Masala kun tartibidan olindi va ijobiy yechim topdi», - dedi elchi Kun.uz muxbirining savoliga javob qaytarib. Shu bilan birga, u tomonlar kelishuvga qanday erishganiga aniqlik kiritmadi.

Elchining ta'kidlashicha, hamma «ushbu qarordan mamnun kayfiyatda».

Bundan oldin, o‘n yil davomida o‘z pullarini ololmagan 24ta nemis kompaniyasi vakili Valdemar Kisner «Ozodlik»ga «qarzlar» muammosi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga soya solmasligi lozimligini ma'lum qilgandi.

«Umumiy qarz 130 million yevro emas, balki 72 million yevroni tashkil etadi. Ulardan 60 millioni Forumlar saroyi va 10 millioni «Bunyodkor» stadioni uchun mo‘ljallangan. Ushbu obektlarni qurish uchun biz O‘zbekiston hukumati bilan emas, balki 2009 yilda Shveytsariyada Zeromax kompaniyasi bilan shartnoma tuzganmiz. Zeromax rahbari hibsga olindi va 24 nemis kompaniyasi pullarini to‘lay olmadi», - dedi germaniyalik tadbirkor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zeromax kompaniyasining sobiq ijrochi direktori Mirodil Jalolov 8 yanvar kuni DXX tergov izolyatoridan ozod qilingani va uyiga qaytgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid