O‘zbekiston | 13:40 / 26.08.2022
70044
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida er bog‘cha bolalari ko‘z o‘ngida xotinini bo‘g‘ib, kaltakladi

Quyi Chirchiqdagi bog‘chada yuz bergan er-xotin janjali yuzasidan tergov boshlandi.

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida er rashk sabab xotini ishlaydigan xususiy bog‘chaga borib, bolalar ko‘z o‘ngida uni urgani aks etgan video tarqaldi.

Internetda tarqalgan videoda er bolalar ko‘z o‘ngida ayolini bo‘g‘ib, kaltaklagani, bolalar voqeadan qo‘rqib ketib yig‘laganini ko‘rish mumkin.

Maktabgacha ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, joriy yil 24 avgust kuni soat taxminan 17:00 va 18:00 lar oralig‘ida Quyi Chirchiq tumanidagi «Lastochka» nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga umuman aloqador emas shaxslarning janjali bolalar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu er-xotining tortishuvi avvaliga ko‘chada boshlangan, so‘ng erining kaltagidan qochgan ayol ko‘zi tushgan darvoza tomon kirib yashirinmoqchi bo‘lgan. Er xotinining ketidan kirib kelgan, janjal holati NMTT ichida davom etgan.

Do‘pposlangan ayol NMTTda ishlamagan.

Ayni damda ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tergov ishlarini amalga oshirmoqda.

Mavzuga oid