Jahon | 16:08 / 01.03.2026
11715
8 daqiqa o‘qiladi

Ali Xominaiy o‘limi: Eronda rejim o‘zgaradimi?

Ali Xominaiy o‘limi ortidan Eronda faqat oliy rahnamo almashishi emas, balki butun tizim taqdiri ham savol ostida qoldi. Siyosatshunoslarga ko‘ra rejim o‘zgarsa ham to‘qson millionlik Eron jamiyati AQSh va Isroilga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati bilan to‘yingan.

Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqida so‘z yuritdi.

Oyatulloh Ali Xominaiyning halok bo‘ldi, Erondagi rejim masalasi so‘roq ostidami?

Kamoliddin Rabbimov: Amerikaning o‘zida ham ekspertlar fikriga quloq solinsa, bu hali konfliktning boshlanishi xolos. Agar Amerika Imom Xominaiyni yo‘q qilish orqali siyosiy tizim o‘zgaradi deb o‘ylagan bo‘lsa, bu noto‘g‘ri yondashuv.

Iroq va Afg‘oniston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, hokimiyatni ag‘darish oson, ammo undan keyingi vaziyatni nazorat qilish nihoyatda qiyin.

Eron esa 90 milliondan ortiq aholiga ega katta jamiyat bo‘lib, uning tafakkuri Amerikaga ishonchsizlik va Isroilga nisbatan salbiy munosabat bilan to‘yingan.

To‘g‘ri, jamiyatning katta qismi erkinlikni istaydi. Biroq bu erkinlik yo‘lida ular o‘zining diniy va madaniy o‘zligini, musulmonlik va shialik identitetini tark etmaydi.

Shuning uchun, ertaga hokimiyatga kim kelishidan qat’i nazar qisqa muddatli ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Ammo agar siyosiy tizim xalq irodasiga bog‘liq bo‘lsa, Isroilga nisbatan salbiy munosabat baribir saqlanib qoladi. Buni Iroq, Suriya va Liviya misolida ham ko‘rish mumkin. Ushbu davlatlarda siyosiy tizimlar izdan chiqqan bo‘lsa-da, jamiyatning Isroilga munosabati o‘zgarmagan.

Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda Amerikaning o‘zida ham jamoatchilik fikri o‘zgarib bormoqda. Ilgari amerikaliklarning 70-80 foizi Isroilni asosiy ittifoqchi deb bilgan va uni qo‘llab-quvvatlash zarur deb hisoblagan. Ammo oxirgi oylarda Falastinga nisbatan hamdardlik ortib, Isroilga ishonch pasaymoqda.

Imom Xominaiyning sahnadan ketishi muayyan transformatsiyani boshlab berishi mumkin. Ammo hozircha siyosiy tizim qulaydi, deb aytish qiyin. Ko‘plab ekspertlar ham shunday fikrda. Chunki bunday tizimni ag‘darish uchun keng ko‘lamli, to‘laqonli urush talab etiladi.

Erondagi siyosiy tizim chuqur ildizlarga ega, unda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi, mudofaa vazirligi va boshqa kuch tuzilmalari mavjud. Ularni butunlay yo‘q qilish uchun uzoq va murakkab harbiy jarayon kerak bo‘ladi. Bu tizim Saddam Husayn davridagi Iroqdan farq qiladi, u yerda yakka shaxs diktaturasi bo‘lgan va tez qulagan.

Eronda esa tizim ancha murakkab va mafkuraviy asosga ega. Uning ildizlari chuqur. Shu bilan birga, kelajakda hokimiyatga keladigan shaxslarning diplomatik yondashuvi boshqacha bo‘lishi mumkin.

Imom Xominaiy shaxsiga kelsak, u o‘zini “shahid bo‘lishga tayyor” deb ta’kidlagan. Hatto bir necha oy oldin uning Rossiyaga ketishi haqida mish-mishlar tarqalgan edi, ammo Eron rasmiylari buni rad etib, aksincha, fidoyilikka tayyor ekanini bildirgan.

Bu shunday siyosiy tizimki, uning asosida diniy e’tiqod yotadi. Xudoga ishonadigan inson o‘limdan qo‘rqmaydi. Bu tizim dunyoviy emas, balki diniy qadriyatlarga tayangan. Uning ramziy markazida esa Imom Husayn ramzi turadi, zulmga qarshi kurash va shahidlik timsoli sifatida.

Shu sababli, ushbu konflikt hali uzoq davom etishi va mavjud siyosiy tizim saqlanib qolishi ehtimoli yuqori. Ammo kelajakda hokimiyatga kim kelishi va u qanday siyosat yuritishi hozircha ochiq savol bo‘lib qolmoqda.

Shuhrat Rasul: Harbiy qarshilik masalasiga realistik yondashish kerak. G‘arb razvedkalari bir necha bor Eronda 1500-2000 atrofida ballistik raketa borligini ta’kidlagan. Agar kuniga 100 tadan raketa ishlatilsa, bu zaxira taxminan 15 kunga yetadi. Kuniga 50 tadan ishlatilsa bir oyga, 25 tadan ishlatilsa ikki oyga yetishi mumkin.

Hozirda 500 ga yaqin nishonga zarba berilgani aytilmoqda. Bu zarbalar asosan davlat obektlari, radar tizimlari, aloqa vositalari va harbiy zavodlarga qaratilgan. Katta ehtimol bilan raketa ishlab chiqaruvchi zavodlarning ham asosiy qismi yo‘q qilingan. Chunki har bir “Tomahawk” raketasi qariyb 450 kg portlovchi yuk bilan zarba beradi. Agar har bir zavodga kamida ikki raketa yo‘naltirilgan bo‘lsa, ularni tez tiklash deyarli imkonsiz. Shu sababli, Donald Trampning “endi tiklanish uchun uzoq yillar kerak bo‘ladi” degan fikri bejiz emas.

Harbiy mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Eron AQShga qanday qarshilik ko‘rsatishi mumkin?! Hozirgi sharoitda havo hududi to‘liq AQSh va Isroil nazoratida. Havo mudofaasi tizimi deyarli ishdan chiqqan. Qolgan kichik qarshilik o‘choqlari ham qisqa vaqt ichida bostirilishi mumkin. Bunday vaziyatda samarali harbiy qarshilik ko‘rsatish deyarli imkonsiz.

Siyosiy tizim masalasida men Eronni ko‘proq personalistik davlat deb hisoblayman, ya’ni unda rahbar shaxsining roli juda katta. Iqtisodiy holat ham jiddiy e’tiborga loyiq. Masalan, 7 yanvar kuni 1 AQSh dollari 1 million 400 ming rial bo‘lgan bo‘lsa, oradan ikki oy o‘tmay bu ko‘rsatkich 1 million 660 ming rialga yetdi. Ya’ni milliy valuta yana qariyb 15 foizga qadrsizlandi.

Buni faqat tashqi sanksiyalar bilan izohlab bo‘lmaydi. Muammoning bir qismi ichki iqtisodiy siyosat bilan ham bog‘liq.

Mamlakatda to‘liq erkin bozor iqtisodiyotiga ruxsat berilmagan, tizim ko‘proq davlat kapitalizmiga asoslangan. Asosiy resurslar ayniqsa neft va gaz sohasi davlat nazoratida, raqobatli bozor shakllanmagan. Natijada iqtisodiy muammolar hal bo‘lish o‘rniga yanada chuqurlashmoqda. Agar hozirgi tizim o‘zgarmasa, hatto hokimiyatga rahbarning o‘g‘li yoki unga o‘xshash siyosiy qarashdagi shaxs kelsa ham, na iqtisodiy, na siyosiy tizimda jiddiy o‘zgarish bo‘lmaydi.

Bunday sharoitda ichki bo‘linish kuchayadi. Amalda jamiyatning sezilarli qismi hozirgi rejimdan norozi. So‘nggi norozilik namoyishlari va qurbonlar buning yaqqol isboti bo‘lib, bu faktni inkor etib bo‘lmaydi.

Shu nuqtada yagona muqobil yo‘l sifatida islohotlar varianti paydo bo‘ladi. Masalan, Pizishkiyon prezidentlikka kelishidan oldin G‘arb, jumladan, AQSh va hatto Isroil bilan munosabatlarni yaxshilash, sanksiyalarni yumshatish va neftni bozor narxida sotish orqali iqtisodiyotni tiklash haqida va’da bergan edi. Hozirda Eron neftni asosan Xitoyga arzon narxda sotmoqda.

Agar Pizishkiyon real vakolatga ega bo‘lsa va diniy-siyosiy elita unga yetarli erkinlik bersa, u iqtisodiy islohotlar o‘tkazib, bozor mexanizmlarini joriy etishi va vaziyatni qisman yaxshilashi mumkin.

Aks holda, ya’ni hozirgi siyosat davom etsa yoki unga yaqin qarashdagi kuchlar hokimiyatda qolsa, rejim ma’lum vaqtgacha saqlanib turishi mumkin. Ammo uzoq muddatda jamiyat bosimi ostida bu tizim baribir o‘zgarishga majbur bo‘ladi.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid