Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronning Isroil janubiga zarbalari: binolar vayron bo‘lgan, 160 dan ortiq kishi jabrlangan
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham zarba joyiga tashrif buyurdi va Eron ustidan shikoyat qildi.
Foto: Reuters
Isroil favqulodda xizmatlari vakillariga ko‘ra, Eronning Isroil janubidagi yadroviy obektga yaqin joylashgan Arad va Dimona shaharlariga raketa zarbalari oqibatida 160 dan ortiq kishi jarohatlangan. Jabrlanganlarning bir qismi og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Aradda 84, Dimonada yana 78 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Xalqaro atom energetikasi agentligi Dimonadan 13 kilometr masofada joylashgan Shimon Peres nomidagi Yadro energetikasi ilmiy-tadqiqot markaziga qandaydir zarar yetkazilgani haqida ma’lumot yo‘qligi va «u yerda radiatsiya darajasi ko‘tarilishi qayd etilmagani»ni ma’lum qilgan.
Eron davlat televideniyesi zarbalar shanba kuni Natanzdagi yadroviy obektga qilingan hujumga javob bo‘lganini xabar qilgan.

Shanba kuni kechqurun Eron ballistik raketalari Isroilning murakkab havo hujumidan mudofaa tizimidan o‘tib, mamlakat janubidagi ikki shaharga zarba berdi.
Arad shahrida raketa bir necha binoga jiddiy shikast yetkazib, uylar o‘rtasida chuqur o‘ra hosil qilgan.
«Bu juda qo‘rqinchli kartina», – deydi tez yordam feldsheri Yakir Talkar va u yerda «juda ko‘pchilik yaralangani»ni qo‘shimcha qilgan.

Zarba oqibatida ikkita ko‘p kvartirali uyning tashqi devorlari teshilib ketgan.
Shu kabi raketa zarbasi qo‘shni Dimona shahriga ham berilgan. Bu yerda ko‘p sonli yaradorlar orasida 10 yoshli bola ham bor. Shifokorlar uning holatini o‘ta og‘ir deb baholashgan.
«Dimonada ham, Aradda ham havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagan, ammo ular tahdidni bartaraf eta olmagan, natijada yuzlab kilogrammlik jangovar kallakka ega ballistik raketalar to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilgan», – deya xabar bergan isroillik o‘t o‘chiruvchilar.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham zarba joyiga tashrif buyurdi va Eron ustidan shikoyat qildi:
«Eron allaqachon minglab kilometrlarga zarba berishga qodirligini ko‘rsatdi – masalan, Diyego-Garsiyaga. Bu taxminan 4000 kilometr. Va ular masofani kengaytirishda davom etmoqda – ular allaqachon Yevropaga yetib borishlari mumkin.
Butun dunyoga tahdid solayotgan bu rejimni to‘xtatish kerak. Butun dunyo bu terrorchi va mutaassib tuzumga qarshi birlashishi uchun prezident Trampdan aniq signal kerak. Bu nafaqat AQSh va Isroilga, balki butun dunyoga tahdiddir. Va harakat qilish vaqti keldi».
Yadroviy obektlarga zarbalar almashinuvi
Hozirda raketalar Isroil havo hujumidan mudofaa tizimini qanday yengib o‘tganini aniqlash uchun tergov olib borilmoqda. Biroq, o‘tgan yozdagi 12 kunlik urush hatto bu tizim ham yuz foiz himoyani kafolatlay olmasligini ko‘rsatgandi.
Negev sahrosidagi Shimon Peres nomidagi yadroviy tadqiqot markazi («Dimona reaktori» deb ham ataladi) – uzoq vaqtdan beri Isroil o‘zining yashirin yadroviy arsenalini saqlaydigan joy hisoblanadi.
Rasman bu obekt faqat ilmiy tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan, ammo taxminan oltmish yil davomida Isroil aynan shu yerda yadroviy bomba yaratgani hech kimga sir emas.
Bu amalda uni mintaqadagi yagona yadroviy davlatga aylantirdi. Shu sababli, obekt hujum nishoni bo‘lishi mumkinligining har qanday belgilari mamlakat tomonidan maksimal darajada jiddiy qabul qilinadi.
Eron atom energiyasi tashkiloti Natanzga uyushtirilgan hujumni Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning buzilishi deb atadi, biroq radioaktiv materiallarning sizib chiqishi qayd etilmagani va qo‘shni hududlar aholisi uchun xavf yo‘qligini ma’lum qildi.
Natanz hozirgi urushning ilk kunlarida ham, o‘tgan yil iyunida bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urush davrida ham AQSh va Isroil tomonidan hujumga uchragandi.
Shanba kuni Isroil mudofaa armiyasi vakili isroillik harbiylar Natanzga qilingan navbatdagi hujumga aloqador emasligini ma’lum qilgandi.