Jahon | 13:01
6671
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp F-15 uchuvchilari qutqarilganini e’lon qildi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat qurolli kuchlari «AQSh tarixidagi eng dadil qidiruv-qutqaruv amaliyotlaridan biri»ni o‘tkazgani va Eron osmonida urib tushirilgan F-15 qiruvchisi ekipaji a’zosi bo‘lgan amerikalik harbiy qutqarilgani haqida ma’lum qildi.

«Bu jasur jangchi front chizig‘i tashqarisida, Eronning makkor tog‘larida, soat sayin yaqinlashib kelayotgan dushmanlar ta’qibi ostida edi. Ammo u hech qachon yolg‘iz qolmagan, chunki uning bosh qo‘mondoni, mudofaa vaziri, shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining raisi va safdoshlari tun-u kun uning qayerdaligini kuzatib, uni qutqarishga astoydil harakat qilishdi», – deya yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

U o‘z topshirig‘i bilan amerikalik harbiylarni qutqarish uchun jahondagi «eng ajalvor qurollar bilan jihozlangan» o‘nlab samolyotlar yuborilganini ta’kidlagan. Oq uy rahbari aniqlik kiritishicha, uchuvchi jarohatlangan, ammo «u bilan barchasi joyida bo‘ladi».

U AQSh harbiylari bundan oldinroq urib tushirilgan qiruvchi samolyotning boshqa uchuvchisini ham qutqarganini qo‘shimcha qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi amaliyotning borishiga ta’sir qilmasligi uchun bu ma’lumot haqida rasman e’lon qilinmagandi. Amerika prezidenti bu «amerikalik ikki uchuvchi dushman hududi ichkarisida alohida amaliyotlar orqali qutqarilishi bilan bog‘liq tarixdagi ilk holat» ekanini qayd etgan. Qutqaruv amaliyoti chog‘ida amerikalik harbiylardan hech biri jarohatlanmagan.

The New York Times nashri qiruvchi ekipaji a’zolari qutqarilishini amerikalik va eronlik harbiylar o‘rtasidagi «ikki kunlik hayot-mamot poygasi» deb atagan. Amerikalik ikkinchi uchuvchi 24 soatdan ortiq vaqt mobaynida tog‘-u toshlar orasida eronlik harbiylardan yashirinib yotgan, uning yonida faqat to‘pponcha bo‘lgan. Uning qayerdaligini amerikaliklar ham, eronliklar ham oldindan bilishmagan. NYT ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi Erondagilarni chalg‘itish uchun uchuvchi qutqarilgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatgan. Ko‘p o‘tmay MRB harbiyning joylashuvini aniqlagan va bu ma’lumotni Pentagonga yetkazgan, deydi gazeta manbalari. 

Zobitni qutqarish bo‘yicha amaliyotda maxsus topshiriqli bo‘linmalarning yuzlab jangchilari hamda boshqa harbiy xizmatchilar, shuningdek, Amerikaning o‘nlab jangovar samolyotlari va vertolyotlari ishtirok etgan. NYT suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning shturmchi samolyotlari Eron otryadlarini uchuvchi yashiringan hududga yaqinlashtirmaslik maqsadida o‘t ochgan.

3 aprel kuni The New York Times, Axios va boshqa nashrlar Eronda Amerikaning F-15 rusumli qiruvchisi qulagani haqida xabar tarqatdi. Keyinroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida A-10 Thunderbolt II rusumli samolyot ham halokatga uchragani ma’lum bo‘ldi. Erondagi nashrlar A-10 samolyotini urib tushirganini iddao qilishgan. A-10 uchuvchisi samolyotni Eron havo kengligidan tashqariga olib ketgan va shundan keyin muvaffaqiyatli katapultani amalga oshirgan. A-10 rusumli ushbu shturmovik ham F-15 uchuvchilarini qidirish bo‘yicha amaliyotga jalb etilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid