Jamiyat | 18:52 / 13.08.2024
12364
8 daqiqa o‘qiladi

“Talabalarim oldida uyalib qolmaslik uchun til o‘rgandim” – 67 yoshida ingliz tilidan B2 darajasini olgan otaxon

Abdug‘ofur Hotamov TATUning Samarqand filialida dars beradi. U 10 oy davomida o‘qib, ingliz tilidan B2 sertifikatini olgan. “Ko‘plab axborot texnologiyalariga aloqador terminlar ingliz tilida, talabalarning oldida uyalib qolmaslik uchun ingliz tili kursiga qatnay boshladim”, - deydi u Kun.uz’ga bergan intervyusida. Abdug‘ofur ota kuniga 2-3 soat ingliz tili bilan mustaqil shug‘ullanganini aytadi.

Yosh o‘tgani sari til o‘rganish qiyin, ammo oldingizga maqsad qo‘yishingiz kerak”

Hozir yoshim 67 dan 68 ga qarab ketyapti, lekin shunda ham ustozim Kamronbek bilan 10 oy davomida ingliz tilini o‘rganib, CEFR topshirishga qaror qildim va imtihon topshirib B2 sertifikatini oldim.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida dotsentman, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktoriman (PhD). 60 yoshimgacha telekommunikatsiya bo‘yicha ishlaganman. 2023 yil 1 oktyabr kuni o‘quv markazga borib ingliz tilidan kursga yozildim. O‘qituvchim – Kamronbek Isayev, o‘rtamizdagi yosh farqi 49-50 yosh, lekin ustozimning bilimlari yaxshi bo‘lgani uchun oktyabrdan to iyul oyigacha qattiq o‘qitdi. Chunki o‘qituvchining talabi juda kuchli edi. O‘zim ham berilgan topshiriqlarni bajarishga harakat qilardim, iyun oyida xalqaro CEFR imtihonini topshirib ko‘rdim va muvaffaqiyatli javob keldi.

Abdug‘ofur Hotamov

Ilmiy ishim sababli chet elga chiqib kelishim kerak edi, chetga chiqib keldim. Ingliz tilini o‘rganishdan asosiy maqsadim, ko‘plab axborot texnologiyalariga aloqador terminlar ingliz tilida bo‘lgani sababli talabalarning oldida uyalib qolmaslik uchun ingliz tili kursiga qatnay boshladim. Ustozim Kamronbekdan bilmagan narsalarimni o‘rganib oldim. Albatta yosh o‘tgani sari odamga til o‘rganish qiyin bo‘lar ekan, ammo men shu narsani qila olaman deb oldingizga maqsad qo‘yishingiz kerak ekan. Til o‘rganishdan asosiy maqsad – talabalarga inglizcha terminlarning tarjimasini o‘zim tushunib aytish.

Maqsad aniq bo‘lsa imkon topiladi” – Kamronbek Isayev (Abdug‘ofur Hotamovning ustozi)

Hozirgi vaqtda 18 yoshdaman va oxirgi 3 yil mobaynida ingliz tilidan dars berib kelyapman. Abdug‘ofur aka eng muvaffaqiyatli talabalarimdan biri. Yoshi katta o‘rganuvchilar juda ko‘p uchraydi, ammo shu yoshda til o‘rganishni oxirigacha olib bora olgan talabalar kam. Chunki ko‘pchilik 30 yoki 40 yoshdan o‘tgandan keyin o‘zlariga turli stereotiplarni o‘ylab topishadi. Yosh to‘sig‘ini olib tashlash kerak deb hisoblayman. Talabalarimga har doim “Maqsad aniq bo‘lsa imkon topiladi”, – deb aytaman. Chunki asosiy to‘siq moddiy tomonga borib taqalmaydi. Odam istasa, vaqt topa oladi bu narsaga.

Abdug‘ofur Hotamov va Kamronbek Isayev

Malayziyada o‘zim erkin erkin muloqot qila oldim” – Abdug‘ofur ota

Bugungi kunda izlanishdaman. Doctor of science darajasini olish niyatidaman. Talabalar bilan ishlash menga yoqadi, talablar gavjum bo‘lib turgan auditoriyaga kirganda ularga shuncha yillar davomida to‘plagan bilimimni o‘qitishdan zavqlanaman. CEFR topshirganimdan keyin bilimimni sinash maqsadida xorijga bir oyga borib keldim. Malayziyada bo‘lib qaytdim.

U yerda odamlar ikki tilda gaplashadi ko‘proq, bular: malay tili va ingliz tili. Ustozimdan tarjimon yollaymi deb so‘raganimda, barchasini o‘zingiz eplaysiz degan javobni olganman. Rostdan o‘zim erkin muloqot qila oldim.

Doimiy ravishda ingliz tilida videolar ko‘rish kerak” – Kamronbek

Abdug‘affor aka singari odamlarga dars berish jarayonidagi eng qiziq tomoni bu ulardagi darsga bo‘lgan qiziqishning ustunligi bo‘lgan. Vazifalarni ham qoldirmasdan bajarib kelishga harakat qilganlar doim. Hattoki Malayziyada bo‘lgan vaqtlarida ham kursdan qolib ketmasliklari uchun ular bilan onlayn tarzda ishladik birga. Har xil ingliz tilidagi videolarni to‘xtatmaslik, bu katta ijobiy jihat. Ular universitetda dotsent sifatida ishlaydilar, ingliz tilidan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish ular uchun qiyin. Ammo shunda ham berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga harakat qildilar

Abdug‘afur aka topshirgan imtihon xalqaro CEFR imtihoni bo‘lib, IELTS’ga o‘xshab ketadi. Milliy sertifikat imtihonidan narxi va ba’zi narsalari bilan farq qiladi.

Kuniga 2-3 soat shug‘ullanaman” – Abdug‘ofur ota

O‘qituvchim bilan 8-10 oy ichida natijaga erishdik, chunki o‘z ustingizda ishlasangiz albatta natija bo‘ladi. Universitetdagi ishlarimni bajarib bo‘lib, kechqurun uyga kelib ingliz tilidan berilgan topshiriqlarni bajarardim. Ingliz tili kursi seshanba, payshanba, shanba kunlari bo‘lib o‘tardi. Bundan tashqari universitetdagi darslarimga ham yarim soat tayyorgarlik ko‘rardim.

Chunki bugungi kun talabalari ancha bilimli, ularning oldida ularning savollariga javob berish uchun ham tayyorlanib borardim. Ingliz tilidan har kuni 2-3 soat shug‘ullanaman. Bo‘lmasa natijaga erishish qiyin. Tarjima qilish kerak bo‘lsa yoki speaking qilganimda telefonimga ovozimni yozib olardim, keyin o‘zimga yoqmasa o‘chirib tashlab yana qaytadan tayyorgarlik ko‘rib gapirardim.

Til o‘rganish odamni yoshartiradi” - Abdug‘ofur ota

Ba’zi odamlar yoshing 70 ga borganda ilmning nima keragi bor deyishadi. Ilm olishdan to‘xtamaslik kerak. Mening ustozlarimning ko‘pchiligi 90 yoshlarida ham ilm qilib yurishibdi. Qarilikda bilim olish qiyin, albatta. Ingliz tili kursida men bilan birga til o‘rganayotgan o‘quvchilarning aksariyati 6-7-sinf o‘quvchilari, ular bilan bir partada o‘tirishga uyalgan holatlarim ham bo‘lgan, ammo qariyalarga til o‘rganishni tavsiya qilaman. Til o‘rganish odamni yoshartiradi. To‘g‘ri, ancha mashaqqatli. Yoshlar “I am very glad to see you” degan iborani bir marta takrorlaganida esda qoldirishsa, menda bu narsa 40 martada esda qoladi, farqimiz shu, ammo men ko‘proq harakat qilishim kerak deb hisoblayman. Bolalarga aytadigan gapim, yoshlikda ilm o‘rganishga harakat qilinglar. Yoshlikdagi ilm toshga o‘yilgan naqsh bo‘ladi, lekin qarilikda ham ilm olishga biror chegara yo‘q.

Madina Ochilova suhbatlashdi. 

Mavzuga oid