Jahon | 18:18 / 17.02.2026
5775
5 daqiqa o‘qiladi

Urush xavfi kuchayayotgan bir paytda AQSh va Eron yadroviy muzokaralari boshlandi

AQSh Fors ko‘rfazi atrofida 2 ta aviatashuvchi bilan ulkan «armada»ni yig‘moqda. Eron esa Hormuz bo‘g‘ozida Rossiya va Xitoy ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Ushbu keskinlik fonida Jyenevada AQSh–Eron muzokaralari boshlandi.

Arab dengizidagi “Abraham Lincoln” avitashuvchisi / Foto: US CENTCOM

17 fevral kuni Jyenevada AQSh va Eron vakillari uzoq yillardan beri davom etayotgan yadroviy mojaro yuzasidan bilvosita muzokaralarni boshladi. Masaladan xabardor Reuters manbasiga ko‘ra, muzokaralarda AQSh vakili Stiv Uitkoff va Jared Kushner, shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ishtirok etadi.

Muzokaralarga O‘mon vositachilik qilmoqda. Uchrashuv BMTdagi O‘mon elchisi qarorgohida bo‘lib o‘tmoqda. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ham Jyenevadagi muzokaralarda «bilvosita» ishtirok etishini va Tehron kelishuvga erishishni istayotganiga ishonishini aytgandi. Lekin Tramp bu muzokaralarda ishtiroki qanday bilvosita bo‘lishini ochiqlamadi.

«Ular kelishuv qilmaslik oqibatlarini istamaydi deb o‘ylayman. Ularning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish uchun B2 samolyotlarini yuborish o‘rniga kelishuvga erishishimiz mumkin edi. Va biz B2ʼlarni yuborishga majbur bo‘ldik», dedi Tramp dushanba kuni Air Force One bortida.

Jyenevadagi O‘mon elchisi qarorgohi / Foto: Reuters

Eronning yuqori martabali rasmiysiga ko‘ra, AQShning sanksiyalarni bekor qilish borasidagi jiddiyligi va noreal talablar qo‘ymasligi – Jyenevadagi samarali muzokaralar uchun hal qiluvchi omildir. Ismi oshkor etilishini istamagan rasmiy Tehron muzokaralarga «samimiy va konstruktiv takliflar» bilan kelayotganini bildirdi.

Muzokaralarning asosiy maqsadi nima?

Tehron va Vashington o‘nlab yillik mojarosi bo‘yicha muzokaralarni joriy yil 6 fevral kuni yana tikladi.

AQSh va uning ittifoqchisi Isroil – Eron Isroil mavjudligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan yadroviy qurol yaratishga intilmoqda deb hisoblaydi. Eron esa yadroviy dasturi mutlaqo tinch maqsadlarda ekanini aytadi. Ammo u uranni elektr ishlab chiqarish uchun zarur darajadan ancha yuqori, bomba uchun kerakli darajaga yaqin darajada boyitgani aytiladi.

Eron «Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risida»gi shartnomaga qo‘shilgan. Bu kelishuv davlatlarga atom qurolidan voz kechish, BMTning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi bilan hamkorlik qilish evaziga fuqarolik yadroviy energetikasini rivojlantirish huquqini kafolatlaydi.

Abbos Araqchi va MAGATE rahbari Rafael Grossi / Foto: Reuters

Eron tashqi ishlar vaziri Araqchi dushanba kuni Jyenevada MAGATE rahbari Rafael Grossi bilan uchrashib, agentlik bilan hamkorlik va AQSh bilan bo‘ladigan muzokaralarning texnik jihatlarini muhokama qildi.

Bunday kelishuvni imzolamagan Isroil esa o‘nlab yillardan beri davom etayotgan noaniqlik siyosati doirasida yadroviy qurolga egaligini na tasdiqlaydi, na inkor etadi. Bu siyosat atrofdagi raqiblarni tiyib turishga qaratilgan.

Reutersʼning yozishicha, olimlar Isroil 1966 yilda ilk bombani qo‘lga kiritgan deb hisoblaydi. Harbiy senzura bilan cheklangan mahalliy jurnalistlar esa odatda bunday salohiyat haqida bilvosita gapiradi yoki xorijiy OAV xabarlariga tayanadi.

Muzokaralardagi yangi talablar

Vashington muzokaralar doirasini Eronning raketa zaxiralari kabi yadroviy bo‘lmagan masalalarga kengaytirishga urinmoqda. Tehron esa faqat yadroviy dasturiga qo‘yiladigan cheklovlarni — sanksiyalar yengillashtirilishi evaziga muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, Eron uran boyitishni to‘liq to‘xtatmasligini hamda raketa dasturini muhokama qilmasligini bildirgan.

Isroilning qo‘shishga uringan talablaridan yana biri – Eron husiylar, «Hizbulloh» kabi mintaqadagi proksi kuchlari bilan hamkorlikdan voz kechishi kerak. Lekin bu masala hal bo‘lishi ham dargumon.

Dushanba kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Budapeshtdagi matbuot anjumanida Eron bilan kelishuvga erishish qiyinligini, biroq AQSh bunga urinib ko‘rishga tayyor ekanini aytdi.

Ushbu muzokaralar fonida – iyun oyidagi AQSh va Isroilning zarbalari, shuningdek, yashash xarajatlari inqiroziga qarshi namoyishlari tufayli Eronda hokimiyat biroz zaiflashganday tuyulmoqda. Bundan tashqari, AQSh hozir mintaqaga ulkan dengiz harbiy armadasini joylashtirgan.

Hormuz bo‘g‘ozidagi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar

AQShning ikki rasmiysiga ko‘ra, agar Tramp hujum qilishni buyursa, AQSh harbiylari Eronga qarshi bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Eron esa dushanba kuni muhim xalqaro suv yo‘li va neft eksporti marshruti bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlarni boshladi.

Mahalliy OAVlarga ko‘ra, Rossiya va Xitoy Hormuz bo‘g‘ozida o‘tkaziladigan «Dengiz xavfsizligi kamari — 2026» mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun kemalar yuborgan. 

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid