O‘zbekiston | 09:09 / 14.04.2026
1575
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektron tijorat uchun bond omborlari tashkil etiladi

O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish maqsadida yangi ombor tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, maxsus bond omborlari orqali onlayn savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Foto: iStock

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–136-son, 2026 yil 13 aprel) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari tashkil etiladi.

Eksperiment doirasida bond omborlari erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil qilinadi. Ularda saqlanayotgan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan platformalar orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, bond omborlariga tovarlar erkin ombor bojxona rejimi asosida joylashtiriladi va ularni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi.

Mazkur omborlardan tovarlarni jismoniy shaxslarga sotishda jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi. Bunda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati kabi ayrim talablar qo‘llanmasligi ko‘zda tutilgan.

Ushbu tartib elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirish, tovar aylanmasini tezlashtirish hamda onlayn savdo imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid